11:00 / 08.11.2023
386

AQSH Senati Isroilga yordam ko‘rsatish loyihasini blokladi

AQSH Senati Isroilga yordam ko‘rsatish loyihasini blokladi

Foto: 123RF/rabbit75123

AQSH Senati 7 noyabr, seshanba kuni Isroilga Falastinning HAMAS tashkilotiga qarshi kurashida Ukrainaga bir vaqtning o‘zida ko‘mak ko‘rsatmasdan yordam berish uchun 14,3 milliard dollar ajratish haqidagi qonun loyihasini blokladi. Avvalroq, 2 noyabr kuni u respublikachilar ko‘pchilik bo‘lgan Vakillar palatasi tomonidan ma’qullangan, biroq demokratlar ustunlikka ega bo‘lgan AQSH Kongressining yuqori palatasida ovoz berishdan o‘ta olmadi.

Agar Senat qonun loyihasini ma’qullaganida, u AQSH prezidenti Jo Baydenga imzolash uchun taqdim etilgan bo‘lardi, biroq Oq uy Bayden ikki palatada ovoz berishdan o‘tgan taqdirda ham hujjatga veto qo‘yishi va imzolashdan bosh tortishi haqida oldindan ogohlantirgan.

Isroilga yordam bo‘yicha qonun loyihasi

Vakillar palatasi respublikachilari tomonidan 30 oktyabrda ilk bor taqdim etilgan qonun loyihasi palata yangi spikeri Mayk Jonson davridagi birinchi yirik qonunchilik tashabbusi hisoblanadi. Uning mohiyati faqat Isroilga yordam ko‘rsatish, jumladan, Isroilning «Temir gumbaz» va «Dovud choponi» havo mudofaa tizimlarini sotib olish uchun 4 milliard dollar, shuningdek, «Temir nur» tizimini rivojlantirish uchun 1,2 milliard dollar ajratishdan iborat edi.

Qonun loyihasi kiritilgach, u AQSH senatorlari tomonidan tanqid qilindi. Shu tariqa, 31 oktyabr kuni Senatdagi respublikachilar yetakchisi Mitch Makkonnel qonun loyihasiga to‘rtta hudud – Ukraina, Isroil, Tayvan va AQSHning Meksika bilan chegarasiga tegishli choralarni kiritish zarurligini ta’kidladi.

O‘z navbatida, Senatdagi demokratik ko‘pchilik yetakchisi Chak Shumer Vakillar palatasida taqdim etilgan qonun loyihasini «bema’ni taklif» deb atadi. Agar u quyi palata tomonidan qabul qilinsa, Senatda hech qanday imkoniyati bo‘lmaydi, dedi u jurnalistlarga.

Bayden Kongressdan Isroil va Ukrainaga yordam so‘radi

Avvalroq, 20 oktyabr kuni Jo Bayden AQSH Kongressiga Ukrainaga bir yil muddatga 61,4 milliard dollar miqdorida moliyaviy yordam, shuningdek, Isroil mudofaasini mustahkamlash uchun 14,3 milliard dollar hamda qo‘shimcha mablag‘ sifatida 31 milliard dollar, jumladan, Falastin aholisiga yordam berish uchun 10 milliard dollar, AQSH-Meksika chegarasini himoya qilish uchun 13,6 milliard va boshqa milliy xavfsizlik ustuvorliklari uchun 7,4 milliard ajratish so‘rovini yuborgan edi. AQSH prezidenti Kongressdan so‘ragan mablag‘ning umumiy miqdori 106,7 milliard dollarni tashkil etdi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo