Javohir Sindarov Gukeshning himoyasini yuqori baholadi

O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommaraju bilan shaxmat bo‘yicha jahon chempionligi uchun kechayotgan bahsning birinchi partiyasida raqibining yaxshi himoyalanganini ta’kidladi. U bosim o‘tkazish va ustunlikdan foydalanishga harakat qilganini, ammo Gukesh murakkab vaziyatdan chiqish uchun to‘g‘ri yo‘llarni topganini aytdi. Bu haqda shaxmatchilar birinchi partiyadan keyingi matbuot anjumanida so‘z yuritdi.
«Men biroz bosim o‘tkazishga muvaffaq bo‘ldim va o‘z ustunligimdan foydalanishga harakat qildim, ammo Gukesh juda yaxshi himoyalandi. Vaziyatni hisobga olgan holda bosimni saqlab qolishga urindim, biroq oxir-oqibat u yaxshiroq yurishlarni topdi», — dedi Sindarov.
Shaxmatchilar o‘rtasidagi mazkur bahs jahon chempionligi tarixidagi eng yosh ishtirokchilar to‘qnashuvi hisoblanadi. Har ikki shaxmatchi ham 20 yoshda bo‘lib, musobaqaga bo‘lgan e’tibor yuqori. Biroq Sindarov bu holat uning o‘yinga bo‘lgan yondashuviga ta’sir qilmasligiga harakat qilayotganini ta’kidladi.
«Butun shaxmat olami ushbu bahsni kuzatayotganini bilaman. Odatda bu juda katta bosim yuzaga keltiradi, ammo men bu haqda o‘ylamaslikka harakat qilyapman. Faqat o‘yin zalidagi muhitga ko‘nikishga urinyapman. Eng muhimi, yaxshi shaxmat o‘ynash», — dedi Javohir.
Jahon chempionligi uchun uchrashuv Shveysariyaning Jeneva shahrida o‘tkazilmoqda. Birinchi partiya durang bilan yakunlandi va hozircha hisob 0,5:0,5. Bugun, 25 noyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 19:00 da bahsning ikkinchi partiyasi bo‘lib o‘tadi. Unda Gukesh oq donalarda o‘ynaydi.
Keyingi yangilik

Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
































Izohlar0
…