12:13 / 13.04.2024
690

Eron: “Agar mojaroga AQSH aralashsa, amerikalik harbiylar nishonga olinadi”

Eron: “Agar mojaroga AQSH aralashsa, amerikalik harbiylar nishonga olinadi”
Foto: Reuters
Eron agar amerikaliklar Isroil bilan ehtimoliy qurolli mojaroga aralashsa, AQSH harbiylari Eron nishoniga aylanishidan ogohlantirdi. Bu haqda amerikalik uch manbaga tayanib, Axios xabar berdi.

Bu ogohlantirish bir qancha arab davlatlari orqali Jo Bayden administratsiyasiga yetkazilgan. So‘nggi kunlarda eronliklar bir qancha arab davlatlari hukumatiga quyidagilarni ma’lum qilgan: AQSHning uzoqlashishga urinishlariga qaramay, Damashqda eronlik generalning o‘limiga sabab bo‘lgan Isroil zarbasi uchun AQSH mas’uldir.

Ogohlantirishda gap AQSH harbiylari Erondan Isroilga uchirilgan raketalarni urib tushirishi yoki Isroil tomonida amerikaliklar qarshi hujumda qatnashishi haqida ketyaptimi aniq emas. AQSH razvedkasining umumiy bahosiga ko‘ra, Eron AQSH qo‘shinlari Isroilning qarshi hujumlariga qo‘shilsagina ularga hujum qiladi.

Shu bilan birga, Eron turli diplomatik kanallar orqali, jumladan, Eron tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyan va uning Buyuk Britaniya, Germaniya va Avstraliyadagi hamkasblari o‘rtasidagi muzokaralar chog‘ida qarama-qarshi bayonotlar yuborgan. Muzokaralar haqida ma’lumot bergan ikki amerikalik mulozimga ko‘ra, Eronning pozitsiyasi ancha vazmin va Tehron mintaqadagi keskinlashuvga yo‘l qo‘ymaslik uchun Isroilga “cheklangan” javob berishni xohlaydi.

Boshqa bir manbaning aytishicha, AQSH Eron bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri Shveysariyadagi kanal orqali aloqa qiladi va Eron bu orqali tahdidlar yubormagan.

Eron va Isroil o‘rtasidagi urush ehtimoli

Keng ko‘lamli urush boshlanishi ehtimoli Isroil 1 aprel kuni Eronning Damashqdagi konsulligiga hujum qilganidan so‘ng boshlandi. Hujum oqibatida 11 kishi, jumladan, 2016 yilgacha Livan va Suriyadagi “Quds” elita kuchlariga rahbarlik qilgan Eron harbiy maslahatchisi general Muhammad Rizo Zohidiy, uning o‘rinbosari general Muhammad Hodi Hoji Rahimiy va yana besh eronlik zobit ham halok bo‘ldi. Shuningdek, uch nafar Suriya va bir nafari Livan fuqarosi vafot etdi.

Eronning BMT missiyasi zarbani terakt deb baholadi. Eron tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyan mazkur hujum munosabati bilan Amerika javobgarlikka tortilishi kerakligini aytdi. Shundan keyin AQSH razvedkasi Isroilni Eronning javob zarbalaridan ogohlantirdi. Buning fonida Isroil bir qator davlatlardagi elchixonalarini vaqtinchalik yopdi va xodimlarga ishga kelmaslik so‘raldi.

AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi Isroil rasmiylarini “yaqinda sodir bo‘ladigan ommaviy hujum” haqida ogohlantirgan. Amerika rasmiylarining ta’kidlashicha, Eron kamida uchta yadroviy bomba ishlab chiqarish uchun yetarli darajada boyitilgan uranga ega. Bu haqda rasmiy ma’lumot yo‘q, ammo Eronning ballistik raketalari Isroilga zarba bera oladi.

Netanyaxuning Eron tahdidiga javobi

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Eronning zarba berish tahdidiga javoban, ular har qanday ssenariyga tayyorliklarini aytdi.

"Eron yillar davomida bizga qarshi bevosita va o‘z emissarlari orqali ishladi, shuning uchun ham Isroil Eron hamda uning emissarlariga qarshi mudofaa va hujumda faoliyat yuritdi. O‘zimizni qanday himoya qilishni bilamiz. Biz oddiy tamoyil asosida ish tutamiz – bizga zarar yetkazgan yoki shunday qilishni rejalashtirgan har kimga zarar yetkazamiz", — dedi Netanyaxu.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Eron: “Agar mojaroga AQSH aralashsa, amerikalik harbiylar nishonga olinadi”