
Foto: Ura.ru
Rossiya Mudofaa vazirligi 18 oktyabr kuni muzokaralar natijasida Ukraina nazorati ostida boʻlgan hududlardan 95 nafar harbiy xizmatchi qaytarilganini ma'lum qildi. Oʻz navbatida xuddi shuncha harbiy asir Ukrainaga topshirilgan.
Qayd etilishicha, qaytarilgan rossiyalik harbiylarning barchasi Belarusda boʻlib, ularga psixologik va tibbiy yordam koʻrsatilmoqda. Keyinchalik ular RF Mudofaa vazirligi tibbiyot muassasalarida davolanishi va reabilitatsiyasidan oʻtishi uchun Rossiyaga yoʻnatiriladi.
Rossiya tomonining ta'kidlashicha, muzokaralarda BAA ishtirok etgan. Ukraina hukumati hozircha asirlar almashinuvi boʻyicha biror ma'lumot bermadi.
Shuningdek, Ukraina hukumati halok boʻlgan 501 nafar harbiy xizmatchining jasadlarini qaytarib olgan. Ularning 382 nafari Avdeevka yoʻnalishidagi janglarda halok boʻlgan.
Ukrainaning «Topishni istayman» loyihasiga koʻra, Rossiya halok boʻlgan 89 harbiy xizmatchining jasadini qayatib olgan. Ushbu jasadlarning aksariyati ukrain qidiruv guruhlari tomonidan Kursk oblastidan topilgan.
Rossiya va Ukraina bundan oldin 14 iyun kuni halok boʻlgan harbiy xizmatchilarning jasadlarini almashgandi. Davlat dumasi deputati Shamsail Saralievning soʻzlariga koʻra, Rossiyaning Ukrainadagi urushida halok boʻlgan 32 askar jasadi Rossiyaga qaytarilgan. Oʻz navbatida, Ukrainadagi harbiy asirlarni davolash boʻyicha muvofiqlashtiruvchi shtab ukrainalik himoyachilarning 254 jasadi qabul qilib olinganini e'lon qilgan edi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!