Foto: Prezident matbuot xizmati
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiyaning milliy bayrami – Respublika e’lon qilingan kunning 100 yilligi munosabati bilan prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘anga tabrik yo‘lladi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Maktubda xalqlarimiz o‘rtasidagi umumiy til, mushtarak urf-odatlar, o‘zaro hurmat va hamjihatlik tamoyillariga asoslangan keng qamrovli strategik sheriklik aloqalari so‘nggi yillarda sifat jihatidan yuksak bosqichga ko‘tarilgani ta’kidlangan. Shuningdek, bu ikki davlat munosabatlarida yangi tarixiy davrni boshlab bergani mamnuniyat bilan ta’kidlandi.
“Nasib etsa, Siz bilan birgalikda xalqlarimizning umumiy ravnaqini ta’minlash yo‘lida kelishib olgan barcha yirik loyiha va aniq dasturlarni to‘liq amalga oshiramiz hamda ko‘zlagan ulkan marralarimizga albatta erishamiz”, — deyiladi jumladan qutlovda.
Shavkat Mirziyoyev, shuningdek Turkiya yetakchisi va oila a’zolariga sihat-salomatlik, mas’uliyatli davlatchilik faoliyatida yangi zafarlar, qardosh turk xalqiga esa tinchlik-omonlik, bardavom taraqqiyot va yuksalishlar yor bo‘lishini tilagan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!