07:20 / 14.10.2024
119

Kim Chen Inning singlisi Janubiy Koreyani «dahshatli halokat»dan ogohlantirdi

Kim Chen Inning singlisi Janubiy Koreyani «dahshatli halokat»dan ogohlantirdi
Foto: AP
Shimoliy Koreya yetakchisining singlisi Kim Yo Chjon Janubiy Koreyani yana KXDRga uchuvchisiz uchish apparatlarini yuborgudek bo‘lsa, «dahshatli halokat»dan ogohlantirdi, deb xabar beradi SCMP.

«Koreya Respublikasiga tegishli uchuvchisiz uchish apparatlarining poytaxtimiz uzra yana qayd etilishi shubhasiz, dahshatli halokatga olib keladi. Shaxsan men bunday bo‘lishini xohlamayman», — deydi Kim Yo Chjon.

KXDR Tashqi ishlar vazirining ma’lum qilishicha, Janubiy Koreya 3, 9 va 10 oktyabr kunlari Pxenyanga uchuvchisiz uchish qurilmalarini uchirib, davlatga qarshi matnlar bitilgan «ko‘p sonli» varaqalarni sochgan. Idoradagilar Janubiy Koreya chegarasida joylashgan hujum qurollarini shay holatga keltirish bilan tahdid qilgan.

Janubiy Koreya Birlashgan shtab boshliqlari qo‘mitasi KXDR tomon dronlar uchirilganini rad etgan.

Avvalroq KXDR harbiylari «janubiy chegaralarni qal’aga aylantirish» maqsadida Janubiy Koreyaga eltuvchi barcha avtomobil va temiryo‘llarini yopishga va’da bergandi. Undan oldin esa Janubiy Koreya KXDR yadroviy jangovar kallaklarni ishlab chiqarishga yetarli plutoniy va uranga ega ekanini ma’lum qilgan. Shu bilan birga mamlakat razvedkasining ta’kidlashicha, Shimoliy Koreya yettinchi yadroviy sinovini 5 noyabrda — AQSHdagi prezidentlik saylovlaridan keyin o‘tkazishi mumkin.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Kim Chen Inning singlisi Janubiy Koreyani «dahshatli halokat»dan ogohlantirdi