22:55 / 27.10.2024
99

Gurjistondagi saylovlarda rossiyaparast partiya g‘olib chiqdi

Gurjistondagi saylovlarda rossiyaparast partiya g‘olib chiqdi
«Gurjiston orzusi» asoschisi, Rossiya bilan aloqalarga ega bo‘lgan oligarx Bidzin Ivanishvili ekzit-poll natijalaridan keyin tarafdorlari qarshisida chiqish qilmoqda, 2024 yil 26 oktyabr
Giorgi Arjevandze / AFP / Scanpix / LETA

Gurjiston markaziy saylov komissiyasi parlament saylovlarida hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasi g‘alaba qozonganini e’lon qildi. Protokollarning 99,7 foizi hisoblab chiqilganda «Gurjiston orzusi» 54,1 foiz ovoz to‘plagani ma’lum bo‘lgan, bu esa unga parlamentda yakka o‘zi hukumat shakllantirish uchun yetarli bo‘lgan ko‘pchilik o‘rinlarni kafolatlaydi, ammo bu Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish uchun yetarli emas. Parlamentga yana to‘rtta muxolifatchi partiya o‘tgan — «O‘zgarishlar uchun koalitsiya» (10,9 foiz ovoz olgan), «Birlik milliy harakati» (10,1 foiz), «Kuchli Gurjiston», (8,8 foiz), «Gaxariya — Gurjiston uchun» (7,8 foiz).

«Gurjiston orzusi» yirik shaharlarda mamlakatning o‘rtacha ko‘rsatkichidan ham yomonroq natijalarini qayd etgan (Tbilisi — 40 foiz, Batumi — 49,7 foiz, Kutaisi — 47,3 foiz), ammo bu shaharlarda ham birinchi o‘rinni egallagan. Faqat xorijdagi uchastkalarda muxolifat ustun kelgan, xorijdagi saylovchilarning faqat 15 foizi hukmron partiyani qo‘llagan.

Eng yirik muxolif partiyalar natijalarni tan olishdan bosh tortdi. «Birlik milliy harakati» va «O‘zgarishlar uchun koalitsiya» saylov uchastkalari yopilganidan bir necha soat o‘tib saylovlar «o‘g‘irlangani»ni ma’lum qilib, hukmron partiyani «konstitutsion to‘ntarish»da aybladi va 27 oktyabrdan muntazam norozilik aksiyalari boshlashini e’lon qildi. «O‘zgarishlar uchun koalitsiya» keng ko‘lamli soxtalashtirish sxemasini fosh qilganini aytmoqda; tafsilotlar keyinroq ochiqlanishi va’da qilingan. Keyinroq «Kuchli Gurjiston» ham xuddi shunday bayonot bilan chiqdi. Uchala harakat ham qo‘lga kiritilgan deputatlik mandatlaridan voz kechishini bildirgan.

«Gaxariya — Gurjiston uchun» partiyasi yetakchisi Giorgi Gaxariya esa uning partiyasi mandatlardan voz kechishi ehtimoli haqidagi savolga to‘g‘ridan to‘g‘ri javobdan qochib, avvaliga kuzatuvchilarning keng ko‘lamli qoidabuzarliklar haqidagi hisobotini o‘rganish lozimligini aytgan. Shu bilan birga, u ham e’lon qilingan natijalar «gurji xalqi irodasini aks ettirmasligi»ni ta’kidlagan.

«Birlik milliy harakati» yetakchilari matbuot anjumanidan oldin, 2024 yil 27 oktyabr
Vano Shlamov / AFP / Scanpix / LETA

«Gurjiston orzusi»dagilar muxolifatchilarni yutqazishni bilmaslikda ayblagan. «Muxolifatchilarda navbatdagi mag‘lubiyatni tan olish uchun jasorat yetishmadi. Ko‘rib turibsizki, o‘tgan yillar davomida ular biror marta saylovlar natijasini, o‘z mag‘lubiyatini munosib qabul qila olmagan», — degan bosh vazir Irakliy Kobaxidze. U yaqin vaqtlar ichida parlament jarayonlari «mamlakat uchun odatdagi rejimda davom etishi» va «Gurjiston orzusi»ni muxolifatdagilar mandatdan voz kechish-kechmasligi qiziqtirmasligini aytgan.

Kuzatuvchilar ovoz berish jarayonidagi qonunbuzarliklar uning natijasiga ta’sir ko‘rsatganini aytishgan. «Adolatli saylovlar va demokratiya uchun xalqaro jamiyat» (ISFED) ovozlarni sanab chiqish jarayonining o‘zi jiddiy qoidabuzarliklarsiz kechgani, ammo saylovlarni «qo‘rqitish va sotib olishga bo‘lgan keng tarqalgan urinishlar tufali» haqqoniy deb bo‘lmasligi, qonunbuzarliklar «natijalarga katta ta’sir ko‘rsatgani»ni ma’lum qilgan. ISFED kuzatuvchilari uchastkalarning 13 foizida sotib olish holatlarini qayd etishgan, 9 foizida maxfiy ovoz berish sharti yetarlicha ta’minlanmagan, ayrim uchastkalarda qutilarga soxta byulletenlar tashlangan. Shuningdek, My Vote Gurjiston fuqarolik tashkiloti va «Gurjiston yosh huquqshunoslari assotsiatsiyalari» kuzatuv missiyalari ham asosan saylovchilarni ro‘yxatga olish va yashirin ovoz berish bilan bog‘liq qoidabuzarliklarni qayd etgan.

Saylovni kuzatish bo‘yicha Yevropa tarmog‘i (ENEMO) kuzatuv missiyasidagilar esa «muxolifatchilarga nisbatan zo‘ravonlik», ma’muriy resurslardan noqonuniy foydalanish va jurnalistlarga bosim o‘tkazish holatlarini qayd etgan — bularning barchasi «saylov jarayonining demokratik xarakterini sezilarli darajada buzishi» ta’kidlangan.

«Gurjiston orzusi»ni g‘alaba bilan birinchi bo‘lib Vengriya tabrikladi. Ushbu mamlakat bosh vaziri Viktor Orban Kobaxidzega saylov natijalari e’lon qilinmasidan tabrik yo‘llagan, u X ijtimoiy tarmog‘ida shunday xabar qoldirgan: «Gurjiston xalqi o‘z mamlakati uchun nima yaxshiligini biladi va bugun ularning ovoziga quloq solindi!» 27 oktyabr tongida Gurjistonning qo‘shnilari — Ozarboyjon va Armanistondan ham tabriklar borgan. Ilhom Aliyev gurjilar «taraqqiyot, barqarorlik va an’anaviy qadriyatlarni qo‘llab-quvvatlashini izhor qilgani» haqida ta’kidlagan. Rossiya tomonidan hozircha faqat Federatsiya kengashining Xalqaro munosabatlar bo‘yicha qo‘mitasi raisi Grigoriy Karasin fikr bildirdi: u «Gurjiston orzusi»ning g‘alabasi bilan bir vaqtda to‘rt muxolif partiya parlamentga kirgani «mamlakat ichki hayotida faol davr bo‘lishidan darak berayotgani»ni bildirgan. AQSH va Yevroittifoq hozircha rasmiy bayonot bermadi.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Gurjistondagi saylovlarda rossiyaparast partiya g‘olib chiqdi