18:02 / 14.07.2024
165

Dunyo yetakchilari Donald Trampga qilingan suiqasdni qoraladi

Dunyo yetakchilari Donald Trampga qilingan suiqasdni qoraladi
Foto: Getty Images
Avstraliyadan Buyuk Britaniyagacha, Xitoydan Ukrainagacha butun dunyo yetakchilari AQSHning sobiq prezidenti va saylovga nomzod Donald Trampga suiqasd uyushtirilishini qoraladi.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu birinchilardan bo‘lib, o‘zi va uning rafiqasi prezident Trampga qilingan hujumdan hayratda qolganini va uning xavfsizligi hamda tezroq tuzalib ketishi uchun ibodat qilishayotganini aytgan.

Vengriya bosh vaziri Viktor Orban X ijtimoiy tarmog‘ida uning fikrlari va ibodatlari ushbu qorong‘i soatda prezident Tramp bilan ekanini yozgan.

"Mening fikrlarim suiqasd qurboni bo‘lgan prezident Donald Tramp bilan. Bir nafar tomoshabin halok bo‘ldi va bir necha kishi yaralandi. Fransiya Amerika xalqining shok va g‘azabini baham ko‘radi", — deydi Fransiya prezidenti Emmanuel Makron.

Yaqinda suiqasddan omon qolgan Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso voqeada Trampning siyosiy raqiblarini ayblagan.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘z videomurojaatida Trampga suiqasdni “faqat qoralash mumkin bo‘lgan dahshatli jinoyat” deb atagan:

"Zo‘ravonlik hech qanday shaklda va hech qayerda ustun bo‘lmasligi kerak, men Amerika bu qiyinchilikni munosib tarzda yengib o‘tishiga ishonaman, janob Trampga shifo tilayman".

Xitoy rahbari Si Szinpin sobiq prezident Trampga hamdardlik bildirgan.

Trampga suiqasdni Yevropa diplomatiyasi rahbari Josep Borrel, BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish, Buyuk Britaniya bosh vaziri Key Starmer, Germaniya kansleri Olaf Shols, Hindiston bosh vaziri Narendra Modi, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev, Moldova prezidenti Mayya Sandu hamda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham qoralagan.

Prezident matbuot kotibining xabar qilishicha, Shavkat Mirziyoyev AQSH sobiq prezidenti Donald Tramp Pensilvaniya shtatida saylovoldi uchrashuvda nutq so‘zlayotgan chog‘ida uning hayotiga suiqasd uyushtirilgani haqidagi xabarni chuqur xavotir bilan qabul qilgan.

O‘zbekiston prezidenti ushbu zo‘ravonlik harakatini keskin qoraladi va Donald Trampga tez fursatda sog‘ayib ketishini tiladi.

Donald Trampga suiqasd

AQSHning sobiq prezidenti Donald Tramp 14 iyul kuni Pensilvaniyaning Batler shahridagi saylovoldi mitingi paytida yaralangan edi. Hodisa aks etgan videoda uning chiqishi chog‘ida o‘q ovoziga o‘xshash tovushlar eshitilgan. Shundan so‘ng Tramp qulog‘ini ushlab yotib olgan. Qo‘riqchilar shu zahoti Trampni o‘rab oldi. Prezidentlikka nomzod o‘rnidan turganida qulog‘idan qon oqayotganini ko‘rish mumkin. Maxsus xizmat agentlari uni qurshab olib, ko‘tarilishga yordam berdi va sahnadan olib ketgan.

Bu hodisa qotillikka urinish sifatida baholanmoqda. O‘q uzgan shaxs maxsus xizmat xodimlari tomonidan o‘ldirilgan.

Ayni paytda uning ahvoli yaxshi ekanligi aytilmoqda. AQSHning amaldagi prezidenti Jo Bayden Trampning xavfsizlikda ekanini hamda o‘zini yaxshi his qilayotganini eshitganidan xursand ekanini aytgan. Har ikki yirik partiyaning amerikalik siyosatchilari Trampni qo‘llab-quvvatlovchi va siyosiy zo‘ravonlikni qoralovchi bayonotlar bilan chiqmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Dunyo yetakchilari Donald Trampga qilingan suiqasdni qoraladi