15:40 / 14.09.2024
28

Moldovada mansabdorlar rossiyaliklarga noqonuniy ravishda yashash uchun ruxsatnoma bergan

Moldovada mansabdorlar rossiyaliklarga noqonuniy ravishda yashash uchun ruxsatnoma bergan
Foto: AP
Moldova Ichki ishlar vazirligining Ichki xavfsizlik va korrupsiyaga qarshi kurash xizmati (SPIA) rossiyaliklarga noqonuniy ravishda yashash uchun ruxsatnoma yoki mamlakat fuqaroligini olishga yordam bergan davlat xizmatchilari ishtirokidagi guruh aniqlangani haqida xabar berdi. Bu haqda 13 sentyabr, juma kuni idora Facebook'da ma’lum qildi.

Tekshiruv shuni ko‘rsatdiki, xizmat narxi 3 mingdan 10 ming AQSH dollarigacha bo‘lgan va undan Rossiya tomonidan sanksiyalardan yoki harbiy xizmatdan bo‘yin tovlamoqchi bo‘lganlar foydalangan. Qonunbuzarlar migratsiya masalalari bo‘yicha maxsus tashkil etilgan konsalting kompaniyalari orqali harakat qilishgan va «Migratsiya bo‘yicha bosh inspeksiyaning alohida xodimlari» chet elliklarning Moldova fuqaroligini olish yoki tiklash, shuningdek, mamlakatda bo‘lish muddatini uzaytirish uchun pul evaziga arizalarini ma’qullagan, deya tushuntirdi SPIA.

12 sentyabr kuni Moldova huquq-tartibot idoralari ana shunday uchta konsalting firmasi ofislarida, shuningdek, inspeksiyada tintuv o‘tkazdi. Natijada 90 ming dollar va 12 ming yevrodan ortiq mablag‘, shuningdek, buxgalteriya-huquqiy hujjatlar, mobil telefonlar va boshqa ashyoviy dalillar olib qo‘yildi. Hozirda tergov davom etmoqda.

Prezident saylovlari va Moldova yevrointegratsiyasi

Moldovada 20 oktyabr kuni prezidentlik saylovlari va Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tadi. Kuzatuvchilarning qayd etishicha, bu kungi ovoz berish mamlakat kelajagini belgilab beradi.

21 avgust kuni Moldova Markaziy saylov komissiyasi prezidentlikka nomzodlarni rasman ro‘yxatga olishni boshladi. Shu kuni Germaniya kansleri Olaf Shols Kishinyovga tashrif buyurdi. U Berlin Moldovaning Yevropa integratsiyasini qo‘llab-quvvatlashda davom etishiga va’da berdi, mamlakat prezidenti Mayya Sandu esa Germaniya Yevropa Ittifoqining asoschilaridan biri sifatida bu jarayonda muhim rol o‘ynashini ta’kidladi.

Sholsning tashrifi chog‘ida Germaniya va Moldova o‘rtasida migratsiya bo‘yicha shartnomaning kelajakda imzolanishi haqida ma’lum qilindi, hozirda unga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Bu kelishuv Germaniyaga Moldovadan noqonuniy muhojirlarni tezda o‘z vataniga chiqarib yuborish, shuningdek, mamlakatga malakali mutaxassislarni jalb qilish imkonini beradi.

Moldova va Rossiya diplomatlarni o‘zaro chiqarib yubordi

1 avgust kuni Rossiyaning Moldovadagi elchixonasi xodimi persona non grata deb e’lon qilingani ma’lum bo‘ldi. Kishinyov rossiyalik diplomatning mamlakatda diplomatik maqomiga to‘g‘ri kelmaydigan faoliyat bilan shug‘ullangani haqida dalillar borligini ma’lum qildi. Unga «ma’lum vaqt ichida» mamlakatni tark etish buyurilgan. Rossiyaning Moldovadagi elchisi Oleg Vasnetsovning aytishicha, gap harbiy attashe yordamchisi haqida ketmoqda.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi 6 avgust kuni Moskva bunga javoban Moldovaning Moskvadagi elchixonasi xodimini chiqarib yuborayotganini ma’lum qildi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Moldovada mansabdorlar rossiyaliklarga noqonuniy ravishda yashash uchun ruxsatnoma bergan