date

Germaniyada Rossiyaga dastgohlar yashirincha etkazib berilgani fosh qilindi

Германияда Россияга дастгоҳлар яширинча eтказиб берилгани фош қилинди
Foto: dpa/picture alliance
Rossiyaga qarshi joriy etilgan sanktsiyalarga qaramay, bu mamlakatga oʻq-dorilar yoki transport vositalari uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarishda ishlatilishi mumkin boʻlgan nemis dastgohlari kelishda davom etmoqda. Bu haqda Germaniyaning SWR telekompaniyasining 10 oktyabr, payshanba kuni bojxona hujjatlari, shuningdek, fotosuratlar va videolar tahlil qilingan surishtiruvida aytiladi.

Rossiya harbiy ishlab chiqarish uchun nemis texnikasini olyapti

2023 yilda Ukrainaga qarshi urushni davom ettirayotgan Rossiya sanktsiyalarni chetlab oʻtib, nemis ishlab chiqaruvchilaridan 300 dan ortiq kompyuterda boshqariladigan avtomatlashtirilgan mashinalarni oldi, deya xabar beradi jurnalistlar bojxona hujjatlariga tayanib. Bunday mashinalar toʻliq avtomatik ravishda, masalan, poʻlatni kesish, metall plitalarni egish yoki metall qismlarni payvandlash imkonini beradi. Material mualliflarining fikriga koʻra, ushbu raqamli dasturiy boshqaruv mashinalarisiz avtomobillar, samolyotlar va oʻq-dorilarni ishlab chiqarishni «deyarli tasavvur qilib boʻlmaydi».

Jurnalistlar Ukraina Iqtisodiy xavfsizlik kengashining katta tahlilchisi Elena Yurchenkoning ma'lumotlariga tayanib, Rossiyadagi raqamli dasturiy boshqaruv mashinalarining 80 foizi hozirda harbiy ishlab chiqarish uchun ishlatilishini bildirdi. «Raqamli dasturiy boshqaruv mashinalari bilan ular juda tez va aniqroq ishlab chiqarishlari mumkin, bu ayniqsa qurol sanoatida juda muhim, bu ularga yanada halokatli qurollarni ishlab chiqarish imkonini beradi. Germaniya esa bu dastgohlarni ishlab chiqarishda etakchi hisoblanadi, uning Rossiya bozoridagi ulush 30 foizgacha», — dedi ukrainalik ekspert.

30 dan ortiq nemis dastgohlar ishlab chiqaruvchi korxonalar mahsuloti RFga etkazib berilmoqda

SWR video va foto materiallardan foydalangan holda aniqlashicha, nemis mahsulotlari Rossiya armiyasini samolyotlar va raketalar uchun dvigatellar va qismlar bilan ta'minlovchi kompaniyalar tomonidan faol foydalaniladi. Bu kompaniyalar orasida «KamAZ», NIR, «Industrialnie resheniya», «Parsek» bor.

Jurnalistlar oʻtgan yili dastgohlari Rossiyaga eksport qilingan 30 dan ortiq nemis ishlab chiqaruvchilarini aniqladilar. Ushbu kompaniyalarning aksariyati oʻzining koʻplab muhandislik firmalari bilan mashhur boʻlgan Baden-Vyurtemberg erida joylashgan. Ular orasida Tyubingendan Walter Maschinenbau, Biberachdan Vollmer, Shvebish-Gmyunddan Fein GmbH, Nyurtingendan Heller va boshqalar bor.

Taxminan uchdan ikki qismdagi holatlarda Germaniyadan uskunalar Turkiya orqali Rossiyaga olib kelingan. Ba'zi turk vositachilari Rossiya Federatsiyasi bilan toʻgʻridan toʻgʻri aloqaga ega, ba'zilariga esa hatto rossiyalik tadbirkorlar tomonidan asos solingan, deya xabar beradi telekompaniya.

Kompaniyalar qonun buzilganini rad etyapti

Nemis kompaniyalari SWR'ga Moskvaga qarshi sanktsiyalarga rioya qilishlarini va ularning dastgohlari Rossiyaga qanday tushib qolganini bilmasliklarini ma'lum qildi. Nemis mashinasozlari uyushmasi firmalar odatda sanktsiyalar qoidalari va qonunlariga rioya qilishini taxmin etdi. «Mavjud qonunchilikka rioya qilmagan kompaniyalar va vositachilar jinoiy javobgarlikka tortilmoqda», — deya qoʻshimcha qildi sanoat uyushmasi telekompaniyaning soʻroviga javoban.

Shu bilan birga, Kiev Iqtisodiyot maktabidan sanktsiyalar boʻyicha ekspert Benjamin Xilgenstok nemis kompaniyalari har doim ham oʻz mahsulotlari qaerga yuborilganini bilmaydi, lekin «tekshirib koʻrishsa, aniq bilib olishlari mumkin», deb hisoblaydi. «Sanktsiyalarni chetlab oʻtish — bu juda foydali biznes, odatda, uchinchi davlatda buni qiladigan va buning uchun yaxshi pul oladigan odam boʻladi», deb tushuntiradi u. Ekspert Germaniya hukumatini kompaniyalarning oʻz mahsulotlarini etkazib berish zanjirlarini nazorat qilish majburiyatlarini kuchaytirishga va sanktsiyalarni chetlab oʻtishga qarshi choralarni qat'iylashtirishga chaqirdi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Germaniyada Rossiyaga dastgohlar yashirincha etkazib berilgani fosh qilindi
-->