date
views 111

Sud Trampning Kapitoliyga bosqin ishini yopish haqidagi iltimosini rad etdi

Sud Trampning Kapitoliyga bosqin ishini yopish haqidagi iltimosini rad etdi

Foto: Reuters

AQSH okrug sudyasi Tanya Chutkan 45-prezident Donald Trampning 2021 yil 6 yanvarda Kapitoliyga bosqin uchun jinoiy ta’qibni bekor qilish haqidagi ikkita iltimosini rad etdi, deb xabar bermoqda Reuters.

2020 yilgi saylovda mag‘lub bo‘lganidan keyin hokimiyatni saqlab qolishga urinishda ayblangan Tramp prezidentlik daxlsizligidan kelib chiqib, ishni tugatishni so‘ragan. Ikkinchi so‘rovida u AQSH konstitutsiyasidagi so‘z va yig‘inlar erkinligini kafolatlaydigan tuzatishni ro‘kach qilib ko‘rsatgan.

Sudya Tanya Chutkan o‘z qarorida sobiq prezidentlar boshqa fuqarolar singari jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkinligini aytdi. Sudya konstitutsiya sobiq prezidentlar hukumatda bo‘lgan vaqtida sodir etgan jinoyatlari uchun mutlaq daxlsizlikni ta’minlay olmaydi, degan xulosaga keldi.

"Lavozimdagi prezident qanday immunitetlarga ega bo‘lishidan qat’i nazar, Qo‘shma Shtatlarda bittagina ijrochi hokimiyat mavjud, prezidentlik “umrbod qamoqdan ozod etilish” kartasi bo‘la olmaydi", — dedi sudya o‘z qarorida.

Trampning advokati Todd Blansh sud qaroriga izoh berishdan bosh tortdi.

AQSH Adliya vazirligining maxsus prokurori Jek Smit Trampni 2020 yilgi AQSH prezidentlik saylovlarida ovozlarni sanab chiqishga xalaqit berish, shuningdek, Kongressning Jo Baydenning saylovda g‘alaba qozonganini tasdiqlashiga to‘sqinlik qilishga urinishda aybladi. Tramp aybini tan olishdan bosh tortdi va prokurorlarni uning qayta saylanish kampaniyasiga zarar yetkazishga urinishda aybladi.

Trampga qarshi ayblov qo‘yilgan eng og‘ir jinoyatlar uchun maksimal jazo 20 yillik qamoqdir. Sud jarayoni 2024 yilning martida boshlanishi rejalashtirilgan, biroq Trampning ehtimoliy murojaatlari tufayli u qoldirilishi mumkin, deb yozdi Reuters.

Donald Tramp federal ayblovlarga duch kelgan birinchi AQSH prezidentiga aylandi. Shu bilan birga, u 2024 yilgi saylovlarda Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod bo‘lish uchun kurashda favorit sanaladi. U aybdor deb topilib, qamoqqa yuborilgan taqdirda ham AQSH prezidentligiga nomzodini qo‘yishi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Sud Trampning Kapitoliyga bosqin ishini yopish haqidagi iltimosini rad etdi