15:35 / 01.09.2024
37

Rossiya regionlari bo‘ylab 150 dan ortiq dron hujum qildi

Rossiya regionlari bo‘ylab 150 dan ortiq dron hujum qildi
Foto: Telegram / VVGLADKOV
Rossiya mudofaa vazirligi federatsiyaning 15 ta regioniga, jumladan Moskva shahriga ukrainlarning 150 dan ortiq uchuvchisiz uchar qurilmalari hujum qilgani haqida xabar berdi. Ikkita dron Moskva neftni qayta ishlash zavodi hududida urib tushirilgan, degan shahar meri Sergey Sobyanin. Moskva oblastida Kashir GRES hujumga uchragan, yana bir nishon Tver oblastining Konakovo shahri bo‘lgan, bu yerda ham elektr stansiya joylashgan.

Rossiya mudofaa vazirligiga ko‘ra, samolyot tipidagi 158 dona dron urib tushirilgan yoki to‘xtatilgan. Bu rekord miqdor hisoblanadi, ammo 100 dan ortiq dronlar ishtirokidagi hujum avval ham kuzatilgandi. Rossiya mudofaa vazirligi 14 avgust kuni sakkiz region uzra 117 ta dron yo‘q qilingani to‘g‘risida ma’lumot bergandi.

Mudofaa vazirligining tundan tonggacha bo‘lgan vaqtdagi press-relizlarida 10 ta regiondagi hujumlar haqida gap ketadi. Harbiy idora keyinroq ro‘yxatga yana beshta hududni qo‘shdi: Kursk, Tambov, Smolensk, Orlov va Ivanovo oblastlari. Kursk oblastida eng ko‘p — 46 dron yo‘q qilingani aytilgan. Shuningdek, Bryanskda — 34, Voronejda — 28, Belgorodda — 14 ta. Lekin vazirlik raqamlari gubernatorlar tunda keltirgan raqamlar bilan mos kelmaydi.

Tungi soat birdan boshlab Moskva meri Sergey Sobyanin har soatda telegramda Moskvaga uchib kelgan yoki Moskva oblastida urib tushirilgan navbatdagi dron haqida yozib turdi. Ertalabki soat beshga kelib turli rayonlarda beshta dron hujumi qayd etildi: Podolsk, Stupino, Odinsovo, Lenin shahar okrugi.

Soat yetti yarimda Sobyanin bitta dron Moskva shahriga kirishga muvaffaq bo‘lgani — u Kapotnadagi Moskva neftni qayta ishlash zavodi hududida urib tushirilgani, «shikastlanish va jabrlanganlar yo‘qligi, zavod faoliyatiga xavf yo‘qligi»ni bildirdi. Keyinroq urib tushirilgan yana bir dron neftni qayta ishlash zavodi hududidagi binolardan birining ustiga tushdi, natijada yong‘in boshlandi.

Ertalab soat sakkizga kelib Moskva merining hisoblariga ko‘ra, shahar hududida urib tushirilgan dronlar soni 11 taga yetgandi (Mudofaa vazirligi xabarida ikkita kamroq). Shu bilan birga, Sobyanin o‘z statistikasiga Moskva oblasti Kashir shahriga qilingan hujumlarni kiritmagan, bu yerda Oka daryosi bo‘yidagi elektr stansiyasi hujum nishoni bo‘lgandi.

Bu ma’lumotni shahar okrugi rahbari Mixail Shuvalov telegram orqali tasdiqlagan: «Kashir GRES hududiga uchta pilotsiz uchish qurilmasi bilan hujum qilishga urinish amalga oshirildi. Qurbonlar va vayrongarchiliklar yo‘q, yong‘in ham kelib chiqmadi».

Moskva oblasti hujumga uchragan to‘qqizinchi region bo‘ldi, Tver oblasti esa sakkizinchisi edi. Hudud rahbariyati havo hujumidan mudofaa tizimlari «Konakovo hududida» beshta dronni urib tushirgani haqida xabar bergan.

Bu vaqtga kelib telegram-kanallarda allaqachon nafaqat Kashirdagi, balki Volga yoqasidagi Konakovo GRES ham hujumga yo‘liqqani haqida xabar paydo bo‘lgandi. Bu haqda rasmiy izoh berilmagan, Mudofaa vazirligi esa Tver oblastida beshta emas, bitta dron urib tushirilgani haqida xabar qilgan.

Konakovo Moskva oblasti bilan chegaradosh hisoblanadi. Moskva oblasti bilan chegaradosh bo‘lgan yana bir hudud bo‘lmish Tula oblastida rasmiylar uchta dron hujumi haqida xabar bergan.

Hujum yopirilma tus olgani haqida birinchi bo‘lib Bryansk oblasti gubernatori Aleksandr Bogomaz xabar qilgandi. Tungi soat birlar atrofida u 12 ta dron urib tushirilgani haqida xabar beradi, ikki soat o‘tganidan keyin — yana 14 ta dron haqida yozadi. Tongda yakunlarni keltiradi: 27 ta (Rossiya mudofaa vazirligi xabariga ko‘ra — 34).

Voronej oblastida, gubernator Aleksandr Gusevning ma’lumotiga ko‘ra, 28 ta dron «yo‘q qilingan va bostirilgan», uchta xususiy uy shikastlangan, jarohat olganlar yo‘q.

Lipetsk oblasti rahbari Igor Artamonov Lipetsk sanoat zonasi ustida va regionning yana ikki rayonida uchuvchisiz uchish apparatlari urib tushirilgani haqida yozgan (ularning soniga aniqlik kiritilmagan). Qo‘shni Ryazan oblasti gubernatori Pavel Malkov ham hech qanday tafsilotlarni keltirmagan holda dronlar urib tushirilgani haqida ma’lumot bergan (keyinroq mudofaa vazirligi mazkur hududda sakkizta dron yo‘q qilingani haqida xabar berdi).

Tongga kelib hujumga yo‘liqqan o‘ninchi region nomi ma’lum bo‘ldi, bu Kaluga oblasti edi. Hudud gubernatori Vladislav Shapsha dronlar «regionning turli qismlarida» urib tushirilgani haqida xabar berdi, jumladan Kaluga shahri chekkalarida ham (harbiylar versiyasiga ko‘ra, beshta dron urib tushirilgan).

Belgorod gubernatori Vyacheslav Gladkov tunda telegram-kanallarda Belgorod navbatdagi marta o‘qqa tutilgani to‘g‘risida tarqalgan xabarni tasdiqladi. U oblast markazi va Belgorod rayoniga aynan qanday vositalar bilan zarba berilganiga aniqlik kiritmagan.

«Belgorod shahri va Belgorod rayonida havo hujumidan mudofaa tizimimiz ishladi — shaharga kirish joyida havodagi bir necha nishonlar urib tushirildi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, jabrlanganlar yo‘q», — degan u telegramda.

Boshqa gubernatorlarning postlarida ham jabrlanganlar haqida ma’lumot yo‘q, ammo Belgorodda bir necha avtomobil yonib ketgan (gubernatorning o‘zi fotolarni e’lon qilgan) va uylarning fasadlari shikastlangan.

Juma kuni kechqurun Belgorod raketa zarbasiga uchragandi. Gubernator besh kishi halok bo‘lib, 46 kishi yaralangani haqida ma’lum qilgandi.

O‘sha kuni rossiyaliklarning Xarkiv bo‘ylab zarbasi oqibatida olti kishi halok bo‘lgandi, bu shaharda snaryadlardan biri 12 qavatli turar joy binosiga kelib urilgan. Oblast harbiy ma’muriyatiga ko‘ra, shanba kuni Xarkiv yana bir bor o‘qqa tutilishi oqibatida ikki kishi halok bo‘lgan.

Yil davomida ukrain dronlari muntazam ravishda rossiyaliklarning harbiy aerodromlariga, shuningdek neftni qayta ishlash va saqlash obyektlariga hujumlar qilgan.

Ukrainada esa energetika obyektlari va muhim infratuzilmalar yopirilma hujumlarga uchraydi, buning natijasida tinch aholi vakillari ham halok bo‘ladi. Bundan tashqari, Rossiya armiyasi muntazam ravishda Xarkiv, Sumi va Ukrainaning boshqa regionlarini o‘qqa tutadi.

26 avgust tongida Rossiya Ukraina bo‘ylab yopirilma zarbalar yo‘llagan, buning uchun 100 dan ortiq raketa va 100 ga yaqin zarbdor dronlardan foydalangan. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘shanda bu urush boshlanganidan buyon amalga oshirilgan «eng yirik zarbalardan biri bo‘lgani»ni aytgandi. Россия ва Украина уруши

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiya regionlari bo‘ylab 150 dan ortiq dron hujum qildi