17:00 / 15.12.2023
153

Putin Gershkovich va Uilan bo‘yicha almashinuvni istisno etmadi

Putin Gershkovich va Uilan bo‘yicha almashinuvni istisno etmadi

Foto: Reuters

Rossiya prezidenti Vladimir Putin to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot bilan birlashtirilgan matbuot anjumani chog‘ida Moskva va Vashington mahbuslarni almashish masalasiga yechim topishiga umid bildirdi. Rossiya AQSH takliflarini rad etmayapti, biroq bunday kelishuvlar har ikki tomonga ham mos kelishi kerak, dedi u 14 dekabr, payshanba kuni The New York Times gazetasi jurnalistining Rossiyada qamoqqa olingan amerikaliklar Pol Uilan va Evan Gershkovich ishi bo‘yicha savoliga javob berar ekan.

«Biz amerikalik hamkorlarimiz bilan bu borada aloqalarimiz bor. Bu borada muloqot ham bor. Bu oson emas, lekin umuman olganda, menimcha, biz bir-birimizni tushunadigan tilda gaplashyapmiz. Umid qilamanki, biz yechim topamiz. Qayta takror aytamanki, Amerika tomoni bizni tinglab, Rossiya tomoniga mos keladigan tegishli qaror qabul qilishi kerak. Gumanitar masalalar, albatta, bu qarorlarning asosini tashkil qilishi lozim», - dedi Putin.

Bugun Rossiya prezidentining markaziy telekanallar orqali jonli efirdagi ko‘p soatlik nutqi Ukrainaga urushi boshlanganidan beri birinchisi bo‘ldi. Biroq, ommaviy axborot vositalarining ushbu yirik tadbirga e’tibori faqatgina Ukrainaga qarshi urush bilan bog‘liq emas. 2024 yil mart oyi o‘rtalarida Kreml egasi beshinchi marta prezidentlikka qayta saylanish niyatida. Shu maqsadda Rossiya konstitutsiyasiga maxsus o‘zgartirishlar kiritildi, bu uga barcha cheklovlarni chetlab o‘tish imkonini berdi.

Rossiyada Evan Gershkovich va Pol Uilanning hibsga olinishi

Amerikaning The Wall Street Journal (WSJ) nashri muxbiri Evan Gershkovich 2023 yil mart oyida Yekaterinburgda qo‘lga olingan va josuslikda ayblangan. Rossiya Federal xavfsizlik xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, jurnalist «Amerika tomonining ko‘rsatmalari asosida Rossiya harbiy-sanoat kompleksi korxonalaridan birining faoliyati to‘g‘risida davlat sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni to‘plagan».

 Gershkovichning himoyasi jurnalist o‘z aybini tan olmasligini ta’kidladi. Hibsga olingan amerikalik muxbir Moskvadagi Lefortovo tergov izolatorida saqlanmoqda. Noyabr oyi oxirida Moskvaning Lefortovo sudi Gershkovichni hibsga olish muddatini 2024 yil 30 yanvargacha uzaytirdi. 14 dekabr kuni Moskva shahar sudi bu qarorni o‘z kuchida qoldirdi.

AQSHning sobiq dengiz piyoda askari Pol Uilan 2018 yilning dekabrida Moskvada qo‘lga olingan edi. FXXning ta’kidlashicha, uni ushlash paytida yonidan maxfiy ma’lumotlar yozilgan fleshka topilgan. 2020 yilda AQSH fuqarosi josuslikda ayblanib 16 yilga qamalgan edi. Uilan ham aybini tan olmadi. U jazoni Mordoviyadagi 17-sonli qattiq tartibli koloniyada o‘tamoqda.

AQSH Davlat departamenti Uilan va Gershkovichga Rossiyada «noqonuniy ushlab turilganlar» maqomini berdi, bu Vashingtonga ularni ozod qilishning qo‘shimcha mexanizmlaridan foydalanishga, shu jumladan almashish bo‘yicha muzokaralar olib borishga imkon beradi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo