09:53 / 08.11.2024
61

Tramp Putin bilan gaplashishga tayyorligini aytdi

Tramp Putin bilan gaplashishga tayyorligini aytdi
Foto: Reuters
AQSH Respublikachilar partiyasi a’zosi Donald Tramp prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonganidan so‘ng Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan hozircha muloqot qilmagan, biroq bu sodir bo‘lishini istisno etmayapti. «O‘ylaymanki, biz gaplashamiz», dedi Tramp 7 noyabr, payshanba kuni NBC telekanaliga bergan intervyusida. Uning qo‘shimcha qilishicha, saylovlarning dastlabki natijalari sarhisob qilinganidan beri u «ehtimol» 70 nafar dunyo yetakchilari, jumladan, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan gaplashgan. U Zelenskiy bilan suhbat tafsilotlarini oshkor qilmadi.

Putin ham Tramp bilan gaplashishga qarshi emas

Avvalroq Putin 7 noyabr, payshanba kuni Valday forumida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida AQSHning saylangan prezidentiga qo‘ng‘iroq qilishga qarshi emasligini ma’lum qilgandi. «Men buni qilmayapman, chunki G‘arb davlatlari rahbarlari deyarli har hafta qaysidir bosqichda menga qo‘ng‘iroq qilishdi va keyin birdan to‘xtab qolishdi», dedi u.

Xuddi shu tadbirda Putin Donald Trampni saylangani bilan tabrikladi va Kreml «Amerika xalqi ishonadigan har qanday davlat rahbari bilan hamkorlik qilishga» tayyorligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tramp 2016-2020 yillardagi birinchi prezidentlik muddati davomida «qo‘shimcha qadam tashlashdan, qo‘shimcha so‘z aytishdan» qo‘rqqan, biroq o‘tgan yozgi suiqasd paytida jasorat ko‘rsatgan.

Zelenskiy Tramp bilan «ajoyib» suhbat haqida gapirib berdi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy birinchilardan bo‘lib Donald Trampni AQSH prezidentlik saylovidagi g‘alabasi bilan tabrikladi, deya xabar beradi dpa va Reuters agentliklari. Zelenskiyning o‘zi 7 noyabrga o‘tar kechasi Telegram-kanalida «prezident Tramp bilan ajoyib telefon suhbati o‘tkazganini va uni tarixiy va ishonchli g‘alabasi bilan tabriklaganini» yozdi.

«Biz yaqin muloqotni davom ettirish va hamkorligimizni rivojlantirishga kelishib oldik. Kuchli va qat’iyatli AQSH rahbariyati tinchlik va adolatli dunyo uchun muhim», — deyiladi postda.

«Rossiya hujumidan himoyalanishda Ukraina AQSHning yordamiga bog‘liq, - deb ta’kidlaydi dpa agentligi. - Kiyevda Tramp harbiy yordamni to‘xtatib qo‘yishi mumkinligidan va respublikachi buni Kreml egasi Vladimir Putinga katta imtiyozlar bilan qilmoqchi ekanidan qo‘rqish bor».

Germaniyaning ARD ijtimoiy-huquqiy telekanalining Tagesschau axborot dasturi Kiyevdagi muxbiri Rebekka Bart Zelenskiyning bayonotlarini «AQSH saylovlarida g‘olib bo‘lgan Donald Trampning iltifotini qozonish harakati» deb atadi. Shu bilan birga, Kiyevdagi ko‘plab siyosatchilar Tramp ikkinchi prezidentlik muddatiga saylanganidan keyin Ukraina va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasidagi munosabatlarda «yangi dinamika» bo‘lishiga umid qilmoqda, deya ta’kidlaydi Bart.

Tramp yanvarda Oq uyga qaytadi

5 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan AQSH prezidentlik saylovlarida respublikachi Donald Tramp g‘alaba qozondi. U o‘z shtatlaridagi saylovchilarni ifodalovchi 295 ta saylovchilar kollegiyasi ovozini ta’minladi, g‘alaba qozonish uchun esa 270 ovoz kerak edi. Uning raqibi, Demokratik partiyadan nomzod, AQSH vitse-prezidenti Kamala Harris ochiqchasiga mag‘lubiyatini tan oldi. AQSHning amaldagi prezidenti Jo Bayden hokimiyatni Trampga tinch yo‘l bilan topshirishga va’da berdi.

20 yanvar kuni AQSHning yangi prezidenti inauguratsiyasi bo‘lib o‘tadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tramp Putin bilan gaplashishga tayyorligini aytdi