
Kollaj: “Daryo”
Erondagi prezidentlik saylovlarida ishtirok etish uchun to‘rt nafar ayol hujjat topshirdi. Bu haqda IRNA agentligi xabar berdi.
Nomzodlar qatorida Zuhra Ilohiyon, Hojar Chenaraniy, Hamida Zarabadiy va Rafat Bayyat (kollajda ketma-ket berilgan) bor. Ularning barchasi Eron parlamentining sobiq deputatlaridir.
56 yoshli Ilohiyon asli shifokor va hozirda Eron Tibbiyot fanlari akademiyasida ishlaydi. 45 yoshli Zarabadiy nomzodligini ro‘yxatdan o‘tkazgandan so‘ng tashqi siyosatda “deeskalatsiya”ni qo‘llab-quvvatlashini aytgan va eronliklar bir kun kelib ayol prezidentni saylashiga umid bildirgan.
Chenaraniy ham 45 yoshda, avvalroq parlament a’zosi bo‘lgan, parlamentning milliy xavfsizlik va tashqi siyosat bo‘yicha komissiyasida ishlagan. Uning otasi Eron—Iroq urushida qatnashgan (1980–1988). U parlamentdagi faoliyati davomida Eronda ayollar uchun majburiy hijob bo‘yicha qat’iy qoidalarni ilgari surgan.
Bayat 66 yoshda, asli sotsiolog. 2005 va 2009 yillarda prezidentlikka nomzod sifatida ro‘yxatga olingan, biroq uning nomzodi “Konstitutsiyani qo‘riqlash kengashi” tomonidan tasdiqlanmagan. Shu kungacha eronlik birorta ayol nomzodlarning yakuniy ro‘yxatiga kiritilmagan.
Eron prezidentligiga nomzodlarni ro‘yxatga olish 29 may kuni boshlanib, 3 iyun kuni yakunlandi. Jami 278 kishi prezidentlikka nomzodini ko‘rsatishga uringan, biroq atigi 80 nafari qabul qilingan. Ular yoshi va ma’lumoti bo‘yicha talablarga javob bera olgan.
Nomzodlar orasida sobiq prezident, 3 nafar amaldagi vazir, 13 nafar sobiq vazir, 40 dan ortiq sobiq va amaldagi parlament a’zolari bor. Eng yosh nomzod 43 yoshda, eng keksa nomzod esa 75 yoshda.
Endilikda “Konstitutsiyani qo‘riqlash kengashi” yetti kun davomida nomzodlarning malakasini ko‘rib chiqadi, saralashdan o‘tganlarning nomlari 11 iyun kuni e’lon qiladi. Muddatidan oldin prezidentlik saylovlari 28 iyunga belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, 19 may kuni Eron prezidenti Ibrohim Raisiy aviahalokat natijasida vafot etdi. Mamlakat shimoli-g‘arbida Eron prezidenti va tashqi ishlar vaziri bo‘lgan vertolyot halokatga uchragandi. Kuchli tuman va tog‘li hudud tufayli halokatga uchragan vertolyotni qidirish 10 soatdan ortiq davom etgan. Mutaxassislar fikricha, falokat texnik nosozlik yoki inson omili tufayli yuz bergan bo‘lishi mumkin. Raisiy vafoti munosabati bilan Eronda besh kunlik motam e’lon qilingan. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar