16:23 / 13.11.2023
270

AQSH Suriyadagi Eron IIMK obyektlariga zarba berdi

AQSH Suriyadagi Eron IIMK obyektlariga zarba berdi
Foto: Baderkhan Ahmad/AP/picture alliance

AQSH harbiylari Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) va Eronga aloqador guruhlarning Suriyadagi obyektlariga zarbalar berdi. Bu haqda AQSH mudofaa vaziri Lloyd Ostin 12 noyabr, yakshanba kuni xabar qilgan.

Zarbalar Iroq va Suriyadagi Amerika qo‘shinlariga qarshi davom etayotgan hujumlarga javoban amalga oshirildi, dedi Ostin. Uning so‘zlariga ko‘ra, maqsadli zarbalar Abu Kamol shahri yaqinidagi o‘quv maskani va Mayadin yaqinidagi uyga berilgan.

«Prezidentda amerikalik xodimlar xavfsizligidan ustunroq narsa yo‘q va u bugungi harakatlar Qo‘shma Shtatlar o‘zini, o‘z xodimlarini va manfaatlarini himoya qilishini aniq ko‘rsatib qo‘yishi kerakligini buyurdi», — deyiladi Pentagon bayonotida.

OAV AQSH obyektlariga yangi hujum haqida xabar berdi 

AQSHning zarbasi haqidagi ma’lumotdan so‘ng Al Mayadeen telekanali manbalarga tayanib, 13 noyabrga o‘tar kechasi AQSHning Suriyadagi harbiy bazalariga yangi hujumlar uyushtirilgani haqida xabar berdi. «Uchta kamikadze dron Suriya shimoli-sharqidagi Xasaka viloyati janubida Al-Shaddoddagi Amerika bazasiga hujum qildi», dedi telekanal suhbatdoshi. Bundan tashqari, telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, Suriya sharqida, «Koniko» koni yaqinida joylashgan AQSHning yana bir bazasi o‘qqa tutilgan.

Al Mayadeen manbasi hujumni AQSHning Mayadin va Abu Kamol hududlaridagi obyektlariga berilgan zarbaga «javobning ikkinchi qismi» deb atadi. Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, «Koniko» bazasiga uyushtirilgan hujum natijasida to‘rt nafar amerikalik harbiy halok bo‘lgan. Ushbu ma’lumotni rasman tasdiqlash imkoni yo‘q.

Suriyadagi AQSH kontingentiga hujumlar ortib boryapti

Bu 26 oktyabrdan beri AQSHning Suriya va Iroqdagi kontingentiga Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan kuchlar tomonidan amalga oshirilayotgan uchuvchisiz uchoqlar va raketa hujumlariga javoban uchinchi zarbadir.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, AQSHning Iroq va Suriyadagi kuchlari so‘nggi haftalarda kamida 40 marotaba hujumga uchragan. Kamida 45 nafar amerikalik askar jarohat olgan. Pentagon hujumlarni «kichik miqyosda», ammo «bezovta qiluvchi va xavfli» deb atadi hamda AQSH harbiylari hujumlarga maqsadli zarbalar bilan javob berganini qo‘shimcha qildi.

Suriya va Iroqdagi AQSH kontingenti mos ravishda 900 va 2500 kishini tashkil qiladi. Bu kuchlar ISHIDning qayta tiklanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun mahalliy kuchlarga yordam va maslahat berish uchun u yerga joylashtirilgan, deb eslatadi Reuters.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo