
Bugun sizlarga Yaponiyadagi eng yaxshi odat haqida hikoya qilmoqchiman. Esingizdami, O‘zbekistonda kichkinagina, farishtadek qizchani, maktabdan qaytishida bir «monyak» avval zo‘rlab, keyin o‘ldirgan edi. Bu voqeadan butun xalqimiz junbishga keldi, ijtimoiy tarmoqlar, saytlarda bir-ikki hafta dod-voy qildik… va keyin unutdik. Kechagina yana bir maktab o‘quvchisini piyodalar yo‘lagida mashina urib yuborib, halokat joyida joni uzildi. Bu kabi fojialar jamiyatimizda tez-tez bo‘lmasa ham ora-orada yuz beryapti. Albatta, jinoyatchilarga qonun doirasida jazo ko‘riladi, biroq, bu holatlarning oldini olish ham mumkin.
Xullas, bunday voqealar faqat bizda emas, hamma joyda uchraydi, ammo ularning oldini olish, kamaytirish yo‘llari turlicha. Masalan, Yaponiyada bu kabi jinoyatlarga hukumat tomonidan juda qattiq nazorat va qonun ustuvorligi bilan qarshi kurashiladi. Shuningdek, ko‘pchilik yaponiyaliklar nafaqaga chiqishgandan so‘ng, ko‘ngilli tarzda, tekinga maktab bolalarining xavfsizligini ta’minlashga yordam berishadi.
Qanday qilib deysizmi? Juda oson: Bolalarning o‘qishga borish va qaytish vaqtlarida maxsus yashil kiyim kiygancha, qo‘llarida sariq rangli bayroq bilan piyodalar yo‘lakchasida, maktab yo‘llarida nazoratchi bo‘lib turishadi. Maktab o‘quvchilari yo‘ldan o‘tisharkan, bayroqlarini ko‘tarib, mashinalarni to‘xtatishadi. Uylardan to maktablargacha uzangan bunday «jonli yo‘laklar»ni ko‘rgan har qanday jinoyatchi bir seskanib olishi, hatto fikridan qaytishi tabiiy. Nafaqaxo‘rlarning ko‘pligini hisobga olsak, ular haftada bir kundan navbatchilik qilishganda ham yo‘llar bo‘shab qolmaydi.
Xulosa qilib aytganda, bizda ham o‘rganilsa, tatbiq qilinsa bo‘ladigan tizim. Qaynonalar ertadan kechgacha kelinning ayb-kamchiligini qidirib o‘tirmasdan, qaynotalar choyxonama-choyxona yuravermasdan jamiyat uchun shunday yordam qilishsa, boshda aytilgan fojialar yo‘qolib ketardi balki. Jamiyat ichdan o‘zini o‘zi tuzatishga harakat qilmaskan, unga hech kim yordam berolmaydi. O‘zingchi, deydiganlar bo‘lishsa, nasib etsa nafaqaga chiqqach, er-xotin haftada uch-to‘rt kun ko‘chada nazoratchi bo‘lib turishni niyat qilganmiz.
Bahodir ISKANDAROV
Manba: Oyina.uz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar