
Ukraina Qurolli Kuchlari 21-noyabr kechasi Odessa viloyatida Rossiya tomonidan uchirilgan kamyob razvedka dronini urib tushirdi. Mohajer-6 nomli dron Erondan sotib olingan. Bu haqda mamlakat Havo kuchlari qo‘mondonligi o‘zining Facebook’dagi sahifasida ma’lum qildi.
Xabarda aytilishicha, dron dengiz ustida urib tushirilgan. “2023 yil 21 noyabr kuni Odessa viloyatida Janub havo qo‘mondonligi havo hujumidan mudofaa kuch va vositalari yordamida Mohajer-6 razvedka droni yo‘q qilindi”, — deyiladi xabarda.
Mohajer-6 uchuvchisiz boshqariladigan uchish qurilmasi zarbalar berish va razvedka ishlari uchun mo‘ljallangan. U boshqariluvchan to‘rtta raketani va 100 kilogrammgacha apparaturani ko‘tara oladi. Dronning parvoz uzoqligi 200 kilometrga yetadi, ishlash davomiyligi — 12 soatgacha. Maksimal parvoz balandligi — 5,4 kilometr.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya Erondan bu kabi dronlarning 30 tasini sotib olgan. AQSH mediasi bu haqda 2022-yil sentyabrda yozgandi. O‘shanda birinchi Mohajer-6 Ukraina janubida urib tushirilgan edi.
Rossiya qo‘shinlari 10-noyabr kechasi Ukraina hududiga oltita Shahed-136/131 kamikadezde dronlarini, shuningdek, X-31 va X-59 boshqariluvchan aviatsiya raketalari bilan hujum uyushtirgandi. Uchuvchisiz boshqariladigan uchish qurilmalari Krasnodar o‘lkasi, raketalar esa Xerson viloyatining egallab olingan hududidan uchirilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!