23:14 / 23.09.2024
57

Rossiya urush boshlangandan beri 2 mln yosh ishchisidan ayrildi

Rossiya urush boshlangandan beri 2 mln yosh ishchisidan ayrildi
Foto: Sergey Vedyashkin
Ukrainada urush boshlanganidan beri Rossiya mehnat bozori 19 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan 2 million ishchidan ayrildi.

«Ayniqsa, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan guruhlar juda tez qisqarmoqda — bular 19 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lganlardir, ularning soni bu vaqt ichida 2 millionga kamaydi», — deydi HeadHunter bosh direktori Dmitriy Sergiyenkov.

Qayd etilishicha, oxirgi ikki yilda Rossiyada ishchi kuchi soni taxminan 1 million kishiga kamaygan va hozirda 76,3 million kishini tashkil etmoqda. Rossiya iqtisodiyotidagi past mehnat unumdorligining davom etayotgani vaziyatni og‘irlashtiruvchi omillar hisoblanadi. «Deyarli barcha sektorlarda u rivojlangan davlatlar iqtisodiyotiga nisbatan ikki barobarga kam», — deydi Sergiyenkov.

HeadHunter bosh direktorining ogohlantirishicha, kelajakda Rossiyada kadrlar bilan bog‘liq vaziyat yaxshilanmaydi. «Agarda hozir mehnat bozoriga taxminan 2 million mutaxassis yetishmayotgan bo‘lsa, 2030 yilga borib, ushbu raqamlar ikki barobarga oshadi va bu biror bir sezilarli iqtisodiy o‘sishlarsiz ham sodir bo‘ladi», — deydi u.

Joriy yil iyul oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin hukumatdan 2028 yilgacha 1 millionga yaqin mutaxassisni tayyorlash vazifasini topshirgan edi. Bundan tashqari, u kollej hamda texnikumlarning moddiy va texnik bazasini modernizatsiya qilish zarurligi, shuningdek, mehnat bozori talabidan kelib chiqib professional ta’lim tizimini yaratish kerakligini aytgandi.

Mamlakat Markaziy banki tomonidan aprel oyida o‘tkazilgan so‘rovlar korxonalarning 70 foizga yaqinida kadrlar yetishmovchiligi yuzaga kelganini ko‘rsatgan edi. Ta’kidlanishicha, nafaqat malakali mutaxassislar, balki oddiy ishchilar ham yetishmovchiligi kuzatilmoqda. Hukumat hisob-kitobiga ko‘ra, 2030 yilgacha Rossiya iqtisodiyotiga 2,4 million yangi ishchi talab etiladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiya urush boshlangandan beri 2 mln yosh ishchisidan ayrildi