date
views 163

Saudiya Arabistonida haj ziyoratchilari uchun havo taksisi xizmati ishga tushiriladi

Saudiya Arabistonida haj ziyoratchilari uchun havo taksisi xizmati ishga tushiriladi
Foto: SPA
Saudiya Arabistonida haj ziyoratchilariga xizmat ko‘rsatish uchun havo taksisi xizmati ishga tushiriladi. Bu haqda qirollik hukumati tarqatgan xabarlarga tayanib, Al Arabiya xabar berdi.

Saudiya rasmiylari 12 iyun kuni uchar taksining birinchi sinovini amalga oshirgan. Barcha nazorat tekshiruvlari amalga oshirilgach, havo taksisi loyihasi Makka shahrida joriy qilinishi aytilgan.

EH216-S eVTOL rusumli havo droni yo‘lovchi tashish uchun yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda.

Dronning birinchi sinov parvozi Saudiya Arabistoni transport va logistika xizmatlari vaziri Solih al-Jassir va fuqaro aviatsiyasi bosh boshqarmasi prezidenti Abdulaziz al-Duaylej ishtirokida kuzatilgan.

Sinov havo taksisi haj mavsumida xizmat ko‘rsatishi mumkinligiga ishonch hosil qilish uchun o‘tkazildi”, — degan Solih al-Jassir e’lon qilgan bayonotida.

Xabarda aytilishicha, “uchar taksi” ikki kishini ko‘tarib ucha oladi. U barcha xavfsizlik parametrlariga mos ravishda ishlab chiqarilgan bo‘lib, elektr quvvati yordamida 40 kilometrgacha masofaga ucha oladi.

Rasmiylar ushbu xizmatni rivojlantirish uchun navbatdagi sinovlar va tajribalar o‘tkazilishini bildirgan. Uchish masofasi uzoqligini ko‘paytirish borasida o‘rganishlar davom etayotgani aytilgan.

Saudiya matbuot agentligi tomonidan e’lon qilingan Transport bosh boshqarmasi bayonotiga ko‘ra, havo taksi xizmati ziyoratchilarni muqaddas qadamjolar o‘rtasida tashish, favqulodda sayohatlarni osonlashtirish, tibbiy asbob-uskunalarni havo bilan yetkazish va yuklarni tashish uchun logistika xizmatlarini ko‘rsatishni maqsad qilgan.

Ma’lumot o‘rnida, joriy yilda Saudiya Arabistonida haj mavsumi 14 iyun kuni boshlanishi belgilab qo‘yilgan edi.
Bu yilgi mavsumda 1,5 million nafardan ortiq ziyoratchi Saudiya Arabistoniga tashrif buyurgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Saudiya Arabistonida haj ziyoratchilari uchun havo taksisi xizmati ishga tushiriladi