Foto: AP /Gregor Fischer
Germaniya 2024 yilda Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish uchun avval rejalashtirilganidek 4 milliard emas, balki 7 milliard yevrodan ortiq mablag‘ ajratadi. Bu haqda Germaniya hukumati matbuot xizmati 16 yanvar, seshanba kuni Germaniya kansleri Olaf Shols va AQSH prezidenti Jo Bayden o‘rtasidagi telefon suhbatidan so‘ng ma’lum qildi.
Germaniya va AQSH rahbarlari o‘z suhbatida «Ukraina Rossiyadan o‘zini himoya qilishda davom etar ekan, unga moliyaviy, harbiy va gumanitar yordam ko‘rsatish zarurligini ta’kidladi», dedi Germaniya hukumati vakili Shteffen Xebeshtrayt.
Shols va Bayden, shuningdek, Isroil G‘azo sektorida HAMAS guruhiga qarshi harbiy amaliyotini davom ettirayotgan, Eron esa Iroq, Suriya va Pokistondagi nishonlarga raketa va uchuvchisiz uchoqlardan zarbalar berayotgan bir holatda, Yaqin Sharqdagi vaziyatni muhokama qildi.
Germaniya Ukrainaga 6 milliard yevrolik harbiy yordam taqdim etdi
Qo‘shma Shtatlar va Germaniya Rossiyaning keng ko‘lamli hujumi boshlanganidan beri Ukrainaga ko‘rsatilgan yordam miqdori bo‘yicha yetakchilik qilmoqda. 2022 yil 24 fevraldan beri Berlin Kiyevga taxminan 6 milliard yevro miqdorida harbiy yordam berdi. Xususan, Germaniya Ukrainaga Leopard tanklari, IRIS-T havo hujumidan mudofaa tizimlari va ular uchun raketalarni yetkazib berdi. Ayni paytda Germaniya Ukrainaga uzoq masofaga uchuvchi Taurus raketalarini berish masalasini muhokama qilmoqda.
Germaniya hukumati 2024 yilda Ukrainaga harbiy yordam miqdorini ikki baravar oshirishni rejalashtirayotgani noyabr oyida ma’lum bo‘lgan edi. Ushbu ikki baravar ko‘payish tufayli Germaniya, boshqa narsalar qatori, mudofaa xarajatlarini YAIMning 2,1 foizigacha oshiradi va shu tariqa NATO talabini qondiradi.
Germaniyaning Kildagi Jahon iqtisodiyoti instituti (),) ma’lumotlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar 2023 yil oxirigacha Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish uchun 44 milliard yevro ajratgan. Biroq 2024 yil boshida Vashingtonning Kiyevga harbiy yordami Kongressda respublikachilar va demokratlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar tufayli vaqtinchalik to‘xtab qoldi. 6 yanvar kuni The New York Times gazetasi Qo‘shma Shtatlar yaqin orada Ukrainaga Patriot tizimi uchun tutib oluvchi raketalarni yetkazib berishni to‘xtatishi haqida xabar berdi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring