Foto: picture-alliance/AP Photo/E. Gurel
Turkiya qurolli kuchlari Iroq shimolidagi Metina, Hakurk, Qandil va Gara tumanlarida Turkiya, Yevropa Ittifoqi va AQSH tomonidan rasman terrorchi tashkilot deb tan olingan Kurdiston ishchilar partiyasi (KIP) obyektlariga havodan zarbalar berdi. Bu haqda Turkiya Mudofaa vazirligining 1 oktyabr, yakshanba kuni kechqurun e’lon qilingan bayonotida aytiladi. «KIP tomonidan foydalanilgan g‘orlar, bunkerlar, boshpana va omborlardan iborat jami 20 ta obyekt yo‘q qilindi», — deya ta’kidladi Mudofaa vazirligi.
Hujumlar davomida «ko‘p sonli terrorchilar zararsizlantirildi», deya ta’kidladi mahkama. Bayonotda aytilishicha, amaliyot davomida tinch aholi, tarixiy-madaniy boyliklar va atrof-muhitga zarar yetkazmaslik uchun barcha ehtiyot choralari ko‘rilgan. Turkiya Mudofaa vazirligining ta’kidlashicha, Turkiya Qurolli kuchlari «mamlakat va xalqning omon qolishi va xavfsizligi uchun» terrorizmga qarshi kurashni davom ettiradi.
Shu kuni Iroqning Turkiya va Eron bilan chegarasiga yaqin joylashgan Sidakan shahri meri AFP agentligiga Bradost hududi va Badran qishlog‘i bombardimon qilinganini aytdi. Kurdlarning Rudaw nashri Iroq shimolidagi, KIPning Eron bilan chegarasi yaqinidagi tayanchi hisoblangan Qandil tog‘lariga havo hujumlari berilganini tasdiqladi.
Turkiya Ichki ishlar vazirligi binosi yaqinida portlash yuz berdi
1 oktyabr kuni ertalab Anqaradagi Turkiya Ichki ishlar vazirligi binosi yaqinida portlash sodir bo‘ldi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakat parlamenti yaqinida joylashgan mahkama binosiga uyushtirilgan hujumni ikki kishi avtomobilda Ichki ishlar vazirligi qo‘riqlash bosh boshqarmasining kirish eshigi tomon borgan holda amalga oshirgan. Ulardan biri xavfsizlik kuchlari tomonidan otib o‘ldirilgan, ikkinchisi xudkushlik hujumini amalga oshirgan.
Hodisa oqibatida ikki nafar turk politsiyachisi yengil jarohat olgan. KIP hujum uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga oldi va portlashni o‘ziga aloqador «O‘lmas batalon» guruhi amalga oshirganini bildirdi.
Turkiya armiyasi Iroq shimolidagi KIP jangchilari va ularning pozitsiyalariga muntazam hujumlar uyushtirmoqda, deya aniqlik kiritdi AFP. Kurdiston ishchilar partiyasi 1984 yildan beri Turkiya davlatiga qarshi kurashib keladi. To‘qnashuvlarda allaqachon o‘n minglab odamlar halok bo‘lgan.