date
views 74

Prezidentlik poygasi: Tramp Pensilvaniyada diskoteka uyushtirdi, Harris qora tanlilar va lotin amerikaliklar ovozi uchun kurashmoqda

Prezidentlik poygasi: Tramp Pensilvaniyada diskoteka uyushtirdi, Harris qora tanlilar va lotin amerikaliklar ovozi uchun kurashmoqda
Foto: Reuters
Ikki nomzod ham faol saylovoldi kampaniyasi olib bormoqda va bir-birining manziliga ayblovlar yoʻllamoqda. BBC soʻnggi kunlardagi eng muhim voqealarni keltirdi.

ABC News telekanali va 538 sayti oʻtkazgan soʻnggi soʻrovnoma koʻrsatishicha, Harris uchun amerikaliklarning 48 foizga yaqini, Tramp uchun - 46 foiz atrofidagi qismi ovoz berishga tayyor.

Ammo saylovlar taqdiri nomzod saylovchilar orasida koʻproq mashhurligiga emas, balki saylovchi delegatlar soniga bogʻliq, muayyan shtatda koʻp ovoz olgan nomzodga shu shtatdagi ovozlarning barchasi beriladi. Shuning uchun, bor e'tibor nomzodlar orasidagi farq juda kichik boʻladigan ikkilanuvchi shtatlarga qaratilgan.

Hozirda ettita ikkilanuvchi shtatda ham nomzodlar orasidagi farq juda yaqin, shu tufayli poygada aslida kim etakchilik qilayotganini aytib boʻlmaydi.

Soʻrovlar haqida batafsil mazkur havola orqali kuzatish mumkin (u yangi ma'lumotlar kelishi bilan yangilab boriladi).

Tramp «sun'iy urugʻlantirish otasi» ekanini aytdi

Tramp va Harris oʻrtasidagi oxirgi «aytishuv» chorshanba kuni boʻlib oʻtdi.

Ayollardan iborat auditoriya qarshisida chiqish qilgan Trampdan ayollarning oʻz tanalariga egalik qilish huquqini qanday kafolatlashi haqida soʻrashdi. Bu savolga aniq javob boʻlmadi.

Tramp 2016 yilgi saylov kampaniyasi chogʻidayoq ayollarning federal darajadagi abort huquqini bekor qilish uchun AQSh Oliy sudiga oʻz odamlarini tayinlashini va'da qilgandi.

U oʻz soʻzida turadi — va 2022 yilda AQSh Oliysud 1973 yilgi «Rou Ueydga qarshi» ishi boʻyicha tarixiy qarorini bekor qiladi. Qaror AQSh Konstitutsiyasida belgilangan shaxsiy daxlsizlik huquqi ayolning homiladorlikni toʻxtatish imkoniyatini himoya qilishini anglatardi.

Shundan keyin ayollarning abort qilish huquqi AQShning alohida shtatlari tomonidan tartibga solinadigan boʻldi — va ularning ayrimlari koʻp hollarda homiladorlikni toʻxtatishni taqiqlashni joriy qilgan.

2024 yilgi saylov kampaniyasida abort huquqi eng koʻp muhokama qilingan mavzulardan biri boʻlmoqda.

Shundan soʻng, Trampdan ayollarning ekstrakorporal urugʻlantirish texnologiyasidan foydalanish imkoniyati haqida soʻrashdi — va u bunga javoban oʻzini «EKO otasi» deb atadi.

«Biz EKOning haqiqiy tarafdorimiz, biz har jihatdan urugʻlantirish tarafdorimiz va demokratlar bizni tanqid qilishga uringan boʻlsa ham, biz EKO masalalari bilan ulardan koʻra koʻproq shugʻullanamiz, shunday ekan, biz barchamiz buning tarafdorimiz», — deya davom etgan prezidentlikka nomzod.

Fevral oyida Alabama sudi sun'iy urugʻlantirish yoʻli bilan yaratilgan muzlatilgan embrionlar, amalda bolalar ekani toʻgʻrisida qaror chiqarganidan soʻng, EKO saylovoldi kampaniyasidagi muhim muammoga aylandi.

«Donald Tramp oʻzini „EKO otasi“ deb ataydi, u nima demoqchi? — deya darhol savol qoʻydi Kamala Harris X ijtimoiy tarmogʻidagi sahifasida. — Uning abortni taqiqlashi allaqachon mamlakat boʻylab qator shtatlarda bu protseduradan foydalanish imkoniyatini savol ostida qoldirgan, uning saylov dasturi esa EKOga butkul barham berishi mumkin».

Tramp diskoteka e'lon qildi, Harris u sogʻlomligiga umid qilmoqda

Harris va Tramp oʻrtasidagi yana bir sirtqi tortishuv dushanba kuni respublikachilar nomzodining Pensilvaniyada oʻtkazilgan saylovoldi mitingi kadrlari «virus»dek tarqalishi ortidan roʻy berdi. Unda Tramp auditoriyadan kelayotgan savollarga javob qaytarishni toʻxtatgani va buning oʻrniga yarim soat davomida sahnada musiqa ohanglariga raqs tushganini koʻrish mumkin.

«Kelinglar, savollarga boshqa javob bermaymiz. Kelinglar, shunchaki buni musiqa festivaliga aylantiramiz. Savollar kimga ham kerak, shunday emasmi?» — degan Tramp yigʻilganlarning joʻshqin hayqiriqlari ostida.

Tramp Pensilvaniyadagi uchrashuvda savollarga soʻzdan koʻra musiqa yaxshiroq javob berishini aytib, raqs tusha boshladi
Kamala Harrisning shtabidagilar bu holat yuzasidan Trampning xayoli faromush koʻringanini qayd etishgan, Harrisning oʻzi X ijtimoiy tarmogʻida «Umid qilamanki, u bilan barchasi joyida» deya post qoldirgan.

Bundan oldinroq Harris oʻzining tibbiy kartasini e'lon qilgan va Trampni ham shunday qilishga chaqirgandi.

Harrisning soʻzlariga javoban, Trampning matbuot kotibi 78 yoshli nomzodning energiya zaxirasi har qanday siyosatchinikidan koʻproq ekanini aytdi.

Avvalroq Trampning kampaniyasidagilar u «hali siyosat tarixida misli koʻrilmagan darajadagi tigʻiz taqvimdagi faol saylovoldi kampaniyasi olib borayotgani»ni bildirgandi.

Qayd etilishicha, Harrisning kampaniyasida bu qadar koʻp tadbirlar belgilanmagan, chunki u «prezident Tramp kabi bardoshli emas».

Prezidentlikka nomzodlarning salomatligi masalasi demokratlarning Oq uy rahbarligi uchun nomzodi 81 yoshli Jo Bayden boʻlganida kun tartibida turgandi. U aynan shu boradagi xavotirlar tufayli oʻz oʻrnini Harrisga boʻshatib bergandi.

Harris hozircha koʻplab lotin amerikaliklar va qora tanlilarni ishontira olmadi

Ekspertlar Harrisning asosiy siyosiy muammolaridan biri sifatida uning nomzodi lotin amerikaliklar va afroamerikaliklar tomonidan etarli darajada qoʻllab-quvvatlanmayotganini koʻrsatishadi. 2016 va 2020 yillardagi prezidentlik kampaniyalari vaqtida Donald Tramp ularni muvaffaqiyat bilan oʻz tomoniga ogʻdira olgandi.

New York Times gazetasi va Siena markazi oʻtkazgan soʻrovlardan biriga koʻra, Harrisni qora tanli amerikaliklarning 78 foizga yaqini qoʻllamoqda — soʻnggi saylovlarda esa mazkur demografik guruhning 90 foizga yaqini demokratlarga ovoz bergandi. Qoʻllab-quvvatlovdagi bunday pasayish asosan erkaklar fikri tufayli boʻlgan.

Shu bilan birga, New York Times nashri yozishicha, 2016 yilda prezidentlikka demokratlardan nomzodni lotin amerikaliklarning 68 foizi qoʻllagan, 2020 yilda bu koʻrsatkich — 62 foizni tashkil etgan, hozir esa, soʻrovlarga koʻra, ularning faqat 56 foizi demokratlarni qoʻllashga tayyor.

Bu birinchi navbatda iqtisodiy masalalar bilan bogʻliq, demoqda ekspertlar, ammo lotin amerikaliklar va afroamerikaliklarning jamoalari vakillari migratsiya va ijtimoiy masalalarda (siyosiy toʻgʻrilik va erkaklarning jamiyatdagi oʻrni kabi) ham Tramp bilan hamfikr.

Kamala Harris qora tanli tadbirkorlar va media figuralar qoʻlloviga erishish harakatida
Lotin amerikalik va afroamerikalik saylovchilarning kattagina qismi hozirgi hukumat boshqaruvi davrida inflyatsiya hamda kun kechirish narxi oshganidan norozi va «Tramp iqtisodiyoti»ni yaxshi eslaydi.

«Mening jamoamda boshqa lagerga oʻtishga qaror qilgan odamlar koʻp. Koʻpchilik endi faqat iqtisodiy sabablarga koʻra Trampga ovoz beradi, — deydi BBC uchun intervyuda Nevadada yashovchi sobiq respublikachi, bu saylovda Harrisni qoʻllayotgan Diego Aransiviya. — Ular u bilan hech qachon birga pivoxoʻrlik qilmagan boʻlardi, ammo ular unda iqtisodiy koʻtarilish uchun instrumentlar bor deb oʻylashmoqda».

Yana bir muhim masala — bu immigratsiya va chegara nazorati.

Trampning saylovoldi dasturidagi markaziy band doimo chegarada nazoratni kuchaytirish va millionlab noqonuniy muhojirlarni deport qilish va'dasi boʻlib kelgan.

BBC jurnalistlari gaplashgan ayrim qora tanli saylovchilar fikricha, AQShga siyosiy boshpana soʻrab kelgan odamlar va boshqa xorijliklar qora tanlilarning jamoalaridan ular oʻnlab yillar davomida soʻrab kelgan resurslarni olib qoʻymoqda.

Trampning oʻzi buni Amerikadagi lotin amerikaliklar va afroamerikaliklar jamoalariga «katta salbiy ta'sir koʻrsatayotgan» migrantlar «bosqini» deb atadi.

Arizona va Nevada kabi ovozlar muhim boʻlgan shtatlarda lotinamerikalik saylovchilar soni mos ravishda 25 va 20 foizdan, muhim shtatlardan biri Jorjiyadagi saylovchilarning 30 foizini — qora tanlilar tashkil etadi. Shu tufayli, nomzodlar oʻrtasida minimal tafovut boʻlgan taqdirda, aholining aynan shu guruhlari ovozi hal qiluvchi boʻlib chiqishi mumkin.

Dushanba kuni Harris ushbu tendentsiyani oʻzgartirish va bu toifadagi saylovchilarning koʻproq qismini oʻz tomoniga ogʻdirish maqsadida shtabi tomonidan «qora tanli erkaklar uchun imkoniyatlar kun tartibi» deb atalgan takliflar roʻyxatini e'lon qildi.

Bundan tashqari, u muhim shtatlardagi qora tanli tadbirkorlar va mashhur shaxslar bilan uchrashuvlar oʻtkazish niyatida.

Tramp esa, jamoatchilik oʻrtasidagi soʻrovlarga tayangan holda, «qora tanlilar va lotin amerikaliklar orasidagi tarafdorlarimiz toʻlib yotibdi va bu menga yoqadi» deyishda davom etmoqda.

Fox News’ga intervyu

Chorshanba kuni Kamala Harris konservativ Fox News telekanaliga intervyu berib, oʻz raqibi Donald Trampni qoʻllayotgan respublikachi saylovchilarga oʻz soʻzlarini etkazishga harakat qildi.

Fox boshlovchisi Bret Bayer bilan intervyu ancha keskin kechdi. Xususan, Harris bir necha marta boshlovchi gapini boʻlib qoʻyib, yangi savollarni berishni boshlaganida, undan oʻz javobini oxiriga etkazishga qoʻyib berishni soʻradi.

«Mening hokimiyatda boʻlishim Jo Bayden prezidentligi davomi boʻlmaydi va lavozimga kirishadigan har bir prezident kabi men ham oʻz hayotiy va kasbiy tajribalarimni, shuningdek, yangi gʻoyalarimni olib kiraman. Men etakchilarning yangi avlodi vakiliman», — degan 59 yoshli Harris Fox boshlovchisi oʻtgan haftada ABC News uchun bergan intervyusidagi gaplari yuzasidan izoh soʻraganida.

Oʻshanda siyosatchiga oʻz prezidentligi davrida Baydenning toʻrt yilidan nimasi bilan farq qilishi haqida savol berilgandi. «Xayolimga hech narsa kelmayapti», — deya tan olgandi u, keyinroq esa uning prezidentlik ma'muriyatida raqobatchi Respublikachilar partiyasi vakillari ham boʻlishini aytgandi. «Siz boya Jo Bayden va men oʻrtamdagi farqlarni soʻraganmidingiz? Mana shu farqlardan biri boʻladi», — deya qayd etgandi Harris.

Fox jurnalisti uning kampaniyasining saylovoldi shiorlariga e'tibor qaratgan: «oldinga yangi yoʻl» va «sahifani yopish vaqti keldi», shundan keyin Bayden davrida uch yarim yil davomida vitse-prezident boʻlgan Harris qanday sahifani «yopmoqchiligi»ni soʻradi. Siyosatchi esa Donald Trampning «mamlakatni boʻlib tashlash»ga urinishlari haqidagi «sahifani yopmoqchiligi»ni bildirgan.

«Amerika prezidentining kuchi shundaki, u koʻpchilikni ajratadigan narsalardan koʻra umumiylashtiradigan narsalar koʻproqligini biladi», — deya qayd etgan u.

Trampning shtabi vakillari Harrisning Fox News uchun bergan intervyusini halokatli deb atagan.

«Kamala gʻazablangan, mudofaa pozitsiyasini egallagan va yana bir bor amerikaliklar toʻqnashadigan muammolar uchun javobgarlikni oʻzidan soqit qilgan», — degan Trampning matbuot kotibi Kerolayn Livitt.

«Kamala hech narsani oʻzgartirmaydi», — deya yozgan sobiq prezidentning oʻzi oʻziga tegishli boʻlgan Truth Social ijtimoiy tarmogʻida kapslokni bosgan holda.

Washington Post respublikachilarga moyil boʻlgan Fox telekanaliga intervyu berish Harris tomonidan tavakkalchilik boʻlganini qayd etgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Prezidentlik poygasi: Tramp Pensilvaniyada diskoteka uyushtirdi, Harris qora tanlilar va lotin amerikaliklar ovozi uchun kurashmoqda