
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 11 oktyabr kuni Ashxobod shahrida turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firogʻiy tavalludining 300 yilligiga bagʻishlangan «Zamon va tsivilizatsiyalarning oʻzaro bogʻliqligi - tinchlik va taraqqiyot asosi» mavzusidagi xalqaro forumda ishtirok etdi.
Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov raisligida oʻtgan tadbirda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqaev, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Mas'ud Pezeshkiyon, Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Osif Ali Zardariy, Moʻgʻuliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux, Armaniston Respublikasi Prezidenti Vaagn Xachaturyan, xorijiy davlatlar parlamentlari rahbarlari va yuqori martabali vakillari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar boshliqlari ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari oʻz nutqida forumning oʻtkazilishi xalqlarimiz oʻrtasidagi birodarlik va hamjihatlik rishtalarini mustahkamlash, mamlakatlarimizni bir-biriga yanada yaqinlashtirish, boy ma'naviy merosimizni butun dunyoga targʻib qilish yoʻlida ulkan amaliy qadam boʻlishini ta'kidladi.
Maxtumquli Firogʻiyning ijodiy merosi nafaqat Sharq mumtoz she'riyatini, balki jahon adabiyotini ham boyitganligi qayd etildi.
Oʻzbekistonda Maxtumquli ijodi yuksak qadrlanadi. Shoir Xiva shahridagi Shergʻozixon madrasasida tahsil olib, dunyoviy va diniy ilmlarni oʻrgangan. U buyuk oʻzbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiyni chuqur hurmat qilgan.
Joriy yilda Oʻzbekistonda Maxtumquli Firogʻiy tavalludining 300 yilligi keng nishonlanayotgani ta'kidlandi. Anjuman, seminar, adabiy kecha, tanlov, spektakllar va boshqa tadbirlar oʻtkazilmoqda. Oʻzbek va turkman kinoijodkorlari tomonidan shoir haqida hamkorlikda badiiy film suratga olindi.
Oʻzbekiston yetakchisi Turkmaniston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan e'lon qilingan «Xalqaro tinchlik va ishonch yili» doirasida kelgusi yili Ashxobod shahrida global sammit oʻtkazilishini qoʻllab-quvvatladi.
Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov Oʻzbekiston Prezidentiga mazmunli nutq hamda Maxtumquli Firogʻiy xotirasini abadiylashtirish borasida yurtimizda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar uchun minnatdorlik bildirib, davlatimiz rahbari turkman shoiri va mutafakkiri tavalludining 300 yilligi munosabati bilan medal bilan mukofotlanishini ma'lum qildi.
Tadbir nihoyasida forumning yakuniy hujjati qabul qilindi.
Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov O‘zbekiston Prezidenti Mazmunli nutq Maxtumquli Firog‘iy xotirasi Abadiylashtirish Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar