Foto: AFP/Getty Images
AQSH sobiq prezidenti va prezidentlikka nomzod Donald Tramp navbatdagi saylovoldi mitingida iqtisodiyot bo‘yicha ayrim rejalari bilan o‘rtoqlashdi. U g‘alaba qozonsa, AQSHda «sanoat jonlanishi»ga va’da beryapti. Tramp bunga importga yirik tariflar joriy etish va ishlab chiqarishni xorijdan mamlakat ichkarisiga o‘tkazuvchi Amerika kompaniyalari uchun soliq imtiyozlarini berish orqali erishmoqchi.
Donald Tramp Jorjiya shtatining Savanna shahrida bo‘lib o‘tgan mitingda so‘zlagan nutqida, agar u yana prezident bo‘lsa, ishlab chiqarishni AQSHga ko‘chiradigan kompaniyalar uchun «o‘ta past soliqlar va cheklovlarga ega» maxsus federal zonalar yaratishini, biznes uchun qoidalar va tartiblarni soddalashtirishini aytdi.
«Mening rejamga ko‘ra, amerikalik ishchilar boshqa mamlakatlarga ish o‘rinlarining ko‘chishidan tashvishlanmaydi. Aksincha, xorijiy davlatlar Amerikaga ish o‘rinlarini boy berishdan xavotirda bo‘ladi», - dedi sobiq prezident.
Bungacha Tramp Xitoy tovarlariga 60 foiz, boshqa barcha mamlakatlardan importga 20 foiz miqdorida import tariflarini joriy etish rejalari haqida gapirgan edi. Ba’zi iqtisodchilarning fikriga ko‘ra, bunday keskin choralar, birinchi navbatda, mamlakatda narxlarning qimmatlashishiga olib keladi.
Trampning Jorjiyadagi mitingda chiqishidan biroz oldin Kamala Harrisning saylovoldi kampaniyasi ko‘p yillardan beri demokrat nomzodlarni qo‘llab-quvvatlab kelayotgan investor Mark Kuban bilan suhbat o‘tkazgandi.
Kuban Trampning Amerika firmalarining Meksikada ishlab chiqargan mahsulotlariga tariflar joriy etish rejalarini tanqid qilib, bu ularga zarba bo‘lishini aytdi.
2016–2020 yillardagi prezident davrida Tramp Xitoydan import qilinadigan ayrim mahsulotlarga bojlar joriy qilgandi. Bayden ma’muriyati ushbu tariflarning bir qismini saqlab qoldi va ayrimlarini yangiladi. Xususan, elektr transport vositalari uchun bojlar oshirilishi e’lon qilindi.
Sobiq prezident demokratlarni pandemiyadan keyin inflyatsiyaning keskin o‘sib ketganida ayblab keladi. AQSH Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2019 yildan 2023 yilgacha oziq-ovqat mahsulotlari uchun iste’mol narxlari indeksi 25 foizga oshgan. Joriy yildan boshlab narxlarning o‘sishi sezilarli darajada sekinlashdi.
Tramp ham, uning raqibi, amaldagi vitse-prezident Kamala Harris ham saylovoldi kampaniyasining ikkinchi qismida iqtisodiy muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha rejalar haqida ko‘proq gapira boshladi. So‘rov natijalariga ko‘ra, amerikalik saylovchilarni aynan iqtisodiyotning ahvoli ko‘proq xavotirga solyapti.
Harris chorshanba kuni Pensilvaniya shtatining Pittsburg shahrida so‘zlagan nutqida iqtisodiy takliflarning yangi paketini ochishni rejalashtirayotganini aytgandi.
CBC tomonidan o‘tkazilgan so‘rov shuni ko‘rsatdiki, iqtisodni birinchi o‘ringa qo‘yuvchi saylovchilar Trampni Kamala Harrisdan ko‘ra ko‘proq afzal ko‘rishadi – mos ravishda 53 foiz va 47 foiz. So‘nggi oylarda Harris farqni biroz qisqartirdi: avgust oyida bunday saylovchilarning atigi 43 foizi uni yoqlab chiqayotgandi.
O‘tgan oyda Kamala o‘zining iqtisodiyot bo‘yicha ba’zi rejalarini e’lon qilgandi, xususan, uy qurayotgan yoki birinchi marta uy sotib oluvchilarga yordam berish va oziq-ovqat narxining sun’iy ravishda yuqori bo‘lishiga qarshi kurashish. “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
Befoyda va qimmat: shifokorlar tavsiya etmaydigan 5 turdagi biologik faol qo‘shimchalar
Josep Borrel: “Xalqaro jinoyat sudining Netanyaxuni hibsga olish bo‘yicha qarori ijro etilishi shart”
Putin Ukrainadagi obyektga ballistik raketa zarbasi berilganini e’lon qildi
O‘mon sultonligi elchisi: «Urushlarni harbiy kuch bilan hal qilib bo‘lmaydi»
Zelenskiy Putin borasida bayonot berdi: “Tinchlikni istaganlar yuziga tupurmoqda”
Diniy qo‘mita Umra ziyoratini tashkil qilish uchun 12 ta turfirmaga litsenziya berdi