23:30 / 25.07.2024
72

Kongress Netanyahuni tik oyoqda olqishladi. Bir deputat uni harbiy jinoyatchi deb qoraladi

Kongress Netanyahuni tik oyoqda olqishladi. Bir deputat uni harbiy jinoyatchi deb qoraladi
Tel-Aviv ma’muriyati tanqidiy pozitsiyasi sabab Rashida Tolibning Isroilga kirishini man etgan.

24 iyul kuni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu AQSH Kongressida ma’ruza qildi. Haagadagi Xalqaro mahkama prokurori tomonidan G‘azo sektorida qirg‘in sodir etishda ayblanib, qamoqqa olinishi talab etilgan siyosatchining Qo‘shma Shtatlar qonunchilik idorasida nutq irod qilishi ko‘p sonli demokratlar tomonidan boykot qilindi.

Netanyahu o‘z ma’ruzasida G‘azo sektoridagi qatliomlarni oqlashga uringan. Qariyb bir soatlik nutq mobaynida AQSH qonunchilari Isroil bosh vazirini o‘nlab marta qarsak va olqishlar bilan qo‘llab-quvvatlagan.

«Newsweek» jurnali xabariga ko‘ra, zalda o‘tirgan deputatlardan birgina Rashida Tolib Netanyahuga o‘ziga xos tarzda norozilik bildirgan. Asli falastinlik siyosatchi yahudiy davlati bosh vaziriga qarata «Harbiy jinoyatchi», «Qatliom aybdori» kabi jumlalar yozilgan peshlavha ko‘tarib turgan.

«Isroilning aparteidchi hukumati falastinliklarga qarshi genotsid sodir etmoqda. Ammo ular falastinliklarni yo‘q qila olmaydi», – deb yozgan Rashida Tolib ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida.

Kongressning Vakillar palatasi a’zosi Rashida Tolib prezident Jo Baydenning Falastin–Isroil ziddiyatidagi pozitsiyasini tanqid qilib keladi. Unga ko‘ra, Isroil HAMASning xatti-harakati uchun G‘azoda yashovchi ko‘p ming sonli aholini jazolamoqda. Bayden ma’muriyati esa Isroilni bir tomonlama dastaklagani holda, bomba yomg‘iri ostida qolayotgan oddiy falastinliklar taqdiriga qayg‘urmayotir.

Buyuk Britaniyaning «The Guardian» gazetasi yozishicha, AQSH kongressmenlari Netanyahuni tik oyoqda olqishlayotgan bir paytda Vashington ko‘chalarida Isroilning G‘azo sektoridagi zo‘ravonlik siyosatiga qarshi norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tgan.

Asli yahudiy millatiga mansub senator Berni Sanders G‘azodagi qirg‘in boshida turgan Netanyahuga Kongressda minbar berilganini keskin tanqid qilgan. «Amerika tarixida ilk bor harbiy jinoyatchi shunday sharafga noil etilmoqda», – degan Sanders.

Jahon axborot agentliklari xabariga ko‘ra, Netanyahu Kongressda nutq so‘zlayotgan paytda Isroil armiyasi G‘azo sektorini bombardimon qilishda davom etgan. Yahudiy davlati harbiylari HAMAS hujumiga javoban G‘azo sektoriga bostirib kirgan 2023 yil 7 oktyabrdan buyon 39145 nafar falastinlik halok bo‘lgan. Ularning salmoqli qismi begunoh bolalardir.

«The Lancet» jurnali ma’lumotlariga qaraganda esa, so‘nggi 9 oy davomida halok bo‘lgan falastinliklar soni 186 ming kishidan ortadi.

Xalqaro tashkilotlar Isroil armiyasini qurollantirayotgan birinchi raqamli mamlakat – AQSHdan qurol-aslaha yetkazishni to‘xtatishni talab qilmoqda. Oxfam hamda Human Rights Watch inson huquqlari tashkilotlari Isroil bombardimonlarida minglab falastinlik tinch aholi vakillari o‘ldirilganini qayd etib, Tel-Aviv Vashington tomonidan yetkazilayotgan qurollardan xalqaro huquq me’yorlari doirasida istifoda etishini savol ostiga olgan.

Jahon matbuoti xabariga ko‘ra, xalqaro hamjamiyat e’tiroziga qaramay, AQSH Isroilni goh imi-jimida, goh oshkora qurollantirishda davom etmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Kongress Netanyahuni tik oyoqda olqishladi. Bir deputat uni harbiy jinoyatchi deb qoraladi