Dunyo liderlari Dubayga yig‘ilmoqda. Shavkat Mirziyoyev birinchilar qatorida so‘zga chiqadi
Arxiv foto: Prezident matbuot xizmati
Shavkat Mirziyoyev BAAning Dubay shahrida bo‘lib o‘tayotgan iqlim o‘zgarishi bo‘yicha BMT konferensiyasida ishtirok etmoqda. O‘zbekiston prezidenti 140 dan ortiq davlat va hukumat rahbarlari orasida o‘ninchi bo‘lib so‘zga chiqadi.
BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha har yili bo‘ladigan xalqaro konferensiyalari tashkilotning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hadli konvensiyasi asosida o‘tkaziladi.
O‘zbekiston Respublikasi BMTning ushbu hadli konvensiyasiga 1993 yilda qo‘shilgan, 2018 yilda Parij bitimi ishtirokchisi bo‘lgan.
Har yillik konferensiyalarda konvensiyaga qo‘shilgan va kuzatuvchi davlatlar rasmiylari iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda erishilgan yutuq va kamchiliklarni muhokama qiladi, shuningdek, rivojlangan davlatlarning issiqxona gazlarini qisqartirish bo‘yicha huquqiy majburiyatlari bajarilishini ko‘rib chiqadi.
Bu yilgi sammit Dubayda bo‘lib, unda 140 dan ortiq davlat va hukumat rahbarlari ishtirok etadi va 1–2 dekabr kunlari bo‘ladigan tadbirlarda so‘zga chiqadi. Bugun, 1 dekabr kungi tadbirlar mahalliy vaqt bilan soat 14:00da (Toshkent vaqti bilan 15:00) Birlashgan Arab Amirliklari prezidenti Shayx Muhammad bin Zayid ol Nahayoyanning nutqi bilan boshlanadi.
Konferensiyada Osiyodan mezbon mamlakat BAA prezidentidan tashqari, Markaziy Osiyoning beshta respublikasi, Turkiya, Ozarboyjon, Misr, Falastin va Isroil prezidentlari, Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi, Qatar amiri, Iordaniya va Bahrayn qirollari, Yaponiya, Pokiston va Armaniston bosh vazirlari va boshqalar ishtirok etadi.
G‘arb davlatlaridan Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Niderlandiya, Daniya, Belgiya, Chexiya, Norvegiya va Portugaliya bosh vazirlari, Fransiya, Shveysariya, Ispaniya, Avstriya, Vengriya, Slovakiya, Serbiya, Polsha, Ukraina, Estoniya va Braziliya prezidentlari, shuningdek, Yevropa Kengashi va Yevropa Komissiyasi prezidentlari ishtirok etadi.
30 noyabrdan boshlangan konferensiya ishi 12 dekabrgacha davom etadi. Shundan 1–2 dekabr kunlari 141 ta davlat va hukumat rahbari 3 daqiqadan oshmaydigan nutq bilan chiqish qiladi. Ular orasidan AQSH va Rossiya rasmiylari o‘rin olmagan. Xitoy raisi nomidan esa uning maxsus vakili so‘zga chiqishi kutilmoqda.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Dubayga 30 noyabr kuni yetib bordi. Davlat rahbari yalpi sessiyada nutq so‘zlashdan tashqari, 1-2 dekabr kunlari xorijiy mamlakatlarning davlat va hukumatlari, xalqaro tashkilotlar va yetakchi kompaniyalar rahbarlari bilan qator uchrashuv va muzokaralar o‘tkazishi ham ko‘zda tutilgan.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring