Turkiya Germaniyaga ultimatum qo‘ydi


Turkiya Germaniya hukumatiga nemis deputatlari «Injirlik» harbiy bazasiga tashrif buyurishni rejalashtirgani munosabati bilan ultimatum qo‘ydi, deyiladi "Kun" nashrida.
Anqara iyun oyida Germaniya parlamentariylari deputatlari delegatsiyasi nemis harbiylari IShIDga qarshi amaliyotlarda foydalanayotgan bu aviabazaga kelishini taqiqlagandi.
Germaniyadagi Der Spiegel nashri ma’lumotiga ko‘ra, turklar tomoni, agar Germaniya hukumati bundestagning Usmoniylar imperiyasi davrida armanilar genotsid qilingani tan olingani to‘g‘risidagi rezolyutsiyani bekor qilsa, nemis deputatlariga ruxsat berishga tayyor.
Nashr xabarida Germaniya TIV vaziyatni hal etishning boshqa yo‘lini qidirishi aytilgan.
2 iyun kuni Bundestag deputatlari 1915 yilda Usmonli saltanatida armanilarning deportatsiya qilinishini genotsid deb tan olish yuzasidan rezolyutsiya qabul qildi.
Turkiya bu boradagi ayblovlarni doimiy ravishda inkor etib keladi.
Arman genotsidi faktini ko‘plab nufuzli mamlakatlar, Rossiya, Polsha, Fransiya, Yevroparlament va Butun dunyo cherkovlar kengashi ham tan olgan.
Ma’lumot uchun, 1915 yilda Usmonli saltanatida, turli baholarga ko‘ra, 600 mingdan 1,5 milliongacha armani halok bo‘lgan. Turkiya yuz minglab insonlar halok bo‘lganini tan oladi, ammo buning «genotsid» atamasi bilan ta’riflanishiga qarshi chiqadi. O‘z navbatida, turk tarixchilari armanilarning qurolli guruhlari o‘n minglab musulmonlarni qirg‘in qilganini ta’kidlab keladi.































Izohlar 0
…