06:55 / 13.11.2024
36

Angliyada birinchi akkumulatorli poyezd sinovdan muvaffaqiyatli o‘tdi

Angliyada birinchi akkumulatorli poyezd sinovdan muvaffaqiyatli o‘tdi
Foto: Hitachi Rail
Buyuk Britaniyada 700 kVt quvvatga ega bo‘lgan va soatiga 120 kilometr tezlikka chiqa oladigan birinchi akkumulatorli poyezd sinovlari muvaffaqiyatli yakunlandi. Hitachi Rail va TransPennine Express kompaniyalari hamkorligida amalga oshirilgan ushbu loyiha dizel yoqilg‘isi sarfini sezilarli darajada — 50 foizgacha qisqartirib, karbonat angidrid chiqindilarini kamaytirish mumkinligini ko‘rsatdi.

Sinovlar Angliyaning shimoliy qismida 70 kilometrlik yo‘nalishda o‘tkazildi. Unda poyezd to‘liq akkumulator quvvatiga o‘tib, “Eko-rejim”da ishladi. Ishlab chiqaruvchilar akkumulatorning og‘irligi oddiy dizel dvigateli og‘irligiga tengligini ta’kidlamoqda. Bu poyezdlar tuzilishini o‘zgartirmasdan akkumulatordan foydalanish imkonini beradi.

Batareya tizimi poyezdga yo‘lning katta qismida chiqindilarsiz harakatlanish imkonini berdi. Ushbu yechim, ayniqsa, an’anaviy ravishda dizel lokomotivlari qo‘llaniladigan temir yo‘l tarmog‘ining elektrlashtirilmagan qismlarida qo‘l keladi.

Akkumulatorli poyezdlar texnologiyasi infratuzilmani rivojlantirish xarajatlarini kamaytirish imkoniyatlarini yaratmoqda. Hitachi Rail kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, ishlab chiqilayotgan akkumulatorli elektr poyezdlari kontakt tarmog‘isiz 100-150 kilometrgacha masofani bosib o‘tishi mumkin. Bu tunnellar, tog‘li yo‘nalishlar va uzoq hududlar uchun muhim.

Temir yo‘l jamoat transportining eng ekologik toza turi hisoblanadi. Ushbu sinovning muvaffaqiyati millionlab yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatadigan yanada barqaror va qulay tarmoq yaratish uchun yo‘l ochadi”, — dedi Buyuk Britaniya temir yo‘llari vaziri.

Hitachi Rail kompaniyasi Britaniyadagi batareya ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlikda akkumulator texnologiyalarini jadal rivojlantirishni mo‘ljallamoqda. Takomillashtirilgan akkumulatorlar mintaqalararo va shaharlararo poyezdlar uchun mo‘ljallangan bo‘ladi hamda ularning samaradorligi va chidamliligini sezilarli darajada oshiradi.

Ushbu loyiha transportda muqobil energiya manbalariga o‘tish bo‘yicha global sa’y-harakatlarning bir qismi hisoblanadi. Xususan, Shveysariyada yaqinda vodorod poyezdi bir martalik yonilg‘i bilan 2800 kilometr masofani bosib o‘tib, jahon rekordini o‘rnatgandi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Angliyada birinchi akkumulatorli poyezd sinovdan muvaffaqiyatli o‘tdi