16:00 / 05.11.2023
611

Italiya bosh vaziri rossiyalik prankerlar bilan suhbatda «ko‘plar Ukrainadan charchagani»ni aytib qo‘ydi

Italiya bosh vaziri rossiyalik prankerlar bilan suhbatda «ko‘plar Ukrainadan charchagani»ni aytib qo‘ydi
Foto: Leon Neal / Reuters / Scanpix / LETA

Italiya bosh vaziri Jorjiya Meloni kremlparast prankerlarning hiylasiga «laqqa tushib» ular bilan telefonda gaplashdi. Meloni suhbat davomida Yevropada ko‘pchilik Ukrainadan charchagani haqida gapirgan. Melonining ruslar «qopqoniga tushgani» muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

«Afrikalik siyosatchi» niqobidagi ruslar

Kremlparast prankerlar Vovan (Vladimir Kuznetsov) va Leksus (Aleksey Stolyarov) o‘zlarini afrikalik siyosatchilar deb tanishtirib, Italiya bosh vaziri Jorjiya Meloni bilan muloqot qilib, ingliz tilidagi suhbat audiosini tarqatib yubordi.

13 daqiqalik suhbat prankerlarning sahifasida 1 noyabr kuni e’lon qilingan. Suhbat davomida Italiya va Yevropadagi migratsion inqiroz, g‘alla bitimi va Rossiyaning Ukrainaga bosqini muhokama qilingan.

Soxta siyosatchilardan biri suhbat davomida Melonidan Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi mojaro haqida qanday fikrda ekanini so‘ragan.

«Bilasizmi, ko‘pchilik Ukrainadan charchadi. To‘g‘risini aytadigan bo‘lsam, biz hamma bu vaziyatdan chiqish kerakligini anglaydigan holatga yaqinlashyapmiz. Ikki tomonga ham manfaatli, o‘z navbatida xalqaro huquqqa zid bo‘lmagan tarzda vaziyatdan chiqish kerak. Bu borada o‘z fikrlarim bor, vaqti kelganda ularni bildiraman», degan Italiya bosh vaziri.

Suhbatdoshlar Melonidan Ukraina muvaffaqiyatga erishgani yoki yo‘qligi haqida so‘rashgan.

«Ukraina barchamiz bahorda kutganimiz kabi muvaffaqiyatli bo‘lib chiqmadi. Ukraina qarshi hujumi, aftidan, kutilganidek ketmayapti. U davom etmoqda, lekin mojaro taqdirini o‘zgartiradigan darajada emas. Agar biz chiqish yo‘lini topmasak, mojaro uzoqqa cho‘zilishi mumkin», degan Italiya yetakchisi.

Italiya bosh vazirining gaplari tezda nafaqat rus nashrlarida, Italiya gazetalarida ham tarqaldi. Mamlakatning yetakchi nashrlaridan biri Corriera della Sera'ning yozishicha, bu suhbatda noodatiy hech narsa yo‘q va Meloni shundog‘am avval aytgan pozitsiyasini takrorlagan. Jorjiya Meloni boshqaradigan «Italiya birodarlari» partiyasining deputatlar palatasidagi yetakchisi Tomazzo Foti ham bosh vazir hech qanaqa tuzoqqa tushmagani, rossiyaliklar bilan suhbatda keyinchalik noqulay ahvolda qoladigan hech nima demaganini aytgan. Uning fikricha, Meloni xonim shunchaki o‘z pozitsiyasini takrorlagan.

«Orban bilan bir qatorda»

Italiya bosh vazirini ko‘p tanqid qiqladigan Affaritaliani nashriga ko‘ra esa Meloni Ukraina bo‘yicha aytgan gaplari orqali o‘zini Vengriya hukumati rahbari Viktor Orban va Slovakiyaning yangi bosh vaziri Robert Fitso bilan bir darajaga tushirib qo‘ygan. Nashrda yozilishicha, Melonining rossiyalik firibgarlar bilan suhbati Italiyaning «Katta yettilik» davlatlari, xususan AQSH bilan munosabatlariga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Axir Jo Bayden ko‘p marta G‘arb Ukrainaga qancha kerak bo‘lsa, shuncha yordam berishi haqida gapirgan.

Italiya bosh vazirining diplomatik maslahatchisi Franchesko Taloning ofisiga ko‘ra, rossiyalik firibgarlar Italiya yetakchisi bilan 18 sentyabr kuni gaplashgan. Suhbat 19-21 sentyabr kunlaridagi BMT Bosh assambleyasi arafasida «Italiya hukumatining afrikalik liderlar bilan muloqotini kuchaytirish» mavzusida o‘tkazilgan.

«Italiya hukumati diplomatik maslahatchisi ofisi o‘zini Afrika kengashi komissiyasi prezidenti deb tanishtirgan firibgarlar bilan muloqot o‘tkazilganidan afsusda», deyiladi ofis bayonotida. Unda Italiya tomoni bu prank bo‘lgani haqida qachon xabar topgani aytilmagan.

Corriera della Sera'ning yozishicha, bu bayonotdan noqulay holat uchun mas’uliyatni Melonining maslahatchisi Talo o‘z gardaniga olgandek taassurot uyg‘onadi. Nashrga ko‘ra, Franchesko Talo bu ish ortidan iste’foga chiqmoqchi. Affaritaliani nashri Jorjiya Meloni bu suhbat prank ekanini bilgach, qattiq asabiylashgani, tez orada suhbatga javob berganlar borasida jiddiy qaror qabul qilishini yozgan.

Rossiyalik firibgarlar Kuznetsov va Stolyarovning La Pressa nashri bilan suhbatda aytishicha, ular italiyalik mulozimlarga telefon raqamlarini qoldirganidan keyin Melonining o‘zi ularga telefon qilgan. Ular Italiya bosh vaziri bilan suhbatlashishga qanday erishgani haqida gapirishni istamagan. Shuningdek, firibgarlar Kreml va Rossiya hukumati bilan aloqalarini ham rad etgan. Ularning fikricha, Melonining himoyachilari uchun ikki pranker Italiya bosh vaziri xavfsizlik tizimini buzib o‘tganini aytgandan ko‘ra bu maxsus xizmatlar ishi bo‘lgani haqida gapirish qulay.

Ukrainada Meloni xonimning gaplariga munosabat bildirishmagan. Italiyada esa nafaqat uning aytgan gaplari, balki Italiya bosh vaziri xavfsizligi borasida muammolar keng muhokama qilinmoqda. Italiya muxolifatida rossiyalik firibgarlar bilan suhbat mamlakatni sharmanda qilganini aytishmoqda.

«Italiya va Jorjiya Meloni uchun qanday sharmandalik. Kijida (Rimdagi Italiya bosh vaziri qarorgohi) bir necha yil ishlagan odam sifatida Italiya va Melonini kulgiga qo‘yadigan bunday ishgacha qanday yetib borish mumkinligiga hayron qolyapman», degan «Viva Italiya» partiyasi yetakchisi Matteo Rensi.

Italiya sobiq bosh vaziri va «Besh yulduz harakati» partiyasi yetakchisi Juzeppe Konte bosh vazir protokoli bu qadar oson aldanganini eshitib noqulay ahvolga tushganini aytdi.

«Meloni afrikalik yuqori martabali mulozim bilan gaplashyapman deb o‘ylab aslida rossiyalik firibgarlar bilan gaplashgan va biz uchun juda nozik masala bo‘lgan migrantlar va urush haqida davlat pozitsiyasni oshkor qilgan. Juda jiddiy xato», deb yozgan Konte o‘z sahifasida.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo