Putinning urush boshlanganidan beri birinchi to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqoti qachon o‘tkazilishi aytildi
Foto: Gavriil Grigorov / TASS
Kreml 14 dekabrni Rossiya prezidenti Vladimir Putinning to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqoti va asosiy matbuot anjumani uchun asosiy sana sifatida ko‘rmoqda. Bu haqda 10 noyabr, juma kuni voqealarga tayyorgarlik bilan tanish bo‘lgan ismi oshkor etilmagan ikki suhbatdoshiga tayanib, RBK agentligi xabar berdi.
Putin rossiyaliklarning savollariga javob beradigan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot 2001 yildan beri mavjud. Uning fuqarolar bilan ushbu formatdagi bo‘lajak muloqoti 2022 yil fevralida Rossiyaning Ukrainada harbiy harakatlar boshlaganidan keyingi birinchisi bo‘ladi.
To‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot va matbuot anjumanining birlashtirilishi
Bir necha kun oldin Rossiya prezidentining to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqoti va katta matbuot anjumani bu yil bir vaqtning o‘zida o‘tkazilishi ma’lum bo‘ldi. Kreml format o‘zgarishi sababiga aniqlik kiritmadi.
O‘tgan yillarda to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot odatda yozda, katta matbuot anjumani esa qishda bo‘lib o‘tgan. 2020 yilda, COVID-19 pandemiyasi davrida dekabr oyida faqat matbuot anjumani o‘tkazildi. 2022 yilda hech qanday tadbir o‘tkazilmagan.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring