date
views 247

Belgorodda ko‘p qavatli uy pod’ezdi qulab tushdi

Belgorodda ko‘p qavatli uy pod’ezdi qulab tushdi
Foto: “RIA Novosti”
Belgorodning Shorsa ko‘chasida 12 may kuni o‘n qavatli turar joy binosining pod’ezdi qulab tushdi. Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi.

Hodisa yuz berishidan avval shaharda raketa hujumidan ogohlantirish sirenasi ishga tushgan. Belgorod viloyati gubernatori Vyacheslav Gladkovning aytishicha, pod’ezd “to‘g‘ridan to‘g‘ri snaryad zarbasi natijasida” qulab tushgan.

Rossiya Mudofaa vazirligi tarqatgan xabarda Ukraina tomoni Belgorodni “Tochka-U” taktik raketa majmuasi, “Olxa” va RM-70 “Vampir” o‘t ochuvchi reaktiv tizimlaridan foydalangan holda o‘qqa tutgani aytiladi. Hujumni qaytarish paytida Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimlari oltita “Tochka-U” raketasini, to‘rtta “Vampir” va ikkita “Olxa” reaktiv tizimini yo‘q qilgan. Urib tushirilgan “Tochka-U” raketalaridan birining bo‘laklari Belgorod shahridagi turar joy binosiga zarar yetkazgan.

Qulab tushgan pod’ezd aks etgan tasvirlarda faqat tom qolganini ko‘rish mumkin. Rossiya Tergov qo‘mitasi e’lon qilgan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Belgorod o‘qqa tutilishi oqibatida bir ayol halok bo‘lgan, yana 29 kishi jarohatlangan, ular orasida bola ham bor.

Mash Telegram kanalining yozishicha, odamlar qulab tushgan pod’ezd vayronalari ostidan qichqirmoqda. Qutqaruv ishlari davomida pod’ezdning tomi ham qulagan, favqulodda vaziyatlar xizmati xodimlarining bir qismi vayronalar ostida qolib ketgan.

Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi mutaxassislari Belgoroddagi favqulodda hodisa joyida vayronalar ostidan 12 kishini, jumladan, ikki bolani qutqarishga muvaffaq bo‘ldi”, — deb xabar berdi vazirlik matbuot xizmati.

Belgorodda 62 ta xonadonga zarar yetgan, 11 ta mashina shikastlangan, deydi viloyat gubernatori. Ukraina bilan chegara yaqinida joylashgan shaharda ertalabki ikkinchi raketa hujumidan ogohlantirish trevogasi yangraganidan ko‘p o‘tmay, pod’ezd qulagani haqidagi xabarlar paydo bo‘ldi. Ukraina harbiylari shahar o‘qqa tutilgani haqida hozircha ma’lumot bermagan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Belgorodda ko‘p qavatli uy pod’ezdi qulab tushdi