09:32 / 14.04.2024
206

Eron Isroilga hujum boshladi. O‘nlab dronlar uchirilgan

Eron Isroilga hujum boshladi. O‘nlab dronlar uchirilgan
Foto: Reuters
Eron Isroil yo‘nalishida o‘nlab dronlar uchirib, hujum boshladi. Bu haqda Axios muxbiri Barak Ravid isroillik va amerikalik mulozimlarga tayanib xabar tarqatdi.

Hujum boshlangani haqidagi ma’lumotni brifingda Isroil mudofaa armiyasi spikeri Daniel Xagari ham tasdiqlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, dronlar Isroilga yetib kelishi uchun bir necha soat vaqt ketadi.

U harbiylar tayyorlangan javob rejasini amalga oshirib, bir qator hududlarda GPS'ni o‘chirganini ma’lum qilgan.

Fars xabariga ko‘ra, Eron dronlari Iroq havo hududida harakatlanib, Suriya va Iordaniya tomon yaqinlashmoqda. KAN harbiylar orasidagi manbalariga tayanib, dronlar Isroilga mahalliy vaqt bilan 2:30 atrofida (Toshkent vaqti bilan soat 4:30) yetib borishini xabar qilgan.

Politico isroillik va amerikalik rasmiylarga tayanib, Eron Isroil bo‘ylab dronlardan tashqari raketalar ham uchirishi mumkinligini xabar qilmoqda.

Netanyahuning murojaati

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu shoshilinch murojaat bilan chiqib, Isroil Eron tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri hujumga va unga javob qaytarishga tayyorligini ma’lum qildi.

"So‘nggi yillarda, ayniqsa so‘nggi haftalarda Isroil Eron tomonidan ehtimoliy hujumga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Havo hujumidan mudofaa tizimlarimiz saflangan, biz himoyalanishda ham, hujum qilishda ham har qanday ssenariyga tayyormiz. Isroil kuchli, Isroil mudofaa armiyasi kuchli, jamiyat mahkam. Bizga kim ozor yetkazsa, biz ham unga ozor yetkazamiz. Biz o‘zimizni har qanday tahdiddan himoya qilamiz hamda buni sovuqqonlik va qat’iyat bilan qilamiz", — degan Netanyahu.

U Isroil AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya va boshqa mamlakatlarning yordamini qadrlashini qo‘shimcha qilgan.

1 aprel kuni Isroil aviatsiyasi Eronning Damashqdagi konsulligiga zarba bergandi. Hujum oqibatida Islom inqilobi muhofizlari korpusi a’zolari, jumladan «Al-Quds» bo‘linmasi qo‘mondoni general Muhammad Rizo Zohidiy va uning o‘rinbosari, general Muhammad Hodi Hoji Rahimiy halok bo‘lgandi. Shundan keyin Eron oliy rahnamosi oyatulloh Ali Xominaiy «sionist rejimi jazolanishi»ni aytgandi.

11 aprel kuni AQSH prezidenti Jo Bayden Eron Isroilga zarba berishi mumkinligidan ogohlantirdi. AQSH razvedkasi hisobotlarida Eronning Isroilga hujumi muqarrarligi aytilgan. The Wall Street Journal gazetasi yozishicha, AQSH mintaqa mamlakatlaridan Eronni vaziyatni keskinlashtirmaslikka undashni so‘ragan. Shundan keyin Saudiya Arabistoni, BAA, Qatar va Iroq tashqi ishlar vazirlari telefon orqali Eron TIV rahbari bilan gaplashib, mintaqadagi vaziyatni muhokama qilishgan.

13 aprel kuni Isroil armiyasi yakshanba kuni o‘quv muassasalaridagi barcha mashg‘ulotlar (Isroilda bu ish kuni) bekor qilinishi haqida ma’lum qildi. Bayden Delaver shtatidagi ta’tilini to‘xtatib, Yaqin Sharqdagi vaziyat yuzasidan shoshilinch yig‘ilish o‘tkazish uchun Vashingtonga qaytdi. Bayden oldinroq AQSH Isroilni Eron tomonidan bo‘layotgan tahdiddan himoya qilishga va’da bergandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Eron Isroilga hujum boshladi. O‘nlab dronlar uchirilgan