20:46 / 11.10.2024
61

Ispaniya Isroilga qurol eksportini toʻxtatishga chaqirmoqda

Ispaniya Isroilga qurol eksportini toʻxtatishga chaqirmoqda
Foto: AP
Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches xalqaro hamjamiyatni Yaqin Sharqdagi vaziyat keskinlashgani sababli Isroilga qurol eksportini imkon qadar tezroq toʻxtatishga chaqirdi.

Oʻylaymanki, Yaqin Sharqda sodir boʻlayotgan barcha voqealardan kelib chiqib, xalqaro hamjamiyat Isroil hukumatiga qurol eksport qilishni toʻxtatishi zarur”, dedi u Vatikanda Rim papasi Frantsisk bilan uchrashuvdan keyin oʻtkazilgan matbuot anjumanida.

Bosh vazirning soʻzlariga koʻra, Ispaniya hukumati boshidanoq “zoʻravonlik va urush avj olishiga hissa qoʻshmaslik” pozitsiyasiga amal qilgan va 2023 yil 7 oktyabrdan buyon Isroilga birorta turdagi qurol yoki harbiy material eksport qilmagan.

Bundan tashqari, Sanches “xalqaro gumanitar huquqning har qanday buzilishini keskin qoralashini” yana bir bor ta'kidladi. Bosh vazir Isroil Livandagi BMT muvaqqat tinchlikparvar kuchlari shtab-kvartirasini oʻqqa tutganidan alohida xavotir bildirdi.

Payshanba kuni BMTning Livan janubidagi muvaqqat kuchlari (UNIFIL) matbuot xizmati Livan janubidagi tinchlikparvar kuchlarning shtab-kvartirasi va bir qator kuzatuv postlari Isroil tomonidan muntazam ravishda oʻqqa tutilgani, bir necha tinchlikparvar kuchlar jarohatlanganini ma'lum qildi.

1 oktyabrdan beri Isroil Livan janubida “Hizbulloh” kuchlariga qarshi quruqlikdagi operatsiyani olib bormoqda va qoʻshni davlatni havodan bombardimon qilishda davom etmoqda. Bu erda allaqachon 2 mingdan ortiq odam halok boʻlgan. Yoʻqotishlarga qaramay, “Hizbulloh” quruqlikdagi janglarni olib bormoqda va Isroil hududiga raketa hujumlarini toʻxtatmayapti.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo