11:28 / 12.04.2024
1 101

Gagauziya Rossiyaga ko‘mak so‘rab murojaat qilishi mumkin

Gagauziya Rossiyaga ko‘mak so‘rab murojaat qilishi mumkin
Agar Moldova Respublikasi Gagauz muxtor o‘lkasining mustaqillik e’lon qilishiga javoban hududga qo‘shin kiritsa, u holda o‘lka rahbariyati Kremlga ko‘mak so‘rab murojaat qiladi. Bu haqda Gagauziya rahbari Yevgeniya Gutsul ma’lum qildi.

«Umid qilamanki, ish bunga qadar bormaydi. Umid qilamanki, hukumatimiz sog‘lom aqlga quloq soladi. Lekin ish bunga qadar borar ekan, biz barcha davlatlarga va albatta Rossiya Federatsiyasiga (ko‘mak so‘rab) murojaat qilamiz», – degan muxtor o‘lka rahbari.

Unga ko‘ra, Gagauziya mustaqil Moldova Respublikasi tarkibida qolish niyatida, ammo Kishinyov Ruminiyaga qo‘shilishga harakat qilgudek bo‘lsa, muxtor o‘lka mustaqillik uchun kurashga kirishadi.

Gap shundaki, joriy yil 4 aprel kuni Ruminiya bosh vaziri Marchel Cholaku Moldova Yevropa Ittifoqiga kirgan taqdirda ikki mamlakatning birlashuvi g‘oyasi dastaklanishi haqida gapirgan edi. Bunga javoban muxtor o‘lka yetakchisi Yevgeniya Gutsul Moldova Ruminiya tarkibiga kirishga uringudek bo‘lsa, mustaqil Gagauz Respublikasi (1990-1995 yillarda mavjud bo‘lgan, tan olinmagan respublika) tiklanishi haqida bayonot berdi.

Gagauziya – Moldova tarkibidagi muxtor o‘lkadir. Mintaqa Rossiya va YEI o‘rtasidagi siyosiy robitalarda o‘ziga xos muvozanat va raqobat vositasi ekani aytiladi. Muxtor o‘lkaning Kreml siyosatini yoqlovchi rahbari Yevgeniya Gutsul 6 mart kuni Rossiyaga tashrif buyurib, prezident Vladimir Putin bilan uchrashgan edi. Qayd etilishicha, muxtor o‘lka rahbari Rossiya rahbaridan BMT darajasida «Kishinyov tomonidan Gagauziyaga bosim o‘tkazilayotgani» masalasini ko‘tarishni so‘ragan. Gagauziya yetakchisi Moldova tomoni uni Rossiya prezidenti bilan uchrashuv uchun jazolashga urinayotganidan ham bahs etgan.

Moldova prezidenti Mayya Sandu ko‘pdan buyon Rossiya Moldova suverenitetiga behurmat munosabatda bo‘layotganini aytib keladi. 2023 yil fevral oyida u Kreml Moldovada davlat to‘ntarishi qilish maqsadida qo‘poruvchilik harakatlariga hozirlik ko‘rayotgani haqida bayonot bergandi.

Keyinroq AQSH prezidenti ma’muriyati ham Rossiya razvedkasiga aloqador shaxslar Moldovada ommaviy namoyishlar o‘tkazish orqali hukumatni ag‘darish va davlat tepasiga kremlparast ma’muriyatni keltirishni ko‘zlagani haqida xabar berdi.

Moldova axborot va xavfsizlik xizmati Rossiyaning 30 dan ortiq ommaviy axborot vositalari saytlariga taqiq qo‘ygan. Ushbu qaror «qora ro‘yxat»ga tushgan OAV Moldovada konstitutsiyaviy tuzumga qarshi harakatlar sodir etayotgani, dezinformatsiya vositasida ziddiyat va keskinlikni keltirib chiqarishga urinayotgani bilan izohlangan.

Moldova rahbariyati mamlakat Rossiya bosimlaridan butkul qutulib, Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishi yo‘lida kurashmoqda. Kishinyov MDH bilan hamkorlik ham respublikaga manfaat keltirmaydi deb hisoblaydi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Gagauziya Rossiyaga ko‘mak so‘rab murojaat qilishi mumkin