13:46 / 03.08.2024
148

Trampning prezidentlikka kelishidan qaysi davlatlar eng ko‘p zarar ko‘radi?

Trampning prezidentlikka kelishidan qaysi davlatlar eng ko‘p zarar ko‘radi?
Foto: Stephen Maturen / Getty Images
Britaniyaning The Economist jurnali tahliliy bo‘limi – Economist Intelligence Unit (EIU) Donald Trampning ikkinchi marta prezidentlikka kelishi AQSHning 70 ta eng yirik savdo hamkorlariga qanday ta’sir qilishini tahlil qildi.

Agar Donald Tramp noyabrdagi saylovlarda g‘alaba qozonsa, Amerika siyosatida katta o‘zgarishlar ro‘y beradi”, deb yozadi The Economist.

Nashrning qayd etishicha, AQSHning savdo hamkorlari bojlar oshishi va cheklovlar qattiqlashishini kutishi kerak. Sobiq prezident importga boj joriy etish rejalarini allaqachon e’lon qilgan.

Harbiy yordam ham shartli bo‘lishi mumkin. Bunda Qo‘shma Shtatlarning ittifoqchilari o‘zlarining mudofaa xarajatlarini oshirishga majbur bo‘lishadi.

Ekspertlar mamlakatlarning savdo, xavfsizlik va migratsiya bo‘yicha AQSH olib boradigan siyosatga bog‘liqligi jihatdan, Trampning ikkinchi muddat prezidentlikka saylanishi qaysi davlatlarga ko‘proq sezilishini prognoz qildi.

Qo‘shma Shtatlarning eng yirik savdo sherigi Meksika 100 balli tizimda 71,4 ball bilan reytingda birinchi o‘rinni egallagan. Qattiq immigratsiya siyosati Amerikaga qonuniy va noqonuniy yo‘llar bilan kirgan millionlab meksikaliklarga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Amerikadan pul o‘tkazmalari meksikalik oilalar uchun muhim daromad manbai hisoblanadi.

Shuningdek, Meksika AQSH bilan savdo jihatdan qattiq bog‘langan. Xususan, 2023 yilning yakuniga ko‘ra, Xitoyni ortda qoldirib, Amerika uchun birinchi raqamli mahsulot yetkazib beruvchi eksportyorga aylangan. Savdo taqchilligi Trampni qattiq tashvishga solyapti. O‘tgan yilda Meksika bilan defitsit 152 milliard dollarga yetgan. Tariflarni joriy qilish yoki NAFTA kabi savdo shartnomalarini qayta ko‘rib chiqish kabi proteksionistik savdo siyosatining har qanday ko‘rinishi Meksika iqtisodiyotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Ikki davlat o‘rtasidagi yaqin harbiy hamkorlik va AQSH mudofaa siyosatidagi har qanday o‘zgarish ham Meksika uchun salbiy oqibatlar yaratadi.

Lotin Amerikasining yana beshta davlati kuchli o‘nlikka kiritilgan. Kosta-Rika va Panama mudofaa xarajatlarining kamligi hamda Amerika harbiy yordamiga qaramligi tufayli ikkinchi va beshinchi o‘rinlarga joylashtirilgan.

Dominikan Respublikasi, Salvador va Gonduras esa migratsiya siyosatining qattiqlashtirilishiga zaifligi sababli indeksda yuqori o‘rinlarni egallagan. AQSHdan pul o‘tkazmalari ushbu mamlakatlar YAIMning 8 foizdan 23 foizgacha qismini tashkil etadi.

Germaniya NATO mamlakatlari ichidagi eng yuqori, uchinchi o‘ringa joylashtirilgan. Mutaxassislar buni Tramp o‘zining birinchi muddatida Germaniyadan 12 mingdan ortiq amerikalik askarni olib chiqmoqchi bo‘lgani va mamlakatning mudofaa xarajatlari kamligini (NATO‘ga a’zo davlatlar YAIMning kamida 2 foizini mudofaaga sarflashi kerak) tanqid qilgani bilan izohlagan. Agar Tramp prezidentlikka kelsa, ittifoqchilarini mudofaa xarajatlarini oshirishga majburlash usuli sifatida Ukrainaga harbiy yordamni kamaytirish bilan tahdid qilishi mumkin.

Tramp birinchi muddatida savdo urushi olib borgan Xitoy Osiyo davlatlari orasida birinchi, umumiy hisobda esa oltinchi o‘rinni egallagan. Trampning hokimiyatga kelishi rasmiy Pekinga eng avvalo savdo nuqtayi nazaridan ko‘proq ta’sir qiladi. Tramp Xitoy tovarlariga 60 foizlik boj joriy etish bilan tahdid qilyapti.

Saudiya Arabistoni 100 balldan 9,4 ball to‘plab, Trampning kelishi eng kam ta’sir qiladigan mamlakat sifatida qayd etilgan. Bu podsholikning Amerika savdosiga bog‘liqligi (qurol sotib olishdan tashqari) pasaygani bilan bog‘liq.

Avstraliya Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi mamlakatlar bilan kuchli savdo aloqalarini yo‘lga qo‘ygani sababli indeks bo‘yicha ham eng past o‘rinlardan birini egallagan. Kollektiv G‘arb bilan savdoning aksariyat turlaridan allaqachon uzilib qolgan Rossiya reytingda 63-o‘ringa joylashtirilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Trampning prezidentlikka kelishidan qaysi davlatlar eng ko‘p zarar ko‘radi?