14:38 / 26.07.2024
73

Yaponiya shimolida kuchli yog‘ingarchilik suv toshqini va ko‘chkilarga sabab bo‘ldi

Yaponiya shimolida kuchli yog‘ingarchilik suv toshqini va ko‘chkilarga sabab bo‘ldi
Foto: Reuters
Yaponiyaning shimoliy hududlarida kuzatilgan kuchli yog‘ingarchilik halokatli suv toshqinlari va ko‘chkilarni keltirib chiqardi. Bu haqda America Online nashri xabar berdi.

Manbada aytilishicha, mamlakat shimoliy prefekturalarida tabiiy ofat oqibatida transport harakati to‘xtab qolgan. Tog‘li hududga yaqin aholi punktlarini suv yuvib ketgan.

Yaponiya politsiyasi halokat joylarida qutqaruv va tekshiruv ishlari olib borilayotganini bildirgan. Hozirga qadar 4 nafar fuqaro bedarak yo‘qolgan, ulardan ikki nafari politsiya xodimi bo‘lgan.

Foto: VOA News
Shimoliy hududdagi Yamagata va Akita prefekturalarida yomg‘ir to‘xtagan. Shunga qaramay hudud hali ham suv toshqini va ko‘chki xavfi ostida qolmoqda. Mamlakat bosh vaziri Fumio Kisida odamlarni “xavfsizlikni birinchi o‘ringa qo‘yish” va xavfli hududlarni tark etishga chaqirgan.

Toshqin xavfi e’lon qilingan hududlardan yuzlab fuqarolar evakuatsiya qilingan. Yokote shahridagi daryodan qayiqlar yordamida 11 kishi qutqarib olingan.

Foto: America Online
Yamagata prefekturasining Shinjo shahrida vaziyat ancha qaltis tus olgan. Shaharga kirish va chiqish yo‘llari yopilgan. Shinjo shahri chetida joylashgan, 37 nafar keksa fuqaro istiqomat qiladigan qariyalar uyi toshqin ostida qolgani, hududga hozircha yetib borish imkonsiz ekani aytilgan.

Hukumat mamlakat shimoliga poyezd va boshqa fuqarolik transporti qatnovlarini to‘xtatgan. Hozircha jarohatlanganlar va halok bo‘lganlarning umumiy soni ma’lum emas.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Yaponiya shimolida kuchli yog‘ingarchilik suv toshqini va ko‘chkilarga sabab bo‘ldi