
Videolardan kadrlar
Moskva yaqinidagi “Krokus siti holl” kontsert zalida vayronalar ostidan yangi jasadlar topilishi bilan terakt qurbonlari soni 133 kishiga etdi. Bu haqda Rossiya Tergov qoʻmitasi ma'lum qildi. Ularning yarmidan koʻpining shaxsiga hali oydinlik kiritilmagan.
Qator manbalarda bu halok boʻlganlarning yakuniy soni emasligi aytilmoqda. “112” Telegram-kanali manbasiga koʻra, oʻt oʻchiruvchi va qutqaruvchilar vayronalar ostidan inson jasadlari boʻlaklarini topmoqda, bu esa qurbonlar soniga aniqlik kiritishni qiyinlashtirmoqda.
RF bosh vaziri oʻrinbosari Tatyana Golikovaga koʻra, voqeada jarohat olganlardan 107 nafari kasalxonada qolmoqda. Ular orasidan bir bola va 15 nafar katta yoshli fuqaroning ahvoli juda ogʻir.
“Krokus”dagi hodisa jabrlanganlar soni boʻyicha RF tarixida Beslan voqeasidan keyingi ikkinchi eng qonli terakt boʻldi.
Avvalroq bir qator yirik xalqaro nashrlar IShIDga aloqador “Amaq” axborot agentligiga tayanib terakt uchun mas'uliyatni IShID-Xuroson guruhi oʻz zimmasiga olgani haqida xabar bergan edi. Amerika nashrlari bu ma'lumot AQSh rasmiylari tomonidan ham tasdiqlanganini yozdi. Keyinroq, 23 mart kuni “Amaq”da e'lon qilingan bayonot IShIDning asosiy Telegram-kanalida ham e'lon qilindi.
Bayonotda “Krokus”dagi terakt “oxirgi yillardagi eng shafqatsiz hujum” deb atalgan. Guruh jangarilari 22 mart kuni “xristianlarning katta olomoniga muvofiqlashtirilgan hujumni amalga oshirgani” ta'kidlangan. IShIDga koʻra, jangarilar bu hududni avvaldan kuzatib borgan, hujumni amalga oshirishda pulemyot, pistolyot, pichoq va Molotov kokteyli bilan qurollangan toʻrtta jangari ishtirok etgan. Ulardan uchtasi tomosha zalida odamlarga qarata oʻq uzgan, toʻrtinchisi binoga oʻt qoʻygan.
Bayonotda hujum oqibatida kamida 300 kishi halok boʻlgani yoki jarohatlangani, voqea joyida esa katta yongʻin kelib chiqqani aytiladi.
Terroristik guruhga aloqador “Amaq” agentligi oʻz manbalariga tayanib bu hujum IShID va “islomga qarshi kurashayotgan davlatlar oʻrtasida borayotgan shiddatli urushning odatiy kontekstida roʻy bergani”ni qayd etgan.

IShID, shuningdek, terrorchi ekani aytilayotgan toʻrtta shaxsning birgalikda tushgan suratini ham e'lon qilgan, suratda ularning yuzlari xiralashtirilgan. Kun davomida rus Telegram-kanallarida ham terakt ijrochilari ekani aytilgan toʻrt erkak soʻroq qilinayotgan holatdagi videolar tarqaldi. The Insider'ning qayd etishicha, Rossiyada qoʻlga olingan toʻrt erkakdan ikkitasining egnidagi kiyimi IShID e'lon qilgan suratdagi ikki erkakning kiyimlariga oʻxshash.
Toʻrt shaxsning qoʻlga olinganidan keyin dastlabki soʻroq holati aks etgan videolarni bir qator manbalar, xususan RT telekanali rahbari Margarita Simonyan ham oʻz Telegram-kanalida e'lon qildi.
Ulardan biri, oʻzini 1998 yilda tugʻilgan Fariduni Shamsiddin deb tanishtirgan shaxs 4 mart kuni Turkiyadan uchib kelgani, u erga “hujjatlar uchun” borganini aytadi. Kadr ortidagi shaxsning 22 mart kuni Krokus siti hollda nima qilding degan savoliga javoban pul uchun odamlarni otganini aytib javob beradi. Uning soʻzlariga koʻra, buning uchun unga 500 ming rubl va'da qilishgan, bu pullarning yarmini allaqachon bank kartasiga oʻtkazib berishgan.
Qoʻlga olingan erkak soʻroq davomida Telegram orqali noma'lum shaxslar bilan aloqada boʻlgani, qurolni ulardan olganini aytadi. Erkakning soʻzlariga koʻra, u Telegram orqali tinglab boradigan voizning “yordamchisi” unga “kimligidan qat'i nazar odamlarni oʻldirish evaziga pul taklif qilgan”.
Qoʻlga olinganlardan yana biri, terakt ijrochilarining rahbari ekani aytilayotgan erkak soʻroq davomida savollarga tarjimon orqali javob bergan. U Dmitrovsk tumanida trassa yaqinida (Moskvaga eltuvchi yoʻllardan biri – Dmitrovsk shossesi nazarda tutilgan boʻlishi mumkin) Muhammad ismli shaxs bilan hostelda yashagani, 10-12 kun oldin Abdullo ismli shaxs bilan Telegram'da tanishib, uning qarindoshidan Muhammad bilan birgalikda mashina sotib olganini aytadi. Videoda kadr ortidagi odam gumondordan “Abdullo shumi” deya soʻraydi (ehtimol, qandaydir surat koʻrsatgan holda), soʻroq qilinayotgan erkak buni tasdiqlab javob beradi. U videoda terakt borasida gapirmagan.
Rossiya huquq-tartibot idoralariga yaqin Telegram-kanallar yana ikkita gumondorning foto va videolarini tarqatdi, ular qoʻlga olish vaqtida jarohatlangani aytilyapti. Birining yuzi va kiyimi – qon, boshi bint bilan oʻralgan, oʻzini 30 yoshdagi Rajab Alizoda deb tanishtirgan. Toʻrtinchi erkak oʻzini 19 yoshli Muhammadsobir Fayzov deb tanishtirgan – u chap koʻzidan jarohatlangan.
Gumondorlarning fuqaroligi haqida hozircha aniq ma'lumotlar yoʻq. “112” Telegram-kanali toʻrt asosiy gumondorning barchasi Rossiya fuqarolari ekanini yozdi. Ulardan biri – 19 yoshli Muhammadsobir Fayzov Dushanba shahridan ekani haqida ma'lumotlar tarqaldi. Propagandachi Margarita Simonyan jinoyatchilarning hech qaysisi Rossiya fuqaroligi emasligini aytib chiqdi.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq RF Federal xavfsizlik xizmati terakt ishida gumondor sifatida 11 kishi hibsga olingani, ulardan 4 tasi hujumning bevosita ijrochilari ekanini ma'lum qilgandi. FXX bu toʻrt kishi Bryansk oblasti hududida ushlangani, ular Ukraina chegarasi tomon harakatlangani, “Ukraina tomonida tegishli aloqalarga ega boʻlgani”ni ta'kidlagan.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham oʻz murojaatida gumondorlar chegara tomonga qarab intilgani, Ukraina tomoni “ularning chegaradan oʻtib olishi uchun darcha hozirlab qoʻygani”ni aytdi. Rasmiy Kiev teraktga aloqadorligini rad etgan. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!