
Foto: Andrew Kravchenko/Bloomberg
Frontdagi vaziyat Ukrainadagi urush qachon va qanday yakunlanishi haqida tasavvur hosil qilish imkonini bermaydi, ammo tobora ko‘proq kompaniyalar mamlakatdagi sarmoyaviy ishtirokini asta-sekin oshirib, tiklash jarayonini boshlashga tayyorlanmoqda. Bu haqda Bloomberg yozdi.
Qayd qilinishicha, Yevropa investitsiya banki Ukrainani tiklash uchun davlat va xususiy kapitalning 1 trillion dollardan ko‘proq mablag‘i sarflanishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Inflyatsiyani hisobga olgan holda, bu Germaniyaning II Jahon urushidagi mag‘lubiyatidan keyin Yevropani tiklashga qaratilgan va AQSH tomonidan moliyalashtirilgan Marshall rejasidan besh baravar ko‘proqdir.
Nashr yozganidek, kelajakda tiklanish qanday sodir bo‘lishi haqida tasavvurga ega bo‘lgan taxminiy reja allaqachon mavjud.
Ta’kidlanishicha, turk kompaniyalari ko‘priklar va yo‘llarni qayta qurmoqda, elektr generatorlari va ko‘chma shifoxonalar yetkazib bermoqda. Xususan, Turkiyaning Onur guruhi portlatilgan ko‘priklarni ta’mirlash bilan shug‘ullanyapti, masalan, Kiyev chekkasidagi Irpenda. Shuningdek, Janubiy Koreyaning Samsung kompaniyasi bilan hamkorlikda Onur Ukrainada mobil shifoxonalar qurmoqda. Yakunda kompaniya Dnepr xalqaro aeroportini rekonstruksiya qilmoqchi va bir qator avtomobil yo‘llarini qayta tiklamoqchi. Turkiyaning Dogus Construction kompaniyasi Buyuk Britaniya ko‘magida uchta ko‘prikni qayta qurmoqda va kelajakda «bir necha milliard dollar» qiymatidagi rekonstruksiya shartnomalarini kutmoqda.
Germaniya va Avstriya kompaniyalari infratuzilma va mudofaa sohalarida korxonalar qurishni rejalashtirmoqda. Rheinmetall AG fevral oyida Ukrainada juda zarur bo‘lgan 155 millimetrli artilleriya o‘q-dorilarini ishlab chiqaradigan zavod yaratish rejasini e’lon qildi. Daryo va vodiylarni bog‘lovchi modulli po‘lat estakadalar ishlab chiqaruvchi Avstriyaning Waagner-Biro Bridge Systems kompaniyasi Ukraina g‘arbidagi zavodda allaqachon ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan.
JPMorgan Chase & Co «loyiha oldi rejalashtirishi» uchun ishchi guruhlarni kutmoqda va Daniya hozirgacha Nikolayev kemasozlik markazini tiklash uchun 120 million yevro xayriya qildi.
Qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi Fixit kompaniyasi o‘tgan yildan beri Ukraina g‘arbida yangi ishlab chiqarish maydonchasini qurmoqda, Bayer AG kimyo kompaniyasi urug‘chilikka sarmoya kiritilishini e’lon qildi.
Pul qayerdan kelishi hisobga olinsa, Amerika va Yevropa kompaniyalari shartnomalarning asosiy ulushini olishi mumkin, deb hisoblamoqda Bloomberg. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar