
Foto: Arab News
Iordaniya, Iroq va Livan hukumatlari Eron havo hujumlari yakunlanishi ortidan 14 aprel kuni mamlakatlar havo hududi qayta ochilganini ma’lum qildi. Bu haqda Arab News nashri xabar berdi.
Eron rasmiylari Isroilga qarshi amalga oshirilgan hujumlar yakunlanishini e’lon qilishi bilanoq havo hududi parvozlar uchun ochilgan. Davlat televideniyelari bu haqda xabar bergan.
Iordaniya hukumati 13 aprel kuni mahalliy vaqt bilan 20:00 dan boshlab barcha kiruvchi, xalqaro va tranzit reyslar uchun mamlakat havo hududini yopganini e’lon qilgan edi. Rasmiylar bu qaror Iordaniya havo hududida fuqaro aviatsiyasi xavfsizligini ta’minlash maqsadida qabul qilinganini bildirgan edi.
Manbada aytilishicha, Iordaniya harbiylari yopilgan havo hududiga kirib kelgan Eron o‘rta masofaga uchuvchi raketalarini faol tarzda qaytarishga harakat qilgan. Poytaxt Amman hamda Suriya va Isroil bilan chegaradagi shimoli-g‘arbiy hududlarda ko‘plab raketalar va Eron dronlari urib tushirilgan.
Ayni paytda Tehronning Mehrobod aeroporti va mamlakatning boshqa bir qancha shaharlaridagi aeroportlar dushanba tongiga qadar yopilgan. Yaqin Sharqdagi taranglik tufayli ichki reyslar ham bekor qilingan. Iordaniya bilan ham parvozlar qayta yo‘lga qo‘yilmagan.
Ma’lumot o‘rnida, 14 aprelga o‘tar kechasi Eron Isroilga qarshi havo hujumlari sodir etdi. Ushbu hujum Isroilning Suriya poytaxti Damashqdagi Eron elchixonasiga hujumi va mamlakat oliy qo‘mondonlaridan biri halok bo‘lishiga javoban amalga oshirilgani ma’lum qilingan.
Iordaniya va bir qancha Yaqin Sharq manbalari yozishicha, Amman ma’muriyati Tehronning ehtimoliy hujumini inobatga olib, havo mudofaasini oldindan shay holatga keltirishga erishgan. Oqibatda raketalarning ko‘pchiligi Isroilga yetib bormay, Iordaniya osmonida urib tushirilgan. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar