Afg‘onistonda halokatga uchragan Rossiya samolyotidan 1,2 million dollar o‘g‘irlab ketilgani ma’lum qilindi
Foto: Google Images
Afg‘onistonning Badaxshon viloyatida halokatga uchragan Rossiyaning Falcon 10 samolyotidan 1,2 million dollar o‘g‘irlab ketildi. Bu haqda Hasht-e Subh Daily nashri ma’lum qildi.
21 yanvar kuni “GazPromAvia”ga tegishli biznes-jet Gaya—Toshkent—Moskva yo‘nalishida uchayotganda halokatga uchragan, oqibatda ikki yo‘lovchi – tadbirkorlar Anna va Anatoliy Yevsyukovlar halok bo‘lgandi. Ekipajning to‘rt a’zosi esa turli jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Portal ma’lumotlariga ko‘ra, halokatga uchragan samolyotga birinchi bo‘lib “Tolibon” Qurolli kuchlari shtabi boshlig‘i Fasihuddin Fitratga aloqador bo‘lgan bir guruh odamlar yetib kelgan.
O‘g‘rilikdan xabar topgan Badaxshondagi “Tolibon” gubernatori Muhammad Ayub Xolid voqeani tekshirish uchun komissiya tayinladi.
O‘g‘irlangan pullar kimga tegishli bo‘lgani ochiqlanmagan.
Avvalroq halokatga uchragan biznes-jet uchuvchisi Arkadiy Grachev va uning rafiqasiga ayblov e’lon qilingani xabar berilgandi. Ular yo‘lovchi tashish uchun litsenziyaga ega bo‘lmagan holda parvozni amalga oshirgani ma’lum bo‘lgan.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring