21:23 / 21.10.2024
31

Yevropadagi NATO kuchlari «Potemkin armiyasi»ga aylangan — va AQSH qo‘llovisiz Rossiyaga qarshi turolmaydi

Yevropadagi NATO kuchlari «Potemkin armiyasi»ga aylangan — va AQSH qo‘llovisiz Rossiyaga qarshi turolmaydi
Nolan Pennington / U.S. Navy / ZUMA Press Wire / Scanpix / LETA
Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan keyin NATOning Yevropadagi a’zolari Putin rejimi tomonidan tajovuz bo‘lishiga tayyorlana boshlagan. Buyuk Britaniyaning sobiq mudofaa vaziri Grant Sheppsning so‘zlariga ko‘ra, Shimoliy Atlantika alyansi kuchlari «urushdan keyingi» holatdan «urushdan oldingi» holatga o‘tishga e’tibor qaratgan. Ammo ekspertlar so‘nggi o‘n yilliklarda qo‘shinlar va qurol arsenali muntazam ravishda qisqartirilgani, shuningdek, logistika va ishlab chiqarishdagi noto‘g‘ri hisob-kitoblar NATOning jangovar tayyorgarlik darajasi keskin tushib ketishiga sabab bo‘lganidan xavotirda. Bu shuni anglatadiki, Yevropa mamlakatlari Rossiya armiyasining ehtimoliy bosqinini AQSH ko‘magisiz qaytara olmaydi. «Meduza» Bloomberg ning NATOning Yevropadagi mamlakatlari harbiy kuchlari nima uchun «Potemkin armiyasi»ga aylangani va bu davlatlar rahbarlari vaziyatni qanday qilib o‘nglashga harakat qilayotgani haqidagi materialini asosiy mazmunini keltirdi.

Yevropa mamlakatlari ko‘p yillar davomida AQSH himoyasiga tayanib, o‘z qo‘shinlarini qisqartirgan. Ammo endi Vashingtonga ishonib bo‘lmaydi

Yevropada Buyuk Britaniya bilan birgalikda eng yirik harbiy derjava sanalgan Fransiya 1990 yildan 2024 yilgacha o‘z qurolli kuchlari tarkibini 56 foizga qisqartirgan. Hozirda fransuz armiyasi miqdori 203 850 kishini tashkil etadi. Britaniya hukumati ham armiyani qisqartirishda davom etmoqda va 2025 yilga borib uning miqdori 73 ming kishigacha tushadi, bu esa Napoleon urushlari davridan buyon eng past ko‘rsatkich bo‘ladi.

Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazinng Yevropa, Rossiya va Yevrosiyo bo‘yicha bo‘limi direktori Mak Bergmanning fikricha, Germaniya uchun Boltiqbo‘yi mintaqasiga bir necha ming kishilik bitta brigada joylashtirish allaqachon muhim natija hisoblanadi. Fransuz armiyasi shtabi boshlig‘i Piyer Shillning aytishicha, Fransiya 20 ming harbiyni safarbar qilishi uchun oylar ketadi. Britaniya Qirollik mudofaa tadqiqotlari instituti xodimi Mettyu Sevillning so‘zlariga ko‘ra, 20-30 ming kishilik bitta diviziya yig‘ish uchun 30 kundan ortiq vaqt talab etiladi. Taqqoslash uchun, AQSH Maxsus amaliyotlar kuchlari (maxsus topshiriqli qo‘shinlar)ning o‘zida 70 ming nafar harbiy xizmat qiladi, Amerikaning Yevropadagi kontingenti miqdori esa taxminan 80 ming kishini tashkil etadi.

Harbiylar yetishmovchiligi, Rossiya armiyasi bilan ehtimoliy to‘qnashuvga tayyorlanayotgan Yevropadagi NATO davlatlari uchun asosiy muammolardan biriga aylandi. Ayrim yuqori martabali qo‘mondonlar personal taqchilligini majburiy chaqiriq bilan qoplashni taklif qilishdi. Ammo rasmiylar tajribasiz yangi chaqirilganlar professionallar o‘rnini bosa olmasligini ro‘kach qilib, bu g‘oyadan voz kechishdi. 2023 va 2024 yillarda Shvetsiya va Finlandiya NATOga a’zo bo‘lib kirishi alyans kuchlari saflaridagi ta’lim ko‘rgan odamlar taqchilligini qisman yopishga imkon berdi. Ammo, Bloomberg mualliflari Tom Pfayffer va Kristofer Kennon qayd etishicha, armiyaning salbiy imiji va Yevropadagi yosh yigitlar kelajagini harbiy sohada ko‘rishni istamasligi tufayli rekruting bilan bog‘liq muammolar saqlanib qolmoqda.

Flotdagi xodimlar yetishmovchiligi sababli kemalardagi ekipaj to‘liq emas. Natijada ayrim kemalarni foydalanishdan chiqarishga to‘g‘ri kelgan. 2024 yil boshida The Telegraph shunday holatlardan biri haqida xabar qilgani. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Britaniya hukumati Qirollik flotining 11 fregatidan ikkitasini ularda xizmat qiladigan odam topilmagani uchun foydalanishdan chiqargan.

NATO qo‘shinlari holati bilan bog‘liq yana bir muammo budjetga taalluqli. Yevropa mamlakatlari SSSR qulab, sovuq urush yakunlanganidan keyin tizimli ravishda mudofaa sohasi uchun xarajatlarni qisqartirib kelgan. Hukumatlar o‘nlab yillar mobaynida mablag‘larni harbiy budjetdan olib, ijtimoiy islohotlar uchun sarflagan. Bloomberg havola qilgan amerikalik ekspertlar fikricha, bu NATOning Yevropadagi kuchlari «Potemkin armiyasi»ga aylanishiga olib kelgan (Xalqaro siyosiy adabiyotda «Potemkin qishloqlari» ​degan ibora bor. Bu ibora Yekaterina Ikkinchi davrida davlat rahbarining ko‘zini quvontirish uchun knyaz Potemkin podsho o‘tadigan yo‘llarda tezda barpo qilgan «obod qishloqlar»​ edi. Yekaterina Ikkinchi kechda dam olishga yotganda ortdagi «obod qishloq»​ tezda ko‘chirilib, podsho o‘tadigan yangi marshrutda tiklab qo‘yilardi. Izvosh tuynugidan u xushchaqchaq odamlarni, samovarlarda qaynayotgan choylarni, balalayka chalib, raqs tushayotgan xonimlarni, dalalarda toza kiyimlarda «ishlayotgan» ​dehqonlarni ko‘rib quvonardi).

2014 yilda NATO mamlakatlari 2024 yilga borib harbiy-sanoat kompleksiga ajratiladigan xarajat miqdorini o‘z YAIMining 2 foiziga qadar oshirishga kelishib oladi. 2023 yil holatiga ko‘ra, bu shart alyansning 32 a’zosidan faqat 10 tasi tomonidan bajarilgandi. Joriy yilda bu miqdor 23 tagcha yetdi. Ammo, Bloomberg mualliflari yozishicha, NATOning Yevropadagi mamlakatlari harbiy soha uchun jami xarajatlar miqdorini o‘z YAIMining 3,5 foizigacha ko‘tarsa ham, ular baribir bu ko‘rsatkich bo‘yicha AQSHdan ortda qolishadi, chunki Yevropa iqtisodiyoti 2000-yillar oxiridagi global moliyaviy inqirozdan keyin Amerika iqtisodiyotiga qaraganda pasayib ketdi.

2024 yil fevralida AQSH prezidentligiga Respublikachilar partiyasidan nomzod Donald Tramp hokimiyatga keladigan bo‘lsa, harbiy xarajatlarini yalpi ichki mahsulotining ikki foiziga yetkazmagan NATO mamlakatlarini Shtatlarning harbiy himoyasidan mahrum etish bilan tahdid qilgandi. Shuningdek, u Rossiya alyans bo‘yicha majburiyatlarini bajarmayotgan davlatlar bilan «istaganini qilish»ga qo‘yib berishini aytgandi. Joriy yil oktyabrida Bloomberg News muharriri Jon Mikletveyt bilan intervyusida Tramp «ittifoqchilarimiz bizdan dushmanlarimizga qaraganda ko‘proq foydalanadi» deb shikoyat qilgandi.

Ekspertlar respublikachi siyosatchining NATOning harbiy sohaga yetarlicha mablag‘ ajratmayotgan a’zolariga yordam berishni istamasligi kollektiv mudofaa tamoyillariga zid ekanini qayd etishadi. NATO tashkil etilishi to‘g‘risida 1949 yilda imzolangan kelishuvning 5-moddasi alyans a’zolarining kollektiv himoyasiga bag‘ishlangan. Unga ko‘ra, «NATOning Yevropa yoki Shimoliy Amerikadagi bir yoki bir nechta a’zosiga hujum qilish barcha a’zo davlatlarga hujum deb hisoblanadi». Ya’ni NATO a’zolarining biriga hujum tashkilotning barcha a’zolari bilan urush boshlanishini nazarda tutadi.

Bloomberg mualliflari yozishicha, Vashingtonda Yevropa mamlakatlari barcha masalada AQSHga tayanmasdan, o‘z armiyalari va qurol-yarog‘lari holatiga ko‘proq e’tibor qaratishi lozim, deb hisoblaydiganlar Trampning tarafdorlari bilan cheklanmaydi. Amerikalik ko‘plab siyosatchilar va tahlilchilar Xitoy bilan munosabatlarda keskinlik ortishi endi Shtatlarga faqat yevropalik hamkorlar xavfsizligi haqida qayg‘urishga imkon bermaydi. Agar XXR AQSH himoyasi ostidagi Tayvanga tajovuz qiladigan bo‘lsa, Vashington asosiy e’tiborini Sharqiy Osiyodagi mojaroga qaratadi. Bu holatda NATOning Yevropadagi kuchlari Rossiya tomonidan ehtimoliy hujumlardan mustaqil ravishda himoyalanishiga to‘g‘ri keladi.

Yevropalik siyosatchilarning ham ko‘pchiligi o‘z armiyalarini mustahkamlash zarurligi haqidagi fikrga qo‘shiladi. «Agar biz o‘zimizni xavfsiz sezishni istasak, Yevropa siyosiy va harbiy kuchga aylanishi lozim», — degandi 2024 yil aprelida Polsha bosh vaziri Donald Tusk.

Muammolar faqatgina askarlar yetishmasligi bilan bog‘liq emas: muvofiqlashtirish yo‘qligi, logistika yo‘lga qo‘yilmagani va arsenal kamligi ham alyansning Yevropadagi samaradorligini pasaytirmoqda

Bloomberg‘ning yozishicha, NATOning Yevropadagi kuchlari kamayishiga nafaqat armiyadagi va budjetdagi qisqartirishlar, balki mablag‘lar noto‘g‘ri tasarruf etilgani ham sabab bo‘lganini aytadi. Rasmiylar ko‘p hollarda mavjud arsenalning ishchi holatini saqlash o‘rniga, o‘z nufuzini oshirishga urinib, qimmatbaho va yuqori texnologiyali qurollarni xarid qilgan. Ukrainadagi urush esa «primitiv» qurollar ahamiyatini namoyish etib qo‘ydi. Mart oyida NATO razvedkasi yil oxiriga borib Rossiya, katta ehtimol bilan, qariyb uch million artilleriya snaryadi ishlab chiqarishi mumkinligini taxmin qilgandi, bu esa AQSH va Yevropaning birgalikdagi ishlab chiqarish quvvatidan uch baravar ko‘proq.

O‘z armiyalari yomon jihozlangani tufayli Yevropa davlatlari Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatishga doim ham tayyor emas va har bir yetkazmadan oldin uzoq o‘ylashiga to‘g‘ri keladi.

Yana bir muammo shundaki, Yevropadagi harbiy idoralar odatda qurollarni iqtisodiyotga yordam berish va ishchi o‘rinlar yaratish uchun mahalliy ishlab chiqaruvchilarga buyurtma qiladi. Ammo ishlab chiqarish standartlari turli davlatlarda turlicha bo‘lishi mumkin. Shu tufayli, masalan, NATOning bir a’zosi tomonidan ishlab chiqarilgan 155 millimetr kalibrli artilleriya snaryadlari ko‘pincha alyansning boshqa mamlakati ishlab chiqargan qurolga mos kelmaydi.

Kommunikatsiya borasida ham qiyinchiliklar bor: 2024 yil martida ayon bo‘lishicha, Germaniyadagi ayrim bo‘linmalar 1980-yillarda ishlab chiqarilgan va hamkor mamlakatlarning muzokara qurilmalariga mos kelmaydigan, shifrlanmagan ratsiyalar bo‘yicha muzokaralar o‘tkazgan.

Logistikada ham muammolar paydo bo‘ladi: sovuq urush yakunlanganidan keyin NATO mamlakatlari Yevropada zarur bo‘lganda yonilg‘i, oziq-ovqat va o‘q-dorilarni yetkazib berish liniyaarini favqulodda joylashtirish imkonini beradigan infratuzilmalarni saqlab turishni to‘xtatgan. Alyans e’tiborini boshqa qit’alarga qaratdi va Iroq, Liviya, Sudan va Pokistonda logistikani yo‘lga qo‘yishga ko‘p vaqt sarfladi. So‘nggi ikki yillikda NATO qo‘shinlarni yanada mobil qilish va Rossiya bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuv ssenariysiga tayyorgarlik ko‘rish uchun muntazam ravishda mashg‘ulotlar va tekshiruv ishlari o‘tkazmoqda.

Biroq, Putin armiyasiga qarshi zarur bo‘lgan qurollar yo‘qligida logistika yaxshi yo‘lga qo‘yilgani ham yordam berishi dargumon. Bloomberg mualliflari arsenal kamligi tufayli NATOdagi Yevropa kuchlari samaradorligi pastligiga misol sifatida 2011 yilgi voqeani keltirishgan, o‘shanda Amerikaning Tomahawk raketalari Liviyaning havo hujumidan mudofaa tizimlarini yo‘q qilganidan keyingina ittifoqchilarning jangovar samolyotlari havo kengliklarida harakatlana olgandi.

Suvosti kemalari va aviatashuvchilar yetishmasligi Yevropadagi armiyalarga zarur raketalar va samolyotlarni AQSH yordamisiz tashishga imkon bermaydi. Bloomberg yozishicha, Fransiyada ayni vaqtda Rafale rusumli 30 ta samolyotni tashiy oladigan atigi bitta aviatashuvchi bor, Britaniyada — 48 tagcha F-35 qiruvchi sig‘dira oladigan ikkita aviatashuvchi bor, AQSHning Nimitz rusumli aviatashuvchilari soni 10 ta, ularning har birida 69 tagacha havo kemalarini olib yurish mumkin.

Yevropaning ko‘plab kemalari va samolyotlari zarur texnik xizmat ko‘rsatilmasligi, ta’mirlashdagi tejamkorlik va uzoq vaqt davomida foydalanilgani tufayli yomon holatga kelib qolgan. UK Defense Journal tomonidan 2024 yil aprelida oshkor etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, britan flotining atigi 20 foiz qismi jangovar tayyorgarlik holatida edi.

Bloomberg mualliflari fikricha, to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuvda havodagi ustunliksiz Rossiyadan ustunlikka erishib bo‘lmaydi, NATO mamlakatlari orasida esa birgina AQSH Rossiyaning havo hujumidan mudofaa tizimlarini yo‘q qilish uchun zarur bo‘lgan qurol va texnikalarga ega. Birlashgan qirollik mudofaa tadqiqotlari instituti eksperti Jastin Bronk NATO Birlashgan havo qo‘mondonligiga tayanib, Rossiyaga havoda samarali qarshilik ko‘rsatish uchun qurol va texnologiyalar yetishmasligini alyansning asosiy zaifligi deb atagan.

GFR kansleri Olaf Shols mudofaa sohasini mustahkamlash uchun 100 milliard yevro ajratishni va’da qilgani, Polsha qurolli kuchlari kengaytirilgani, Britaniya armiyasiga yangi vertolyotlar va gaubitsalar olingani, Yevropa mamlakatlarining koordinatsiya va ta’minotni yaxshilashga urinishlariga qaramay, NATOning Yevropadagi a’zolari yaqin kelajakda Rossiya bilan ehtimoliy to‘qnashuvga tayyorligini AQSH ko‘magisiz keskin oshira olmaydi, deb hisoblaydi Bloomberg mualliflari. Ayrim tahlilchilar va harbiy idoralarning xodimlari qayd etishicha, alyans a’zolari harbiy xarajatlarini milliy budjetning to‘rt foizigacha oshirsagina, o‘zini yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tahdidlardan himoya qila oladi. Ammo buning uchun hukumatlar kreditlar olishi, soliqlarni ko‘tarishi hamda boshqa sohalardagi tashabbuslarni to‘xtatib turishiga to‘g‘ri keladi. Qolaversa, NATOning ko‘plab a’zolari uchun YAIMning ikki foizini ajratish ham ko‘plik qilmoqda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Yevropadagi NATO kuchlari «Potemkin armiyasi»ga aylangan — va AQSH qo‘llovisiz Rossiyaga qarshi turolmaydi