12:42 / 14.07.2024
384

«Erkagi yo‘q uyga begona erkak kirmaydi» yoki ozarbayjonlik jurnalist taassurotlari

«Erkagi yo‘q uyga begona erkak kirmaydi» yoki ozarbayjonlik jurnalist taassurotlari
Ashraf degan ozarboyjonlik bir do‘stim bor edi. Ozarboyjonning «Adabiyot va inja san’at» gazetasida ishlar, yozuvchi, rassom edi. Aksariyat ozarboyjonlar kabi so‘zga chechan, mag‘rur, ammo ko‘ngli ochiq, dilkash, suhbati shirin inson edi. U bilan tanishishimiz qiziq bo‘lgan.

Men «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasida ishlardim. Tahririyat u paytda hozir O‘zA joylashgan 17 qavatli binoda edi. Pastdan eshik og‘asi qo‘ng‘iroq qilib, sizlarga Ozarboyjondan mehmon kelibdi, dedi. Mehmon bo‘lsa, kiriting, dedim.

Bir ozdan so‘ng o‘rta bo‘yli, qoracha yigit kirib keldi. Salom-alik qildik, tanishdik. Negadir uning shashti past, hatto bir oz tushkun kayfiyatda edi. Maqsadini aytdi. U vaqtlarda (80-yillar) hozirgi Bektemir tumani shaharga qaramas, Toshkent viloyatining bir qo‘rg‘oni bo‘lib, Narimonov nomida edi (Narimon Narimonov davlat arbobi, yozuvchi va publitsist bo‘lgan). Ashraf (mehmon) shu Narimonov shaharchasi haqida gazetasiga material tayyorlash uchun kelgan ekan. Uch kundan beri shu ish bilan yuribman, dedi. Komandirovkangiz qachongacha, deb so‘radim. Hali to‘rt-besh kun bor, ammo ishim tezroq bitsa ketardim, dedi. Bildimki, nimadandir norozi. Yozuvchilar uyushmasiga uchragan ekan, Do‘rmondagi ijod uyidan joy berishibdi. U yerdan shaharga kelish, Narimonovga borish oson emas edi u vaqtlarda. Buning ustiga mashina yo‘q, jamoat transportida u yoqdan-bu yoqqa yurishning o‘zi bo‘ladimi? Shundan bir oz ranjigan ekan chamamda.

Men uning ko‘nglini ko‘tardim. Xafa bo‘lmang, Ashraf, hammasi yaxshi bo‘ladi, biz yordam beramiz, dedim.

Ishdan keyin uni uyga olib ketdim. Endi Do‘rmonga qatnamaysiz, ketguningizcha biznikida turasiz. Uyimiz tor bo‘lsa ham ko‘nglimiz keng, dedim kulib. Qandaydir noqulay, dedi. Xijolat bo‘lmang. Ertalab birga chiqamiz uydan, sizga odam qo‘shib beraman, iloji boricha mashina ham topib beraman. Narimonovga borasiz, ishlaringizni qilasiz, kechqurun birga qaytamiz uyga. Materiallar, suratlar bo‘yicha ham yordam beramiz. Ishingiz bitganidan so‘ng o‘zim kuzatib qo‘yaman aeroportga, dedim.

Shunday qilib, Ashraf to‘rt-besh kun biznikida turdi.

Bir kuni Ashraf tahririyatga kelmadi. Ish vaqti tugayapti hamki undan darak yo‘q. Nima bo‘ldi ekan, deb xavotir ola boshladim. Shu mahal telefon jiringladi. Olsam uydan qo‘ng‘iroq bo‘lyapti. Ozarboyjon do‘stingiz keldi, ammo sizning uyda emasligingizni bilgach, kirmadi, pastda skameykada o‘tiribdi. Shuncha kiring desam ham kirmadi, dedi xotinim.

Men ishimni apil-tapil yig‘ishtirib, yo‘lga tushdim. Borsam Ashraf yo‘lagimiz oldidagi skameykada sigereta chekib o‘tiripti. Nega uyga kirmadingiz, desam, erkagi yo‘q uyga begona erkakning kirishi mumkin emas, deydi.

Ofarin! Qoyil qoldim. Mana odob, mana farosat!..

Ashraf gazetasi uchun materiallar, suratlar to‘pladi. Unga imkon darajasida yordam berdik.

Aeroportga kuzatib chiqdim. Samolyotga chiqishdan oldin suhbatlashib turganimizda u menga:

– Agar seni (biz to‘rt-besh kunda bir-birimizni sensirab gaplashadigan bo‘ldik) uchratmaganimda o‘zbeklar haqida, O‘zbekiston haqida boshqacha fikrda ketardim. Bu safarim O‘zbekistonga birinchisi va oxirgisi bo‘lardi, – dedi.

Har kuni ishdan kelgach, uyda Ashraf bilan uzoq suhbatlashardik. Turkiy xalqlarning boy tarixi, dunyo voqealari ham, adabiyot va san’at, xullas, gaplashmagan mavzumiz qolmasdi. Ko‘plab ozarboyjonlar singari Ashraf ham anchagina sergap edi. Shu suhbatlar orasida Toshkentga kelib kimga uchrashgani, u qanday kutib olgani, Do‘rmonga qatnagani haqida biroz ranjigannamo gapirgan edi.

– Menga qara, Ashraf, – dedim uning yelkasiga qo‘limni tashlab. – Avvalo, men haqimda aytgan yaxshi gaplaring uchun rahmat. Lekin men bu fikringga qo‘shilmayman. Sababi – bitta-ikkita odamni deb butun millat, xalq haqida bunday deyish noto‘g‘ri. Bunaqa befarosat odamlar hamma joyda, hamma millatda bor, afsuski, kam emas. Sen ijodkor odamsan, xulosa chiqarishga shoshilma.

Ashraf kuldi.

Bokuga uchadigan yo‘lovchilarni samolyotga chiqish taklif etildi.

– Bo‘pti, – dedi Ashraf xush kayfiyatda. – Seni tushundim. Barchasi uchun senga cho‘x tashakkur. Yana kelaman Toshkentga, albatta kelaman. Ammo avval sen borasan Bokuga.

Quchoqlashib xayrlashdik.

Ashraf bir necha marta Toshkentga keldi, men Bokuga bordim. Ijodiy do‘stligimiz oilaviy do‘stlikka aylandi.

Mamatqul Hazratqulov

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Erkagi yo‘q uyga begona erkak kirmaydi» yoki ozarbayjonlik jurnalist taassurotlari