G‘azoda garovga olingan olti nafar isroillikning jasadi topilishi ortidan, Isroilda urush boshlanganidan keyingi davrdagi eng yirik namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Muxolifat yetakchisi Yair Lapid umummilliy ish tashlashga chaqirgan. Binyamin Netanyahu hukumati va Hamas o‘rtasidagi muzokaralar yana boshi berk ko‘chada, tomonlar bir-biridan nimani talab qilyapti?
Isroilning eng yirik kasaba uyushmasi Histadrut ishchilarni 2 sentyabr kuni iqtisodiyotning muhim tarmoqlari, jumladan bank sektori, sog‘liqni saqlash va mamlakatning asosiy xalqaro aeroporti Ben Gurion faoliyatiga to‘sqinlik qilish maqsadida umumiy ish tashlashga chaqirgan edi.
Biroq mehnat munosabatlari sudi ish tashlashni siyosiy xarakterga ega deb topdi va ish tashlash boshlanganidan 8 soat o‘tib, uni tugatishga buyruq berdi.
Ko‘plab tahlilchilarning fikricha, Netanyahuning qarorlariga xalqaro bosim emas, aynan Isroil jamiyatining noroziligi ko‘proq ta’sir qiladi. Agar rostdan ham shunday bo‘lsa, mamlakatdagi keng ko‘lamli ish tashlashlar Netanyahu siyosatiga qanchalik ta’sir qildi?
Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovning so‘zlariga ko‘ra, Isroilda urushning borishi, asirlarning ozod etilmayotgani borasida Netanyahuni ayblovchi saylovchilarning ulushi uzog‘i to‘rtdan bir yoki uchdan bir qismni tashkil etishi mumkin. Bu esa katta o‘zgarishlarga olib keluvchi natija emas. Agar Isroil aholisining 50 foizdan ortig‘i norozi pozitsiya bildirganida, vaziyatni joriy hukumat uchun qaltis darajada deb hisoblash mumkin bo‘lardi, deydi u.
“Isroil jamiyati Netanyahuning niyati Falastin bilan kelishish emas, balki ziddiyatni kuchaytirgan holda boshqaruvni saqlab qolish ekanini tushunib, namoyishlarga chiqishmoqda. Lekin u G‘azodagi operatsiyani to‘xtatmaslik va Filadelfiya sarhadlaridagi nazoratni ham o‘z qo‘liga olishni niyat qilgan. Shuningdek, Isroil jamiyatining kattaroq qismi uni qo‘llab-quvvatlashiga ham ishonadi”, – deydi Rabbimov.
Avgust oyi yakunida Misr poytaxti Qohirada bo‘lib o‘tgan, G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar natijasiz yakunlangan edi. Siyosatshunos Bektosh Berdiyevga ko‘ra, Hamas va Isroil kelisha olmayotgan masalalar ro‘yxati qisqa emas.
“Isroilning Hamasga qo‘yayotgan shartlari quyidagicha: yo‘laklar Isroil nazoratida bo‘lishi, Hamasning siyosiy maydondagi o‘rni butunlay tugatilishi va ungacha bo‘lgan davrda barcha asirlarning ozod etilishi kabilar. Shuningdek, G‘azoda Hamasning boshqaruvi butunlay yo‘q bo‘lishi kerak.
Hamas esa Isroildan Rafah va boshqa katta shaharlardan o‘z qo‘shinlarini olib ketishni, G‘azoga gumanitar yuklar kirib kelishiga to‘sqinlik qilmaslikni, Isroil tomonidan qo‘lga olingan Hamas a’zolari va fakastinliklarni butunlay ozod qilish, Filadelfiya sarhadlarini Falastin nazorati ostida qoldirish kabi shartlarni qo‘ymoqda. Bu singari shartlar Isroil va Hamas muzokaralarini boshi berk ko‘chaga olib kirib qo‘ydi”, – deydi tahlilchi.
Urush o‘tgan yili 7 oktyabrda boshlangan bo‘lsa, joriy yil 2 sentyabrdagi namoyishlar shu o‘tgan davrdagi eng yirigi bo‘ldi. Bir necha yuz ming isroillik qatnashgan aksiyalar Quddus, Tel-Aviv, Kesariya kabi shaharlarni qamrab oldi.
Kamoliddin Rabbimovga ko‘ra, o‘tgan yilning oktyabr voqealaridan keyin butun dunyoda va Isroilning ichida ham Netanyahu hukumatiga salbiy qarash kuchayib bormoqda. Agar bu holat shunday davom etadigan bo‘lsa, Netanyahuning saylovlarda yutib chiqish imkoniyati keskin pasayadi.
“Chunki u ikki xil o‘yin qilmoqda. Birinchisi, urush kabinetini ushlab turish orqali eskalatsiyani kuchaytirish, ikkinchisi, Falastin davlatiga imkoniyat bermaslik uchun harakatlarni amalga oshirish. Netanyahu kelishuvlarni istamayotgani uchun ham o‘tgan hafta 6 ta asir tunnel yaqinida o‘ldirildi. Agar Hamasning shartlari bajarilsa, Falastinning siyosiy obro‘si oshib ketishi mumkin, Netanyahu esa buni istamaydi”, deydi u.
Har ikki tomon muzokaralarda qat’iy pozitsiyada turgan masalalardan biri – G‘azo-Misr chegarasidagi Filadelfiya yo‘lagi va G‘azo sektorini ikkiga bo‘lib qo‘yuvchi Netzarim yo‘lagi bo‘lmoqda. Isroil bosh vaziri bu yo‘laklardan qo‘shinlarini olib chiqmasligini bildirgan.
“Isroilning asosiy maqsadi – asirlarni qutqarish emas, uning asosiy maqsadi G‘azoni egallash. Hamasning Filadelfiya yo‘lagi ustidan nazorat Isroilda qolishiga qarshilik qilishining sababi – bu yerda G‘azo va Misrni bog‘lovchi yerosti tunnellari mavjud. Misr rasmiy bayonotida bunday tunnellar mavjud emasligi, chegarani mustahkam qo‘riqlayotganini ta’kidlayapti. Isroil Sinay yarimorolidan G‘azoga katta hajmda qurol-yarog‘ va oziq-ovqatlar olib kirilyapti, deb hisoblaydi.
Netzarim yo‘lagi esa shundoq ham aholi eng zich bo‘lgan G‘azoni ikki bo‘lakka ajratib qo‘yish degani”, – deydi Bektosh Berdiyev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, harbiy bazalardan iborat Netzarim yo‘lagida 1972 yildan boshlab Isroil tomonidan O‘rtayer dengiziga chiqish uchun infratuzilma yaratilgan.
“2005 yil Isroil Falastindan chiqib ketayotganida, bu yo‘lakni Falastinga bergan edi. Lekin Isroil keyinchalik ham bu yo‘lak ustidan nazorat o‘rnatishni xohlagan va unga erishgan ham. Bu yerdan G‘azo sektorining ikki tomoni kaftdek ko‘rinib turgani uchun ham Isroil bundan G‘azoga hujum qilish maydoni sifatida foydalangan. Isroilning bu yerni nazoratga olishdagi asosiy maqsadi – shimoliy va janubiy G‘azoni bir-biridan ajratib turish, savdo-iqtisodiy yo‘lak sifatida foydalanish va ikki tomonning nazoratini ushlab turish”, – deydi siyosatshunos.
Urushni o‘rganish instituti ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yil iyul oyi holatiga, Isroil yo‘lakning kengligini 2 kmdan 4 kmga yetkazgan.
NormuhammadAli Abdurahmonov tayyorladi.
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Qozog‘iston Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli harbiy va fuqarolik obyektlari xavfsizligini kuchaytirdi
Zelenskiy Putin borasida bayonot berdi: “Tinchlikni istaganlar yuziga tupurmoqda”
Italiya sudi Quddus Isroil poytaxti emasligi haqida qaror chiqardi
2026 yilda bo‘lajak mundialning favoritlari reytingi taqdim etildi
Putin Ukrainadagi obyektga ballistik raketa zarbasi berilganini e’lon qildi
Befoyda va qimmat: shifokorlar tavsiya etmaydigan 5 turdagi biologik faol qo‘shimchalar
O‘mon sultonligi elchisi: «Urushlarni harbiy kuch bilan hal qilib bo‘lmaydi»