23:48 / 21.09.2024
45

Telegram turli mamlakatlarning huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlik qila boshladi

Telegram turli mamlakatlarning huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlik qila boshladi
Foto: Getty Images
Telegram messenjer asoschisi Pavel Durov Parijda hibsga olinganidan so‘ng, nafaqat Fransiya, balki boshqa davlatlar bilan hamkorlik qilib, ularning huquq-tartibot idoralari so‘roviga ko‘ra ma’lumotlarni taqdim qila boshladi, deb yozdi Le Figaro.

Qayd qilinishicha, Yevropa Ittifoqi davlatlaridan biri allaqachon yuzga yaqin buyurtma qotillik muhokama qilingan Telegram guruhi so‘rovi bo‘yicha javob olishga muvaffaq bo‘lgan. Janubiy Koreyadan kelgan so‘rov ham javobni kutmoqda.

Fransiyada Telegram voyaga yetmaganlar bo‘yicha milliy politsiya departamenti (OFMIN) so‘rovlariga, shuningdek, jandarmeriya so‘rovlariga javob bergan va ayrim gumondorlarning shaxsini aniqlash imkonini beruvchi ma’lumotlarni taqdim etgan. Gap bolalarga qarshi jinoyatlar haqida bormoqda.

Bahorda OFMIN messenjerda voyaga yetmaganlarga qarshi jinoyatlarning «tez va nazorat qilib bo‘lmaydigan» darajada tarqalayotgani haqida xabar bergan edi. Ba’zi tergovchilar va sudyalarning fikricha, Telegram qurol, giyohvand moddalar, odam savdosi va buyurtma qotilliklari ham sodir bo‘ladigan «jinoyatchilik supermarketi»ga aylangan.

Telegram rahbariyatining odil sudlov bilan munosabatlarini normallashtirishga tayyorligi ko‘plab milliy va xalqaro tergovlarni oldinga siljitish imkonini berishi kerak, deb qayd etadi Le Figaro. Gazetaning yozishicha, yaqin oylarda bu ishga Pavel Durovdan tashqari boshqa odamlar ham jalb qilinishi mumkin.

Pavel Durov 24 avgust kuni Parij aeroportida qo‘lga olingan. Unga uyushgan jinoyatchilikka aloqador qator jinoyatlar, jumladan, giyohvand moddalarni tarqatish va bolalar pornografiyasini tarqatishda ishtirok etish, shuningdek, vakolatli organlar so‘roviga ko‘ra ma’lumot berishdan bosh tortish kabi jinoyatlar bo‘yicha ayblov qo‘yilgan. Bir necha kundan keyin u garov evaziga ozod qilindi.

Politico nashrining xabar berishicha, Durovga nisbatan tergov Telegram rahbariyati Fransiya rasmiylarining bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik holati bo‘yicha so‘roviga javob bermaganidan keyin boshlangan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Telegram turli mamlakatlarning huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlik qila boshladi