17:37 / 23.10.2024
52

Argentinada soliq xizmati tugatildi

Argentinada soliq xizmati tugatildi
Foto: AFP
Argentina hukumati mamlakatda soliq xizmati – Davlat daromadlari bo‘yicha federal idora (AFIP) tugatilib, uning o‘rniga “soddalashtirilgan” Daromadlar va bojxona agentligi tashkil etilishini e’lon qildi.

Yangi agentlik soliq yig‘ish va bojxona monitoringi sohasidagi funksiyalarnigina saqlab qoladi. Shtat birliklari soni uchdan bir qismga kamaytiriladi.

Argentina prezidenti ma’muriyatiga ko‘ra, AFIP'ni tugatish “argentinaliklarning iqtisodiy va tijoriy erkinligiga to‘siq bo‘lib kelayotgan keraksiz byurokratiyani yo‘q qilish uchun” kerak.

Prezident matbuot kotibi Manuel Adornining izohlashicha, AFIP uzoq yillar davomida siyosiy tashkilot sifatida faoliyat yuritgan va ko‘plab argentinaliklarni “axloqsiz ravishda ta’qib qilish” bilan shug‘ullangan.

Har bir argentinalikka tegishli bo‘lgan narsa faqat uniki, boshqa hech kimga tegishli emas. Hech bir idoraga argentinalikka o‘z mulki bilan nima qilish kerakligini aytish huquqi berilmasligi kerak”, – degan Adorni.

3000 dan ortiq AFIP xodimlari avvalgi hukumat tomonidan “noqonuniy yollangani” uchun ishdan bo‘shatiladi. Bu esa yiliga 6,4 milliard peso (taxminan 6,5 mln dollar)ni tejash imkonini beradi.

2023 yil dekabrdan Argentina prezidenti sifatida Xaver Miley ish boshlagandi. U saylovchilarga davlatning fuqarolar hayotiga aralashuvini minimal darajaga keltirishga va’da bergan.

Saylovoldi kampaniyasi davomida Miley quyidagi takliflarni ilgari surgandi:

- Markaziy bankni tugatish va milliy valyuta peso o‘rniga AQSH dollaridan foydalanishni boshlash;
- davlat xizmatchilari sonini kamaytirib, shu yo‘l bilan budjet xarajatlarini jiddiy qisqartirish;
- mehnat va ko‘chmas mulk bozorini tartibga soluvchi bir qator qonunlarni bekor qilish;
- barcha davlat kompaniyalarini aksiyadorlik jamiyatlariga aylantirish;
- energiya, suv va transport uchun subsidiyalarni qisqartirish.

Avvalroq, mamlakat milliy valyutasi – pesoning rasmiy kursi 50 foizdan ortiqroqqa devalvatsiya qilingandi. Shuningdek, Argentina razvedka xizmati tarqatib yuborilib, yangi organ tashkil qilingandi.

Miley va uning iqtisodiy qarashlari

Iqtisodchi sifatida sotsialistlar bilan yaqin hamkorlik qilishiga qaramay, Miley mamlakatdagi muammolarning asosiy sababchisi aynan shu mafkura deb hisoblaydi. “Ehtiyojlar cheksiz, lekin resurslar cheklangan”, deydi u.

Miley resurslar tanqisligi muammosini erkin bozor tamoyillari yordamida hal qilish mumkinligiga ishonadi.

Shuningdek, u ham o‘zi tez-tez taqqoslanadigan Donald Tramp singari mamlakat siyosiy elitasini yangilamoqchi. 2018 yildayoq iqtisodiy tahlillarida: “So‘nggi yuz yil ichida siyosatchilar Argentinani boshi berk ko‘chaga tiqib qo‘ydi. Siz keksa odamlar bilan yangi Argentinani yarata olmaysiz”, degan edi.

Mileyning fikricha, Argentinani qutqarish uchun eng birinchi chora milliy valyuta pesodan voz kechish va AQSH dollariga o‘tish kerak. U hukmron siyosatchilar Markaziy bankdan pul chop etadigan mashina sifatida foydalanib kelganini aytadi va bankni yopib, yuqori inflyatsiyaga chek qo‘yish mumkin deb hisoblaydi.

Miley 2000 yillar boshlarida milliy valyutadan voz kechib dollarga o‘tgan Ekvador va Salvadorni misol qilib keltiradi. Ularning bu ishi muvaffaqiyat keltirgan va hozir har ikki mamlakatda inflyatsiya ancha past.

Bundan tashqari, siyosatchi davlatning iqtisodiyot va odamlar hayotidagi roli qanchalik kichik bo‘lsa, shuncha yaxshi, deb hisoblaydi. Shu sababli Miley o‘z saylovoldi targ‘ibotlarida turli vazirliklar va davlat xizmatchilari sonini qisqartirishni va’da qilgan.

Miley birinchi navbatda Xotin-qizlar ishlari vazirligini tugatmoqchiligini aytgandi. “Agar qonun oldida tenglik bo‘lmasa, vazirlik tuzish emas, o‘sha qonunni o‘zgartirish kerak”, degandi Miley.

Uning fikricha, xotin-qizlar uchun alohida vazirlikning tashkil etilishi ayollarni obro‘sizlantiradi va ularning ahvolini hech qanday yaxshilamaydi.

Miley inson o‘z a’zolarini tasarruf etish huquqiga ega, deb hisoblaydi, lekin shu bilan birga u Argentinada 2020 yilda qonuniylashtirilgan abortga qarshi chiqadi.

Dunyoning bir qator taniqli iqtisodchilari Mileyning iqtisodiy islohotlari oddiy yechim sifatida jozibador ko‘rinsa-da, yanada katta halokatlarni olib kelishi mumkin deb hisoblashadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Argentinada soliq xizmati tugatildi