23:06 / 13.06.2024
541

AQSH biqinida Rossiya kuchlari. Dunyo yangi Karib inqirozi yoqasidami?

AQSH biqinida Rossiya kuchlari. Dunyo yangi Karib inqirozi yoqasidami?
Rossiya hukumati harbiy-dengiz va yadroviy suvosti kemalarini Kubaga yubordi. Bugun Rossiyaning “Gorshkov” fregati, “Qozon” atom suvosti kemasi, “Pashin” flot neft tankeri va “Nikolay Chiker” qutqaruvchisi Gavana portiga kirib keldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya kemalari 17 iyunga qadar Gavana portida bo‘ladi. Rejalashtirilgan mashg‘ulotlar AQSH tomonidan Ukrainaning qo‘llab-quvvatlanishi kuchayib borayotganiga Rossiyaning keng ko‘lamli javobining bir qismi sifatida e’tirof etilmoqda.


Dunyo yangi Karib inqirozi yoqasidami? “Daryo” ushbu mavzuda siyosatshunoslar Oybek Sirojov va Zokir Usmonovlar bilan suhbatlashdi.

— O‘tgan haftada AQSH prezidenti Jo Bayden Zelenskiy bilan Parijda uchrashuv o‘tkazdi. Unda Amerika Ukraina uchun 225 million dollarlik harbiy yordam paketini e’lon qildi. Bundan oldin esa AQSH qurollari orqali Rossiya hududidagi nishonlarga zarba berish masalasi ko‘tarilayotgan edi. Rossiyaning bu shaxmat donasini surishi AQSHga javob tariqasida amalga oshirildi, deya olamizmi?

Oybek Sirojov, siyosatshunos:
— Rossiya eskolatsiya jarayonini yana bir pog‘onaga ko‘tarishiga AQSH prezidenti Jo Baydenning Parij shahrida Ukraina prezidenti bilan uchrashuvi asosiy sabab bo‘ldi, deyish unchalik to‘g‘ri emas. Bu yerda bir qancha nuqtalar mavjud. Birinchi nutqa — Yevropa davlatlari tomonidan Ukrainaga ularning qurollaridan foydalangan holda Rossiya ichkarisidagi nishonlarga zarba berishga ruxsat berilishi. Ikkinchi nuqta — NATO Boltiqbo‘yida katta harbiy dengiz mashg‘ulotlarini boshladi. Ushbu omillar o‘z navbatida Rossiya uchun o‘ziga xos chaqiruv hisoblanadi. Rossiya esa bunga javob tariqasida harbiy dengiz kuchlarini Gavana portlariga yuborib, endi sizlarda ham tinchlik bo‘lmaydi, degan ma’noda ish tutmoqda.

Hozir AQSH kuchlari ushbu mashg‘ulotlarni diqqat bilan kuzatib borishini ta’kidladi. Bir so‘z bilan aytganda, eskolatsiya jarayoni yana bir pog‘onaga ko‘tarildi. Lekin eskolatsiya jarayoni cheksiz emas, ma’lum bosqichga borgach, uni to‘xtatib bo‘lmay qoladi. Hozir AQSH ham, Rossiya ham bundan hayiqib turibdi.

Zokir Usmonov, siyosiy tahlilchi;
— Bu yerda Ukraina urushida frontda yangiliklarning yo‘qligi ham muhim ahamiyat kasb etadi. Buning ustiga Rossiyaning harbiy resurslari cheklanib bormoqda. Ukraina Rossiyaning Qora dengiz harbiy flotini deyarli yo‘q qilib bo‘ldi. Rossiya qo‘lida aytarli ta’sir qila oladigan instrument qolmadi.

— Oldinroq AQSH Ukrainaga Amerika qurollari orqali Rossiya hududidagi nishonlarga zarba berish masalasi ko‘tarilayotgan edi. Lekin AQSH rasmiylari bu borada bir gapni aytmadi. AQSH yon bergan bo‘lishi mumkinmi?

Oybek Sirojov, siyosatshunos:
— AQSH rasmiylari faqat Rossiyaning Belgorod shahriga zarba berishga ruxsat berdi. Lekin Rossiyaning ichkari hududlariga zarba berishga ruxsat berilmadi. Hatto ba’zi Amerika rasmiylari bunga ruxsat berib bo‘lmasligini ta’kidladi. Chunki bu eskolatsiya jarayonini yana oshiradi.

Hozir Rossiya yadro qurolidan foydalanadimi yoki yo‘q, degan masala ko‘tarilmoqda. Bu juda bahsli va halokatli masala hisoblanadi. Yadro urushida g‘olib bo‘lmaydi. Buni Rossiya tomoni ham, AQSH tomoni ham yaxshi tushunib turibdi. Shuning uchun muammoni yadro urushigacha olib chiqmaslik masalasi kun tartibida bo‘ladi.

Zokir Usmonov, siyosiy tahlilchi;
— Bu yurish orqali muayyan sharoitlarni tekshirib olishni ko‘zlagan bo‘lishi mumkin. Rossiya qarama-qarshilik darajasi qayergacha borishni sinab olmoqda.

— Bunday vaziyatda qaysi tomon birinchi bo‘lib yon beradi deb o‘ylaysizlar?

Oybek Sirojov, siyosatshunos:
— Hozir eskolatsiya jarayoni bilan birgalikda tinchlik bo‘yicha ma’lum kelishuvlar yuz bermoqda. Yaqinda Sheysariyada katta tinchlik konferensiyasi bo‘lib o‘tadi. Mana shunday tinchlik borasida kelishuvlarda, albatta, qaysidir tomon yon berishga majbur bo‘ladi.

— Qaysi tomon yon berishi mumkin?

— Ayni vaqtda Rossiya ham, G‘arb ham yon berishga tayyor emas. Bu yerda yon beruvchi tomon Ukraina va Rossiya bo‘lsa, asosiy masala — Ukrainadagi urushni to‘xtatish. Agar Rossiya bu masalada yon bersa, unga ma’lum bir majburiyatlar yuklatiladi. Bu majburiyalar, masalan, yadro qurolidan foydalanmaslik, o‘zga hududlarni anneksiya qilmaslik bo‘lishi mumkin. Yoki buning aksi bo‘lishi mumkin. Agar shunday bo‘lsa, G‘arb birinchi navbatda o‘ziga NATOni Sharqqa tomon kengaytirmaslik majburiyatini oladi.

Mening nazarimda, hozir eskolatsiyaning eng yuqori nuqtasiga chiqildi. Endi buyog‘iga yo yadro halokati yoki tinchlik.

Zokir Usmonov, siyosiy tahlilchi;
— Hali eshiklar yopilgani yo‘q. Shveysariyadagi tinchlik muzokaralari ham tinchlik tomonga, ham yadro urishi tomonga eshik. Yo uni tanlash kerak yoki buni. Rossiya o‘z harbiy dengiz kuchlarini Gavana portlariga yuborish sababi — unda boshqa “kozir qarta” qolmadi. Ukrainadan yo oldinga o‘tishi kerak yoki bosib olgan hududlarini tashlab chiqib ketishi kerak.

Oybek Sirojov, siyosatshunos:
— Rossiya o‘z harbiy dengiz kuchlarini Kubaga yuborishidan yana bir maqsad — Amerika jamiyatiga o‘ziga xos bosim o‘tkazish. Ya’ni urushni insonlar tanasida his qildirish. Chunki ayni vaqtda Rossiya Ukrainani butunlay egallay olmadi, o‘z navbatida, G‘arb ham Rossiyani butunlay tiz cho‘ktira olmaydi. Bunday pallada jamiyatning siyosiy elitaga bosim o‘tkazishi ko‘proq samara beradi. Chunki Amerika fuqarolari Ukrainadagi urushni his qilmayotgan bo‘lishi mumkin. Endi Kubada o‘tkazilayotgan harbiy mashg‘ulotlar ularni o‘ylantirib qo‘yadi va ular prezidentlik saylovida hukumatga o‘ziga hos bosim o‘tazib ko‘radi.

— Rossiya prezidenti Sankt-Peterburg Xalqaro iqtisodiy forumi doirasida Jahon axborot agentliklari vakillari bilan uchrashdi. Putin jurnalistlar bilan suhbat davomida Sovet Ittifoqi qayta tiklanmasligini ma’lum qildi. Lekin bundan oldin rus propagandachilari SSSRni tiklash borasida jar solishayotgan edi. Masalan, Putinning o‘zi ham XX asrning eng yirik fojeasi sifatida SSSRning parchalanishini ko‘rar edi. Nima uchun Putinning bu boradagi yondashuvlari o‘zgarib qoldi?

Oybek Sirojov, siyosatshunos:
— Bugungi kunda Rossiya oldida turgan eng muhim masala — Sovet Ittifoqini qayta tiklash emas, balki Rossiyaning yaxlitligini saqlab qolish hisoblanadi.

— Demak, SSSRni qayta tiklash rejalari bo‘lgan?

— Albatta, Rossiya Ukrainada harbiy harakatlarni amalga oshirishdan oldin bunday reja bo‘lgan. Masalan, Sovet Ittifoqi paydo bo‘lish tarixini olaylik. 3 ta slavyan mamlakat — Rossiya, Belarus va Ukraina birlashib, SSSR tashkil etilgan. Amerikalik siyosatshunos olim Zbegnev Brejenskiyning yondashuviga ko‘ra, Ukraina geosiyosiy nuqtayi nazardan muhim hudud. Shu nuqtayi nazardan Putinda Ukrainani egallash orqali SSSRga o‘xshash formatda ittifoqni qurish orzusi bo‘lgan. Biroq bugun Putin bu orzularini amalga oshirib bo‘lmasligi anglab yetdi. Bunga bir qancha omillar sabab bo‘ldi. Birinchisi – Ukrainani uch kun ichida taslim qila olmagani. Ikkinchisi – G‘arb tomoni har qanday sharoitda Ukrainani Rossiya qo‘liga berib qo‘ymaslikni aytdi.

Menimcha, bugun Rossiya bosib olgan hududlarni o‘z tarkibiga qo‘shib olish orqali muzokara stoliga o‘tirmoqchi. Shuning uchun Putin oldida turgan asosiy masala – SSSRni qayta tiklash emas, balki Rossiyani saqlab qolish.

Zokir Usmonov, siyosiy tahlilchi;
— Aslida Sovet Ittifoqini qayta tiklash rejasi 1990 yillarda Aleksandr Soljenestin o‘zining “Rossiyani qanday qilib qurishimiz kerak?” deb nomlangan asarida, u Rossiyani imperiya sifatida tiklash uchun Ukraina, Belarus va Qozog‘istonni egallash kerakligini yozadi. 2000 yillarda bu g‘oya kuchayib ketdi.

Rossiyadek davlatga ishonib bo‘lmaydi. Putin Ukraina urushi boshlanishdan oldin ham bostirib kirmaslik haqida va’da bergan edi. Agar Sovet Ittifoqi qayta tiklansa, bu davlat aholisining yarmi musulmonlar bo‘ladi. Agar bunday bo‘lsa, mazmun yo‘qoladi. Bu narsani Putinning o‘zi ham tilga olib o‘tdi.

Oybek Sirojov, siyosatshunos:
— Katta imperiyani shakilantirish uchun juda katta resurs kerak. Hop, SSSR qayta tiklandi ham deylik, lekin uni ushlab qolish masalasi ham bor. Bundan tashqari, bunga yirik geosiyosiy o‘yinchilar rozi bo‘lmaydi. Barcha narsani amalga oshrishda xohish emas, balki resurs hisoblanadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQSH biqinida Rossiya kuchlari. Dunyo yangi Karib inqirozi yoqasidami?