13:00 / 25.12.2023
174

Vladislav Davankov «Novie lyudi»dan RF prezidentligiga nomzod sifatida ko‘rsatildi

Vladislav Davankov «Novie lyudi»dan RF prezidentligiga nomzod sifatida ko‘rsatildi
Foto: RIA Novosti / Kirill Zikov

«Novie lyudi» partiyasining 24 dekabr, yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan qurultoyida RF Davlat dumasi vitse-spikeri Vladislav Davankov Rossiya prezidentligiga nomzod sifatida ko‘rsatildi. Ovoz berishda 69 delegat ishtirok etdi va 39 yoshli siyosatchining nomzodi bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi.

Xuddi shu qurultoyda «Novie lyudi» va O‘sish partiyasi birlashishga qaror qildi. Tegishli hujjatni ikkala siyosiy kuch yetakchilari – «Novie lyudi» partiyasidan Aleksey Nechayev va O‘sish partiyasidan Boris Titov imzoladi. «Zamonamizning barcha sog‘lom kuchlari birlashishi kerak», deb tushuntirdi Nechayev. Shu bilan birga, prezidentlik saylovlarida har ikki partiya yagona nomzod ko‘rsatayotgani ma’lum qilindi.

Rossiya prezidenti saylovlarida boshqa nomzodlar

Rossiyada prezidentlik saylovlari 2024 yil 15-17 mart kunlari bo‘lib o‘tadi. Hozirgi davlat rahbari Vladimir Putin ham nomzod sifatida qatnashmoqda. Rossiya Liberal-demokratik partiyasidan uning rahbari Leonid Slutskiy, RFKPdan - Nikolay Xaritonov, «Fuqarolik tashabbusi»dan - Moskva viloyatidan deputat Boris Nadejdin oliy lavozimga nomzod sifatida ko‘rsatilgan.

«Rossiya umumxalq ittifoqi» konservativ partiyasi bo‘lajak saylovlarga o‘z raisi Sergey Baburin nomzodini ko‘rsatishga qaror qildi. Bundan tashqari, Donetskdagi rossiyaparast ayirmachilarning sobiq harbiy rahbari, tergov izolatorida saqlanayotgan Igor Strelkov (Girkin) saylovlarda ishtirok etish istagini bildirgan.

Noyabr oyi o‘rtalarida rjevlik jurnalist Yekaterina Dunsova Rossiya prezidentligiga nomzodini qo‘yish niyati borligini ma’lum qildi. Krasnoyarsklik ayol urushni to‘xtatish, demokratik islohotlar va siyosiy mahbuslarni ozod etish tarafdori. Biroq Markaziy saylov komissiyasi unga imzo to‘plashga ruxsat bermadi va buni hujjatlarida aniqlangan xatolar bilan izohladi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo