Foto: AP
Polsha Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari mamlakat prezidenti Anjey Duda ma’muriyati mashinasidan josuslik kuzatuv moslamasini topishdi. Ushbu mashina prezidentning Ukrainaga safari chog‘ida kortejga kiritilgan edi, deb yozdi Tvn24.
Qayd qilinishicha, mashinaga manzilni onlayn kuzatish imkonini beruvchi qurilma o‘rnatilgan. Xavfsizlik mutaxassislari an’anaviy tarzda avtomobildan portlovchi moslamani izlagan paytda, shunday qurilmani topib olishgan. Uni mashinaga kim va qachon o‘rnatgani ma’lum emas.
Tvn24 xabariga ko‘ra, gap prezidentning limuzini haqida ketayotgani yo‘q. Mashina ushbu qurilma bilan bir necha oy davomida harakatlangan bo‘lishi mumkin. Bu vaqt ichida u ko‘pincha prezident kortejiga, jumladan, Ukrainaga qilgan safari vaqtida ham kiritilgan.
Duda korteji odatda uchta mashinadan iborat: davlat rahbari minadigan asosiy mashina va ikkita xavfsizlik mashinasi. Ulardan biri oldinda, ikkinchisi orqada harakatlanadi. Xavfsizlik xizmatining roziligi bilan kolonna tarkibiga boshqa mashinalar ham kiritilishi mumkin, masalan, prezident devoni mansabdor shaxslariniki.
Tvn24 prezident devonidan holat bo‘yicha ma’lumot so‘ragan. Ammo matbuot xizmati so‘rovga javoban «Polsha Respublikasi prezidenti xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha izoh bermasligini» ta’kidlagan.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring