13:52 / 08.07.2024
343

Hindistonda yil to‘yiga tayyorgarlik: tadbirga dunyoning eng badavlat va mashhur insonlari keladi (foto)

Hindistonda yil to‘yiga tayyorgarlik: tadbirga dunyoning eng badavlat va mashhur insonlari keladi (foto)
Hindistonda yilning eng dabdabali to‘y marosimiga tayyorgarlik ishlari davom etmoqda. Osiyodagi eng badavlat odamning o‘g‘li Anant Ambani va milliarderlarning qizi Radika Merchantning to‘yi 12—14 iyul kunlari kuyovning uyida, Mumbayda joylashgan 27 qavatli saroyida hamda o‘z ichiga 16 000 dan ortiq odamni sig‘dira oladigan Jio World Family Convention Center'da bo‘lib o‘tadi.

Foto: Hindustan Times

Jio World conference center, Mumbay
Foto: “Archello.com”

CNN ma’lumotlariga ko‘ra, bunday megaloyiha odatda 9 oydan 12 oygacha tayyorgarlik ishlarini talab qiladi va mazkur to‘yga 40-45 ga yaqin yirik agentliklar va hamkorlar jalb qilingan. Alohida jamoalar chiptalarni bron qilish, ko‘ngilochar tadbirlar ssenariysi, logistika, xavfsizlik va boshqa vazifalar bilan shug‘ullanadi.

Foto: Reuters
5 iyul juma kuni milliarderlar Anant Ambani va Radika Merchantning to‘ydan bir hafta oldingi Sangit nomli milliy marosimi bo‘lib o‘tdi. Shou va katta konsertga aylanib ketgan marosimda dunyoga mashhur san’atkorlar, jumladan, Jastin Biber, Adel, Lana Del Rey kabilar ham bor edi. Mahalliy matbuotning yozishicha, Biber bir necha soatlik shaxsiy konserti uchun 10 million dollar haq olgan.

Foto: Instagram

Foto: Sky News
Sangit — Hindistonda to‘y oldidan raqsga tushish, qo‘shiq kuylash va qarindoshlar bilan sovg‘alar ulashishdan iborat an’anaviy marosim bo‘lib, tadbir Mumbaydagi Nita Mukesh Ambani madaniyat markazida bo‘lib o‘tdi. Tarmoqlarda Ambanilar oilasi birgalikda raqs tushgan videosi virusdek tarqalib ketdi:

Sangit marosimi boshlanishidan avval ertalab jurnalistlar bilan suhbatlashishdan bosh tortgan Jastin Biber kameralarga tushib qolgan edi.

Foto: People
Avvalgi tadbirlarda bo‘lganidek, er-xotin bayram kunidan hech qanday fotosuratlar va videolarni tarmoqlarga joylashtirmadi, biroq unga tashrif buyurgan mehmonlar internetga bir nechta videolarni joyladi va ular qisqa muddatda tarqalib ketdi.


Foto: Instagram
So‘ng Anant va Radika oilasi va do‘stlari bilan O‘rta Yer dengizi kruiziga ketdi. Ular Keti Perri, Pitbull va Backstreet Boys kabi taniqli xonandalar ishtirokidagi komsertlarni o‘z ichiga olgan Yevropa bo‘ylab 5 kunlik sayohatni boshladi.

Foto: People
Milliarderlarning yil to‘yiga tayyorgarligi joriy yil mart oyidan boshlandi. Bahorda o‘tkazilgan uch kunlik tadbirda Rianna (7 million AQSH dollari evaziga), Mark Sukerberg, Bill Geyts, Kanada sobiq bosh vaziri Stefan Xarper, Avstraliya sobiq bosh vaziri Kevin Rudd, Disney bosh direktori Bob Iger, Ivanka Tramp va boshqa ko‘plab taniqli insonlar mehmon bo‘ldi. Ekspertlar hisob-kitobiga ko‘ra, bunday tadbirga taxminan 130 million dollar sarflangan.

Foto: Hindustan Times
Ayni damda dabdabali to‘yga hozirlik ko‘rayotgan Ambanilar oilasi boyliklarini namoyish qilish borasida tanqidlarga ko‘p uchradi. Shuning uchun kuni kecha ular shahardagi 50 nafar juftlik uchun ommaviy to‘y o‘tkazib, ularga zargarlik, uy-ro‘zg‘or buyumlari va bir yilga yetadigan oziq-ovqatni sovg‘a qilishdi:

Eslatib o‘tamiz, Mukesh Ambani 111 milliard AQSH dollarini tashkil etuvchi sof kapitali bilan Osiyodagi eng boy odam va dunyodagi eng badavlat kishilar ro‘yxatida 11-o‘rinda turadi.

66 yoshli magnat otasi Dhirubhay Ambani asos solgan Reliance konsernini boshqaradi.

Uning biznesi neftni qayta ishlash, chakana savdo, telekommunikatsiya, oziq-ovqat mahsulotlarini sotish va raqamli platforma xizmatlarini taqdim etishni o‘z ichiga oladi.

Foto: India Today
Uning o‘g‘li Anant Ambani — Reliance kompaniyasi bo‘limlaridan birining direktori. O‘tgan yilning yanvar oyida u otasiga qarashli Encore farmatsevtika kompaniyasining direktorlar kengashi a’zosi bo‘lgan Radika Merchantning qo‘lini so‘ragandi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Hindistonda yil to‘yiga tayyorgarlik: tadbirga dunyoning eng badavlat va mashhur insonlari keladi (foto)
ePN